Qoraqalpogʻiston: 7 ta tuman hokimliklari hujjatlarida qonun buzilish holatlari aniqlandi

    Raqobat qoʻmitasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 7 ta hokimliklarning qabul qilgan hujjatlarida qonun buzilish holatlari aniqlandi.

    Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Raqobat qoʻmitasi tomonidan 2024-yilning I-yarim yilligi davomida 11 ta tuman hokimliklarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari yuzasidan jami 15 mingdan ortiq normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar yuzasidan oʻrganishlar olib borildi.

    Mazkur oʻrganishlar jarayonida, Amudaryo, Chimboy, Kegayli, Taxtakoʻpir, Qoraoʻzak, Taxiatosh va Xoʻjayli tuman hokimliklarida 31 ta holatda tovar yoki moliya bozorida faoliyat koʻrsatayotgan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qoʻyadigan imtiyozlar, preferensiyalar, yengilliklar va eksklyuziv huquqlarni asossiz ravishda berish, shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish va raqobatni cheklashga hamda isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitilishiga olib keluvchi boshqa turdagi hujjatlar chiqarilishi natijasida “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasi birinchi qismining 4, 5, 7, 9, 12 va 13 xat boshlari talablari buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.

    Yuqoridagi oʻrganish natijalariga koʻra, 7 ta tuman hokimliklarining bayonnoma va chiqish xatlari “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiqlashtirildi hamda qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritildi.