Qiz qal'asi faoliyati qayta tiklandi

    Turizm 12 May 2023 1469

    Istanbuldagi afsonaviy Qiz qal’asi puxta qayta tiklash ishlari va bir qancha yaxshilanishlardan so‘ng Turkiya Respublikasining 100 yilligi munosabati bilan yodgorlik va muzey sifatida qayta ochildi.

    Istanbulning Osiyo tomonida joylashgan Kiz kulesi yoki Qiz qal’asi 2021-yilda Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan boshlangan qayta ta’mirlash jarayonining yakunlanishi bilan yana o'z eshiklarini ochdi. Bosfor boʻgʻozida joylashgan minora endilikda yodgorlik muzeyi sifatida faoliyat yuritadi.

    Qiz qal’asi dastlab miloddan avvalgi V asrda hozirgi Uskudar qirg'og'idan 20 metr uzoqlikdagi orolda Bosfor bo'g'ozi orqali o'tadigan kemalarni boshqarish va soliq yig'ish uchun bojxona punkti sifatida barpo etilgan. Ushbu kichik orolda Sharqiy Rim imperatori Manuel Komnenos XII asrda mudofaa inshootini qurishni buyurgan. Tarixiy yarim oroldagi minoradan boshqa minoraga cho'zilgan temir zanjir Bosforning kirish va chiqishlarini nazorat ostiga olgan.

    1453-yilda Sulton Mehmed II tomonidan Istanbul zabt etilgandan so‘ng, bu yerda yog‘och minora qurilgan va keyingi asrlarda kuzatuv minorasi, dengiz mayog'i va karantin hududi bo‘lib xizmat qilgan. Jumhuriyat davrida shaharning port boshqarmasi tomonidan uzoq muddat foydalanilgan minora 1964 yilda Turkiya Mudofaa vazirligiga, 1983 yilda Turkiya dengiz korxonalariga xizmatga topshirilgan. Bu davrda radar stansiyasi va omborxona vazifasini bajargan, keyinchalik u bir muncha vaqt restorant sifatida faoliyat ko'rsatgan mazkur inshootga faqat Uskudar qirg'og'idan qayiqlar orqali borish mumkin.

    Bosfor boʻgʻozining markazida, Istanbulning goʻzalligini namoyish etuvchi Qiz qal’asining shuhratini oshirgan bir qancha afsonalari ham bor. Ulardan keng tarqalgani qirol va uning malika qizi haqida hikoya qiladi. Bir folbin, malika ilon chaqishidan o‘lishini bashorat qilganidan so‘ng, qirol qizini himoya qilish maqsadida suv o'rtasiga Qiz qal’asini qurdirdi. Biroq, malika oxir-oqibat o'z taqdiridan qochib qutula olmadi va qasrga meva savatiga kirgan ilon zahridan vafot etdi.

    Istanbul siluetining diqqatga sazovor joylaridan biri bo'lgan Qiz qal’asi dengizning o'rtasida joylashganligi va ob-havo sharoiti tufayli doimiy ta'mirlashni talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi 2021-yilda “Qiz qal’asi yangidan ko‘zini ochadi” nomli qayta tiklash loyihasini boshladi. Loyiha vazirlik, ekspertlar, akademik olimlar va me’morlar nazorati ostida qayta tiklandi. So'nggi restavratsiya doirasida minoraning tarixiy hujjatlarida mavjud bo'lmagan barcha beton qo'shimchalar asosiy konstruktsiyasidan olib tashlandi. Shuningdek, minora va u joylashgan orol qoziqlar va seysmik izolyatorlar bilan mustahkamlandi.

    Mahalliy aholi va Istanbul mehmonlari har doim ushbu nafis inshootni shaharning bir nechta nuqtalardan tomosha qiladilar. Endi u muzey sifatida qayta ochilganidan so'ng, tashrif buyuruvchilar Qiz qal’asidan turib Istanbulning go'zalligidan bahramand bo'lishlari mumkin.

    Qiz qal’asi haqidagi afsonalar

    Istanbulning ramzi bo‘lgan Qiz qal’asi o‘zining boy tarixi davomida ko‘plab rivoyatlarga sabab bo‘lgan. Keling, bularni ko'rib chiqaylik:

    • Minora haqidagi afsonalarning eng asosiysi, podshoh va uning malika qizi haqida hikoya qiladi. Bu hikoyatga ko‘ra, folbin qizining ilon chaqishi tufayli o‘lishidan ogohlantirilgan podshoh o‘z qizini himoya qilish uchun suv ustiga Qiz qal’asini qurdirib, malikani o‘sha yerga joylashtiradi. Biroq taqdiridan qochib qutula olmagan malika minoraga yuborilgan mevali savatga yashiringan ilondan zaharlanib vafot etadi.
    • Yana bir afsona Hero va Leandrosning sevgisiga asoslangan. Afrodita ziyoratgohida ruhoniy bo'lgan Leandros Heroni ko'rish uchun har kecha dengiz kechib qal’a atrofida suzadi. Biroq, bir kuni bo'ron ko'tarilgach, minoradagi yorug'liklar so'nadi va Leandros yo'lini yo'qotib cho'kib ketadi. Og'riq va yo'qotishlarga dosh bera olmagan Hero ham o'zini suvga tashlab o'z joniga qasd qiladi. Aslida Chanoqqal'ada bo'lib o'tgan bu afsona XVIII asrda yevropalik sayohatchilar tomonidan Istanbuldagi Qiz qal’asi uchun moslashtirilgan. Shu sababli, Qiz qal’asi Tour de Leandre yoki Leandre minorasi sifatida ham tanilgan.
    • Istanbulning go'zalligini namoyish etuvchi “go'zal qiz” sifatida Bosforning o'rtasida joylashgan Qiz qal’asi ko'plab serial va filmlarda ham suratga tushgan va hali hamon tbu holat davom etmoqda. Ko‘plab turk seriallaridan tashqari, Qiz qal’asi jahon miqyosidagi muhim kinokartinalarning turli sahnalarida aks etgan. Bunga Jeyms Bondning mashhur "Dunyo yetarli emas" va "Rossiyadan mehr ila" filmlari va 2007 yilgi "Hitman" jangovar filmi misol bo'la oladi.

    Qiz qal’asini qayta tiklash jarayoni haqida ma'lumot

    Miloddan avvalgi 410-yillarga oid Istanbulning ramziy inshootlaridan biri boʻlgan Qiz qal’asini qayta tiklash ishlari Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan 2021-yil sentabr oyida boshlangan edi. Qayta tiklash ishlarining umumiy maqsadi binoga keyinroq qo‘shilgan va binoning asl xarakteriga mos kelmaydigan qo‘shimchalarni tozalash va uni asl detallariga qaytarish edi. Qayta tiklash soha mutaxassislari Prof.Dr.Zeynep Ahunbay, Prof.Dr.Feridun Chili va Xan Tumertekin nazorati ostida amalga oshirildi.

    Istanbul Texnika Universiteti va Fatih Sulton Mehmet universiteti tomonidan tayyorlangan hisobotlar, maslahat kengashining fikrlari va Istanbul 6-sonli Madaniy merosni muhofaza qilish kengashi tomonidan tasdiqlangan loyihalar asosida qayta tiklash ishlari boshlandi.

    Qiz qal’asi haqidagi barcha tarixiy ma'lumotlar, restavratsiya ishlarida amalga oshirilgan islohotlar va boshqa turli ma'lumotlarga oid batafsil ma'lumotlar va hisobotlar www.kizkulesi.gov.tr ​​veb-saytida jamoatchilikka taqdim etildi.

    • Qiz qal’asini qayta tiklash tarixiy bino va atrof-muhit zaminida taxminan 1800 kvadrat metrlik orol maydonida amalga oshirildi. Qayta tiklash ishlari 1 va 2-bosqichlar doirasida 570 kun davom etdi.
    • 150 kishilik xodimlar bilan olib borilgan qayta tiklash ishlari, orolning qiyin sharoitlariga qaramasdan, mutaxassis texnik xodimlar, qurilish texnikasi va dengiz transporti vositalari yordamida amalga oshirildi.
    • O‘zining uzoq tarixi davomida ko‘plab ta’mirdan o‘tgan Qiz qal’asi 1944-yilda yog‘och materiallar bilan yangilangan edi. Ushbu ta'mir davomida beton va sement uchun ishlatiladigan tuzlar va boshqa kimyoviy moddalar binoga zarar yetkazdi va yoriqlar paydo bo'ldi.
    • 1999-yildagi zilziladan so‘ng minoraning tashqi devorlariga po‘latdan o‘zaro mustahkamlovchi elementlar yasaldi va 2000-yillarda binoning restoran funksiyasi uchun tomga qo‘shimchalar qo‘shildi. Biroq bunga qaramay, Qiz qal’asi jiddiy zilzila sodir bo‘lganda butunlay vayron bo‘lishi haqiqati yuzaga chiqdi.
    • Ushbu izlanish natijasida 16 tonna po‘lat va 500 tonna temir-beton binodan chiqarildi. Qal’adagi qoʻshimchalar olib tashlanishi bilan Qiz qal’asi Mahmud II davrida oʻzining asl koʻrinishiga qaytdi.
    • Bundan tashqari, kimyoviy tahlillar, georadar tasvirlash tizimlari, lazerli skanerlar va boshqalar yordamida binoning statik muammolari aniqlandi va mustahkamlash ishlari amalga oshirildi. Masalan, georadar ishlari davomida bo'shliqlar kuzatilgan asl devorlar in'ektsiya usuli bilan mustahkamlandi.
    • Binoning tarixiy asosiy devorlari zanglamaydigan po'latdan yasalgan ko'rinmas tirgaklar bilan mustahkamlangan.
    • Bayroq ustunining balkon qavatidan boshlanib, gumbazning yuqori sathigacha bo‘lgan qismi va balkon qavati metalldan yasalgan.
    • Qal’a hovlisida tashrif buyuruvchilar uchun minoraga chiqishni ta'minlaydigan yog'och teraslar, yo'laklar va yog'och zinapoyalar qurildi.
    • Bundan tashqari, to‘lqinlar orol atrofida ilgari qurilgan plombalarga zarar yetkazgani, bugungi kunda ular yetarli emasligi va yoriqlar hosil qilgani aniqlandi. Qoziqlar joylashgan joylar va binoga yaqin bo'lgan joylar kauchuk izolyatorlar bilan to'ldirildi.
    • Qiz qal’asiga boradigan toza suv va elektr tarmoqlari yangilandi.