Mamlakatimizda zabardast ijodkor Gʻafur Gʻulom tavalludining 120-yilligi, dunyo boʻylab esa 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni keng nishonlanayotgan bir pallada millionlar koʻnglini koʻtaruvchi xushxabar tarqaldi: mashhur VVS axborot agentligining “BBC Culture” nashri barcha davrlardagi bolalar adabiyotining eng yaxshi yuzta namunasi roʻyxatini eʼlon qildi. Bu roʻyxatdan millatimizning ardoqli farzandi, akademik Gʻafur Gʻulomning 1936-yilda eʼlon qilingan “Shum bola” qissasi ham oʻrin egallagan.
Biz oxirgi gapda “munosib oʻrin” degan jumlani ongli tarzda qoʻllamadik. Gap shundaki, “Shum bola”ga boyagi roʻyxatning 72-pogʻonasi “munosib koʻrilibdi”. Albatta, badiiy did, estetik dunyoqarash, talab va taklif masalasida birov bilan tortishib, obroʻ orttirib boʻlmasligiga aqlimiz yetadi. Qolaversa, roʻyxatning yuqori oʻrinlaridan joy egallagan fransuz adibi Antuan de Sent Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” qissasi singari betimsol namunalarga ham eʼtiroz boʻlishi mumkin emas. Biroq oʻsha roʻyxatda oldingi oʻrinlarda qayd etilgan koʻplab kitoblarning oʻzbek adibi asaridan har jihatdan ustunmi ekani masalasida jiddiyroq oʻylab koʻrilsa, zarar qilmas edi. Zero, oʻsha asarlarning aksariyati ertak yoxud ertaknamo siyoqqa ega kitoblarki, adabiy janrlar tabiatidan ozgina xabardor kishilar bunday janrlar muallifga qanchalar koʻp imkoniyat va erkinliklar berishini yaxshi tasavvur qilishadi. (Binobarin, oʻzbekning oʻz bolalariga ilingani – yuzlab ajoyib ertaklarini shaxsan men oʻsha asarlardan hech kam koʻrmayman!)
Qolaversa, VVS soʻrov oʻtkazgan 56 davlatdagi 177 nafar ekspertning aksariyati Ovrupa tillari vakillari boʻlishsa, ajab emas. Ular “Alisa moʻjizalar mamlakatida”, “Kichkintoy va tomda yashaydigan Karlson” singari asarlarni ular yaratilgan tilda mutolaa qilganlari holda, “Shum bola”ni tarjimada oʻqiganlari aniq. Eng yaxshi tarjima esa, ustoz Erkin Vohidov topib aytganlaridek, nari borsa, Quyoshni Oyga aylantirishi bor gap...
Biz azbaroyi millatdosh boʻlganimiz tufayligina Gʻafur Gʻulom asari xususida jon tortib gapirayotganimiz yoʻq. Buning sabablari, omillari obdon jiddiy, ancha chuqur. Aytilganidek, yozuvchi “Shum bola” qissasining dastlabki nusxasini oʻtgan asrning 30-yillarida yozib bitirgan. “Uzilgan bir kiprik” nomli maqolamizda taʼkidlaganimizdek, barcha qadriyatlar ostun-ustun qilingan, odamlar bir-biriga yov sinflarga ajratilgan, ogʻa iniga gij-gijlangan, bunyod etmoqdan koʻra buzmoq-yanchmoq urfga aylangan paytlar. Gʻafur Gʻulomlar avlodi misolidagi yosh aqllar, navjuvon qalblar esa oʻziga yoʻl izlaydi, boʻlayotgan talotoʻmlardan mantiq-maʼno qidiradi. Bir otalarning malomat toʻla koʻzlariga, bir dajjol hukumatning qahrli nigohiga duch keladi. Samimiyatiga shubha, begʻaraz niyatiga taʼqib, ichki ijodiy talpinishlariga toʻsiq koʻravergach, chor-nochor umumoqimga qoʻshiladi:
Nechun tushuntira oldim buni gumon eliga,
Hamisha ishqni qiluvchi imtihon eliga,
Ki birni ikki deyib boʻlmagʻay zamon eliga...
Natijada, aslini yurak qobigʻiga yashirib, sirtda “koʻrsatilgan yoʻldan shaxdam yuradi”. Lekin ichki istehzo, oʻzining ustidan ham alamli mazax bir lahza boʻlsin tinchlik bermaydi:
Soʻylab bera boshlayman har xil anekdot,
Yolgʻonlar marjonin ipga teraman.
Bir vaqtlar zavq bilan yod olgan qoʻr-qut,
Hayyom sheʼrlarini oʻqib beraman...
Tillarda “Oh uring, yangi turmush-chun”,
Zehn okurkaday oyoq ostida...
Endi birrov oʻzimizga savol beraylik: oʻtgan asrning 30-yillari boshidayoq hukmron tuzumning asl mohiyatini bu qadar aniq va loʻnda shaklda ifodalab bera olgan ijodkorlar shoʻro adabiyotida koʻpchilik edimi? Shu tufayli ham, Gʻafur Gʻulomlar avlodi xususida mulohaza yuritilganda, bizningcha, ularning tarjimayi holini, oʻsgan muhitini, bir lahza boʻlsin, yoddan chiqarmaslik lozim. Muhitki, faqat ijtimoiy-siyosiy vaziyat, mafkura taʼsirinigina emas, balki ularning bolaligi, shaxsiy taqdiri bilan bogʻliq tafsilotlarni ham.
Agar eʼtibor bersak, bu avlod ijodkorlarining aksariyati asr boshidagi xonavayron mamlakatning nochor oilalarida, “tomiridan qon oldirgan bemor” (Hamza) holiga solingan yurtda koʻz ochdilar. Buning ustiga ularning murgʻak boshiga yetimlik azoblari basma-bas yogʻildi. Agar Oybek (“Bolalik”), Abdulla Qahhor (“Oʻtmishdan ertaklar”) oʻz bolalik davrlari xususida nisbatan kechroq – umrlari poyonida eslovga berilgan hamda hikoyaning jiddiy tarzini ixtiyor etishgan boʻlsa, Gʻafur Gʻulom hali xotiralar yangiligida, taassurotlar sovib ulgurmaganidayoq bu ishga qoʻl uradi. Bayon tarzini ham shunday (adibning oʻz tili bilan aytganda, “gʻafurovskiy”!) tanlaydiki, bundan boshqacha usulni kitobxon tasavvur qilishni ham xohlamay qoladi.
Gʻafur Gʻulom tugʻilgan oilaning taqdiri yodingizdami? Gʻafurjon toʻqqiz yoshida otasidan, oʻn beshga kirib-kirmay onasidan ajraladi. Ukalari va singillari bilan gʻirt yetim qoladi. Yana qanaqa paytda deng? Aytganimizdek, butun dunyoda urushning sovuq nafasi kezib yurgan, oʻlkamizda iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy tanazzul ayni chuqurlashgan, nima bilandir qorin toʻygʻazish, ustga kiyim-bosh topish hayot-mamot masalasiga aylangan yillar.
“Shum bola” qissasining bosh qahramoni – Qoravoy ham shunday ogʻir kunlarda otasidan ayrilgan oʻn toʻrt yoshli oʻspirin. Onasi bir etak bolani boqish uchun tunu kun tinim bilmaydi. Shum bola boʻlsa, tengdoshlariga qoʻshilib, erta tongdan to qorongʻi kechgacha koʻchadan kirmaydi. U – yerga ursa koʻkka sapchiydigan, bir joyda uzoqroq turib qolsa yurakkinasi toriqib ketadigan bolalar xilidan.
Ajoyib kunlarning birida Qoravoy onasini xafa qilib qoʻyganidan xijolat boʻlib, qolaversa, biror oy mehnat qilib pul topib kelish ilinjida “etakni turmaklab, sagʻrisiga bir mushtlab, “hayyo, hu” deb shahardan tashqariga qarab yoʻlga ravona” boʻladi. Uning Toshkent atrofidagi qishloqlarda kechadigan sarguzashtlariga sarguzasht ulanib, darbadarlik yarim yildan ortiq davom etadi. Shu vaqt ichida Shum bola bir-biridan qiziq voqealar ishtirokchisiga, uyushtiruvchisi va jabrdiydasiga aylanadi:
bola koʻrmagan pochchasi oʻzini “sen”lab, ularni “siz”lab boqayotgan “zotdor, tagi koʻrgan”, “sohibchangal” qushlarning tezagi oq boʻlganidan “mantiqiy xulosa chiqarib”, qanotli doʻstlarga qatiq va suzma ichirib, uch kunda harom oʻldiradi;
Tursun pichoqchining oʻgʻli, oʻzidan bir-ikki yosh katta oʻrtogʻi Omon bilan “molu jonni bir, ahdu paymon” qilishib, “katta, ulugʻ safarni moʻljal olishib, choʻli malik” sari ketar ekanlar, oxir-oqibat Sulton oʻgʻri boshchiligidagi kissavurlar changaliga tushishadi;
oʻzini nihoyatda ulugʻ shajaraning davomchisi deb sidqidildan ishonadigan, aslida boʻlsa yolgʻon qasamni suvdek seskanmay ichaveradigan (“Hazrat boʻlsa, oʻzini umr boʻyi oʻlikdan boshqa narsani yuvmagan kishiday qilib koʻrsatishga harakat qilar edi”!) chalasovod kimsa boshchiligida koʻchmanchilar ovulida oʻlik yuvib sharmanda boʻlishadi;
masjid imomining ogʻilxonasida oʻsallab qolgan hoʻkiz oʻrniga soppa-sogʻ eshakni soʻyib qoʻyib (hoʻkiz ham harom qotadi!), rosa kaltak yeydi va hokazo.
Shum bola qayerga bormasin, kim bilan toʻqnashmasin, hamma joyda kattalarning oʻziga bepisand qarashi, qoʻpol muomalasiga duch keladi. Oʻzlarini goʻyo yetimning boshini silaydigan himmatli kishilar qilib koʻrsatadigan turli noinsof kimsalar uning navqiron kuchidan suvtekin foydalanib qolishga urinishadi. Bu ham mayli, shu yosh bolani turli qingʻir, nopok yoʻllarga boshlovchilar ham topiladi. Xususan, yuzlab qalandarlarga yoʻlboshchi boʻlib olib, har gapida qayta-qayta Xudoni tilga oladigan, “Hay, hay, hay, men pul ushlamagayman, dunyo harom...” deydigan ikkiyuzlamachi xast Eshon Qoravoyni toʻgʻridan-toʻgʻri oʻgʻirlik qilishga yoʻllaydi: “Oyoq-qoʻling chaqqongina, epchil yigitsan. Sen ham axir qarab turmasdan, boshqacharoq yoʻl bilan boʻlsa ham tirikchilikning payidan boʻlsang edi, oʻgʻlim... Axir kissa-karmon degan gaplar ham boʻladi. Naqdina pul – ham yengil, ham qimmat, ham yashirishga oson boʻladi. Naqdina boʻlsin, bolam, naqdina boʻlsin...”
Shaharning bir chekkasidagi xaroba uyni nashavand-bangilar yigʻiladigan takyaxonaga aylantirgan Hoji bobo ham oʻzicha xudojoʻylikda boyagi Eshondan qolishmaydi. Biroq uning qilayotgan ishlari Yaratganning aytganlariga mutlaqo teskariligi bilan oʻquvchini hayratga soladi. Ayni shu hujradagi voqealar tafsiloti asnosida ulugʻ adib milliy adabiyotimizda birinchi boʻlib mashʼum hodisa – OLOMON ruhiyatini tasvirlagan, uning yovuz kuchini, tomoshatalabligi-yu masʼuliyatdan nomardlarcha qochish tabiatini bor boʻy-basti bilan talqin etgan edi!
Shunisi muhimki, Gʻafur Gʻulom mana shu nursiz, qabohat va jaholatga toʻla muhitni ham yosh bola nigohi orqali rang-barang mazmunga toʻla holda bizga taqdim etadi. Qissani oʻqir ekanmiz, undagi hodisalar va talqinning qiziqligi, qahramonlar xarakteridagi yorqin jihatlar bizni butunlay oʻziga rom qilib oladi. Garchi, yuqorida aytganimizdek, bosh qahramon duch keladigan odamlarning koʻpchiligi ochkoʻz, xasis, nazari past kimsalar boʻlsa-da, bizning Shum bola bunday kimsalarni bir koʻrishda taniydi, ularning chirkin muhitidan iloji boricha tezroq qutilish yoʻllarini qidiradi va, albatta, topadi! Mana shu pallalarda Shum bolaning naqadar topqir, ziyrak, baʼzan esa, yaxshi maʼnoda chinakam shum bola ekaniga qayta-qayta amin boʻlamiz.
Badiiy asarning qimmati faqat unda tasvirlangan voqealarning qiziq va oʻziga tortuvchanligi bilan emas, balki, birinchi navbatda, ijodkor kashf etgan izhor tili, uning badiiy betakrorligi, shiraliligi bilan belgilanadi. Shu nuqtayi nazardan xorij axborot agentligi soʻroviga javob bergan ekspertlar Gʻafur Gʻulom qissasi tilida qoʻllangan birgina oʻxshatishlarni asliyatda idrok qilganlarida edi, ularning xulosalari ham, yuqorida aytganimizdek, boshqacharoq boʻlishi tayin edi. Mana oʻsha – “gʻafurovskiy” til va uning jozibasidan ayrim namunalar:
“It quvgan tulkidek olazarak Omon menga ergashdi”;
“Sirlangan xumchaga tushgan sichqonday toʻrt tomonga alanglab, oʻzimga bir najot yoʻli qidirar edim”;
“Zinadan chiqqan itdek toʻrt oyoqlab narvonga tirmashib tomga chiqdim”;
“Xotin qozonning qopqogʻini ochdi – baliqday boʻlib, oppoq laganda moshkichiri chiqdi, oʻrtaga qoʻydilar”;
“Qoʻylar xuddi suvga tushgan sichqonday boshlarini koʻtarib suzar edilar”;
“Har ikkovimizning yuragimiz dard tekkan terak yaprogʻiday qaltirab turibdi” va h.k.
Gʻafur Gʻulomning nafaqat bu qissasi, balki butun ijodi davomida yozgan koʻplab sheʼriy va nasriy asarlari ham adibning bolalar hamda yoshlar taqdiriga qattiq qaygʻurgani, jonajon xalqining kelgusi nasllari har jihatdan komil boʻlishi tashvishida jon kuydirganidan yaqqol dalolat beradi. Uning qanchalar bolajon ota, oilaparvar erkak boʻlgani yuzlab satrlarda muhrlanib qolgan:
Oilada muhabbat tuzdan oldin turadi,
Oʻsma ekkan otaman qoshing qaro boʻlsin, deb.
Chunki qosh degani koʻzdan baland turadi,
Boshingga yoqqan yomgʻir koʻzingga tushmasin, deb.
Tavalludiga 120-yil toʻlgan, oʻlmas “Shum bola” qissasi barcha davrlardagi dunyo bolalar adabiyotining eng sara yuz kitobi roʻyxatidan oʻrin olgan Gʻafur Gʻulom ham oʻzi astoydil ixlos qoʻygan ustozlari – Hazrat Navoiy, Bobur Mirzo, Mirzo Bedil, mavlono Muqimiylar singari chin maʼnoda millat bolalarining maʼnaviy padari boʻlish huquqiga egadir, desak, bizni ortiqcha mubolagʻada ayblashmasa kerak.
Rahmon QOʻCHQOR,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti v.b.,
filologiya fanlari nomzodi