Bugun yon-atrofga nazar solsangiz, koʻpchilik insonlarning quloqchinda musiqa yoki audiokitob tinglab ketayotganiga koʻzingiz tushadi. Bu yaxshi albatta. Ammo har narsaning foydali tomoni boʻlgani kabi zarari ham yoʻq emas. Ayniqsa, quloqchindan notoʻgʻri va uzoq vaqt foydalanish salomatlik uchun xatarlidir.
— Sogʻlom quloq aniqlay oladigan eng past tovush 10-15 detsibel, meʼyoriy eshitishning eng yuqori darajasi 25 detsibelni tashkil etadi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Durdona Alimova. — Inson qichqirganda ovoz balandligi 60-65 detsibelga yetib, bu allaqachon bezovtalikka olib keladi. 90 dB yoki undan yuqori tovushlar esa salomatlik uchun xavfli.
Shundan kelib chiqsak, quloqchin orqali 100-120 detsibel oʻlchamdagi musiqa yoki audiokitobni tinglash eshitish qobiliyati uchun chinakam sinovdir.
Insonning qulogʻi tashqi, oʻrta va ichki qismlardan iborat. Tashqi quloq atrofdan kelayotgan toʻlqinlarni qabul qilib, nogʻora pardasiga uzatib beradi. Uning orqa qismida uchta quloq suyakchasi boʻlib, baland tovush taʼsirida ularda toliqish paydo boʻladi va bosh miyaga uzatilayotgan toʻlqinlarning kuchli zarbidan eshitish pasayib boradi.
Sababi inson qulogʻi faqat qisqa muddatli baland tovushlardan himoya qilib, uzoq muddatli shovqin taʼsirida uning ichki qismi bosh miyaga tovushli xabarlarni yetkazolmaydi. Oqibatda eshitishda muammolar kuzatilib, hatto, uning yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, quloqchinlardan muntazam va uzoq muddat foydalanish bosh ogʻrigʻi, xotira susayishi, asabiylik, uyqusizlik, bosh aylanishi kabi muammolarning yuzaga kelishiga sabab boʻladi. Natijada miya tomirlaridagi spazmlar qon bosimining oshishiga olib keladi. Shu bilan birga, ularni tez-tez ishlatish tufayli quloqlarda mum yigʻilib, tiqinlar hosil qiladi.
Quloqchin orqali musiqa tinglash, ayniqsa, bolalar uchun juda xavfli. Sababi ular ertalabdan kechgacha bu moslamani taqib, istalgan ovoz balandligini oʻrnatishlari mumkin. Shu bois 10-12 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarga bunday eshitish vositasida musiqa tinglash tavsiya etilmaydi.
Kattalar esa ushbu moslamadan foydalanganda ovoz balandligini diqqat bilan nazorat qilishi kerak. Eshitish vositalaridan keladigan ovoz qabul qilinadigan darajada yoki yoʻqligini bilish uchun bir necha soʻzni baland tovushda aytish lozim. Agar ovoz eshitilmasa, demak tovushni pasaytirish zarur.
Qolaversa, atrofdagilarga musiqa eshitilmasligi kerak. Agar odamlar bilan muloqotda baqirib gapirish boshlansa, bu ovoz balandligidan darak beradi. Shuningdek, eshitish vositasidan kuniga 1,5 soatdan ortiq foydalanish tavsiya etilmaydi. Tovushni esa 60 foizdan oshirmaslik lozim.
Unutmang, yoʻqotilgan eshitish qobiliyatini tiklash uzoq va ogʻriqli jarayon! Shu bois salomatlikni oʻz vaqtida qadrlang.