Qo‘qon qadimdan hunarmandchilik, savdo va milliy pazandachilik rivojlangan yirik madaniy markazlardan biri hisoblanadi. Ana shunday noyob gastronomik meros namunalaridan biri bo‘lgan Qo‘qon patiri o‘zining betakror ta’mi, an’anaviy retsepti va tayyorlash texnologiyasi bilan ajralib turadi.
Mazkur non turi aynan o‘ziga xos tayyorlash usuli tufayli bir necha hafta davomida o‘z sifati va ta’mini saqlab qolishi bilan mashhur.
"Qo‘qon patiri"ning geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mahsulot nomi va uni tayyorlashning an’anaviy texnologiyasini huquqiy himoya qilish, sifat standartlarini mustahkamlash hamda Farg‘ona viloyatining gastronomik brendini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: geografik ko‘rsatkich — mahsulotning ma’lum bir hududga mansubligini hamda uning sifati, shuhrati va o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy va ijtimoiy-madaniy omillari bilan chambarchas bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.