Qoraqalpoq turizmi rang-barangligi va jozibadorligi bilan sayyohlarni jalb etadi

    Fikr 19 Iyun 2023 2055

    Mamlakatimizda turizm iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Qolaversa, yangi Oʻzbekistonni barpo etishda sayyohlikni rivojlantirish uchun qator ustuvor vazifalar belgilangan.

    Joriy yil 29-mart kuni turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu yil yurtimizga 7 million xorijlik va 15 million mahalliy sayyohni jalb qilish, eksportni 2,5 milliard dollarga yetkazish boʻyicha topshiriq berilgan edi.

    Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari va talabalari tomonidan Qoraqalpogʻistonning Taxtakoʻpir, Xoʻjayli va Ellikqalʼa tumanlarida izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Avvalo, OTMga biriktirilgan tumanlardagi sayyohlik obyektlari, yaʼni Ellikqala tumanidagi 21 ta, Xoʻjayli tumanidagi 13 ta va Taxtakoʻpir tumanidagi 14 ta sayyohlik manzilining kontenti yaratildi. Sohani rivojlantirishga taʼsir qilayotgan omillar tahlil qilindi. Oʻrganilayotgan sayyohlik obyektlari boʻyicha tsuetravel.com platformasi ishga tushirilib, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli va Ellikqalʼa tumanlarining turizm kontentlari joylashtirilmoqda.

    Mahalliy turizm tashkilotlari bilan hamkorlikda ushbu tumanlarga sayyohlarni keng jalb qilish va ularni hududda 4-5 kun mobaynida olib qoladigan jozibador va qiziqarli 12 ta turizm paketi ishlab chiqildi.

    Shu yilning 1-2-iyun kunlari Ellikqalʼa tumanida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan “Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida “Sahro sadosi” yoshlar festivali oʻtkazildi. Festival oʻtkaziladigan joylar sifatida tumandagi Aqchakoʻl, Ayozqalʼa va yoshlar oromgohi kabi obyektlar tanlab olindi. Tadbir davomida turli sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual oʻyini, milliy oʻyinlar, qoraqalpoq milliy taomlari, milliy kuy-qoʻshiqlar, rasm chizish bellashuvlari oʻtkazildi. Ularga mahalliy aholi bilan birga xorijlik sayyohlar ham jalb qilindi.

    Taxtakoʻpir, Xoʻjayli va Ellikqalʼa tumanlarida faoliyat yurituvchi gid-tarjimon va ekskursiya yetakchilari uchun sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatish, jumladan, oʻzini tutishi, nutq va kiyinish madaniyati, turizm obyektlari toʻgʻrisidagi axborotlarni bilish va ularni sayyohlarga yetkazish, ziyorat odobi, ziyorat obyektlarida ekskursiyaga olib borishning uslubiy asoslari, diniy maskanlarda ekskursiya oʻtkazish texnikasi va tarbiyaviy ahamiyati borasida batafsil maʼlumot beradigan uslubiy qoʻllanma ishlab chiqildi.

    Universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan 5 ta ixtisoslik egalari uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari oʻquv rejalari va dasturlari ishlab chiqildi. Shu asosda Taxtakoʻpir, Xoʻjayli va Ellikqalʼa tumanlaridagi turizm va servis xodimlari malakasini oshirish, mahalliy aholini turizm sohasiga jalb qilish orqali bandligini taʼminlash maqsadida seminar-treninglar oʻtkazilmoqda.

    Tadqiqotlar natijasida turizm sohasi rivojiga taʼsir qiluvchi qator kamchiliklar aniqlandi. Xususan, ushbu tumanlardagi 17 ta sayyohlik obyekti mavjud sayyohlik yoʻnalishlariga kiritilmagan. Ellikqalʼa tumanida ekologik, agro, ov va sohil turizmi, arxeologik turizm, Taxtakoʻpir tumanida sogʻlomlashtirish turizmi va Xoʻjayli tumanida ziyorat turizmi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayapti. Hududlarning sayyohlik salohiyati jahon axborot tarmoqlarida deyarli targʻib qilinmagan, gid-ekskursovodlar yetishmasligi sababli sayohatchilarga sifatli xizmat koʻrsatish imkoniyati past darajada. Mavjud sayyohlik obyektlari atrofida turizm infratuzilmasi qoniqarli darajada emas.

    Universitet professor-oʻqituvchilari va tadqiqotchilari shu tumanlarda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida marketing tadqiqotlari olib bormoqda. Shu bilan birga, mazkur hududlarda turizm sohasini keng rivojlantirish uchun qator ishlarni bajarish rejalashtirilgan. Jumladan, mahalliy va xorijlik sayyohlarni keng jalb qilish, tumanlarning oʻziga xos xususiyati va tabiiy salohiyatidan kelib chiqib, xalqaro raqslar festivali, xalqaro kreativ blogerlar festivali, xalqaro talabalar forumi, eng kreativ fotosurat tanlovi kabi tadbirlarni oʻtkazish koʻzda tutilgan.

    Turli sohalarda faoliyat koʻrsatuvchi korxona va tashkilotlarning yagona maqsad sari hamkorlikda hamda oʻzaro hamjihat boʻlib klasterlarga birlashishi hududning ichki resurslaridan yanada samarali foydalanish imkonini beradi. Koʻpgina davlatlarning turizm sohasidagi tajribasi shundan dalolat beradiki, klasterlar iqtisodiyotning yuqori samaradorlikka erishishiga xizmat qiladi. Klasterlarni shakllantirish mamlakatda mavjud turizm resurslari hamda afzalliklardan yanada toʻliqroq foydalanishga yoʻl ochadi. Har qanday hudud doirasida turizm klasteri shakllantirilishi soha taraqqiyoti muammolari yechimini topishning taʼsirchan va oʻta zarur usulidir.

    Qolaversa, mamlakatimizda hudud doirasidagi turizm klasterini qoʻllashning ikkita sababi mavjud. Birinchidan, turizm klasteridan foydalanish maʼlum mintaqada turizm sohasini yanada chuqurroq, har tomonlama majmuali tahlil qilish va uning istiqbolini oldindan belgilash bilan bevosita bogʻliq. Ikkinchidan, klasterlarni shakllantirish muayyan hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti doirasida turizmni hamda unga turdosh sohalarni rivojlantirishning mintaqaviy strategiyasini ishlab chiqishni, ularni asoslash hamda amalga oshirishni koʻzda tutadi. Bu jarayonda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mehnat unumdorligi, ish samaradorligi, innovatsion faoliyati, rentabelligi va foydasi hamda raqobatbardoshligi yanada ortadi. Shu maqsadda Taxtakoʻpir, Xoʻjayli va Ellikqalʼa tumanlarida “Qoraqalpogʻistonning 7 ta moʻjizasi” turkumidagi hududiy turizm klasterlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

    Sayyohlik turini koʻpaytirish, bunda ziyorat, arxeologik, ekologik, etno, ishbilarmonlik, sport, gastronomik, tibbiy, taʼlim va ilmiy turizmni rivojlantirish, yangi turizm yoʻnalishlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega. Tumanlarning geografik joylashuvi, ixtisoslashuvi, tarixi, imkoniyatlari va boshqa muhim elementlari oʻrganilib, turizmning turlariga ixtisoslashuvi boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi. Jumladan, Ellikqalʼa tumanida tarix va arxeologiyani sevuvchilar uchun Ayozqalʼa qoʻrgʻoni, Boʻronqalʼa, Burliqalʼa, Dumanqalʼa, Jeldikqalʼa, Kichik Qirqqizqalʼa, Qavatqalʼa, Tuproqqalʼa, Qoʻrgʻoshinqalʼa, Burgutqalʼa, Qoʻyqirilganqalʼa va boshqa joylarga sayohat uyushtirish mumkin. Tuyada hayajonli sayohat qilish va qadimgi Ayozqalʼa xarobalarini ziyorat qilish, Ayozkoʻlda choʻmilish, motorli qayiqda sayr qilish, mahalliy baxshi va jirovlarning ekzotik folklor kuy-qoʻshiqlarini tinglash imkoniyati mavjud.

    Ellikqalʼa tumanida koʻplab diqqatga sazovor tabiiy joylar, oʻsimliklar dunyosi, flora va fauna mavjudligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilishi ekologik va agroturizmni keng yoʻlga qoʻyishga imkoniyat yaratadi. Ushbu tumanda turizmga noqulay mavsumlarda turli tadbirlar, tanlov va koʻrgazmalar, oʻziga xos festivallar, muayyan sohalar boʻyicha olimlar va tadqiqotchilar uchun ilmiy anjumanlar, ommaviy tadbirlar, ishbilarmonlik turizmini tashkil etish maqsadga muvofiq.

    Xoʻjayli shahrining gʻarbiy chekkasida, Koʻhna Urganch shahriga olib boruvchi yoʻlning ikki tomoni boʻylab tepalikda bepoyon qadimgi Mizdaxkan shahri nishonalari joylashgan. Gʻarbiy tepalikda joylashgan qadimiy Mizdaxkan shahri miloddan avvalgi IV-III asrlarda paydo boʻlgan. Shuningdek, hududda Mazlumxonsulu maqbarasi, Xalifa Yerejep maqbarasi, Shamu nabi maqbarasi, Aq Xanaqi majmui va Jumart qassob kabi obyektlar mavjudligi ziyorat va arxeologik turizmni, qoraqaloq xalqining oʻziga xos taomlari gastronomik turizmni, mahalliy xalqning yashash madaniyati, milliy urf-odat va udumlari etnografik turizmni rivojlantirishga asos boʻladi.

    Taxtakoʻpir tumanidagi Aydosqalʼa, Baraktam, Jamanqalʼa, Qoʻrgʻonchaqalʼa, Qoʻshminar, Qilichqalʼa kabi obyektlar arxeologik turizmni, choʻl hududlarida safari, ralli va ekstremal turizmni, Qorateran koʻlida 10 ga yaqin baliq turlari, noyob oʻsimliklar va qushlar mavjudligi ovchilik (baliqchilik), ekologik turizmni, Qorateran koʻlidan 30 metr uzoqlikda bir nechta buloq joylashgan boʻlib, koʻl suvi 8-10oC ni tashkil etsa, buloqlar suvi 23-25oC ni tashkil etishi esa sogʻlomlashtirish turizmini yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

    Turizm sohasi boshqa sohalardan farqli ravishda koʻproq targʻibotni, reklamani talab qiladi. Shu maqsadda Taxtakoʻpir, Xoʻjayli va Ellikqalʼa tumanlariga Avstriya, Indoneziya, Rossiya va Britaniya kabi davlatlardagi hamkorlar, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoq vakillari va blogerlarni jalb qilib, ushbu jarayonlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

    Mamlakatimizning boshqa hududi kabi Qoraqalpogʻistonning ham turizm salohiyatidan toʻliq foydalanish maqsadida qator ishlarni bajarish rejalashtirilgan boʻlib, albatta, bunda soha boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan olim va tadqiqotchilarning amaliyotchilar bilan hamkorligi yuqori natija beradi.

    Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,

    Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori,

    Alisher ESHTAYEV,

    iqtisodiyot fanlari doktori, professor