Unda “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etildi.
Majlisda Qoʻmita aʼzolari, ekspertlar guruhi aʼzolari, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Ombudsman, Advokatlar palatasi vakillari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashining tegishli doimiy komissiyalari raislari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy Kengashlarning davlat hokimiyati vakillik organlari sifatidagi rolini kuchaytirish muhimligiga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yanada samarali modelini yaratish zarurligiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shu nuqtayi nazardan, muhokamada etilgan Qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati yangi Konstitutsiya tamoyillariga muvofiqlashtirilyapti.
Jumladan, hokim va mahalliy Kengash raisi lavozimlari bir-biridan ajratilib, endilikda hokim mahalliy Kengash raisi boʻla olmasligi belgilanyapti.
Qonun bilan viloyat, tuman, shahar hokimi vakolatlari va vazifalariga ayrim oʻzgartirishlar kiritilyapti, unga koʻra hokim oʻz nomzodini koʻrib chiqishda mahalliy Kengashga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi qayd etilyapti.
Shu bilan birga, Qonunda mahalliy Kengash raisi vakolatlari ham kengaytirilishi nazarda tutilgan. “Kengash soʻrovi” va “Kengash tekshiruvi” institutlari joriy etilishi belgilanyapti.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan ushbu Qonun mahalliy davlat hokimiyati organlarining yanada samarali va demokratik tizimini yaratishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Qonun mahalliy Kengashlarning davlat hokimiyati vakillik organi sifatidagi rolini kuchaytirishi, hokimlar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining aholi oldidagi masʼuliyatini oshirishi, hududiy muammolarni yanada samarali hal etishni taʼminlashi qayd etildi.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.