Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlatimiz Rahbari tomonidan metan gazi narxlarining asossiz oshirib yuborilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha Raqobat qoʻmitasi, Bosh prokuratura va Energetika vazirligiga bir qator topshiriqlar berildi.
Jumladan, Raqobat qoʻmitasi tomonidan gaz shoxobchalarida sotilayotgan metan gaz mahsulotining narxlarini tezkorlik bilan aniqlash maqsadida idoralararo elektron axborot almashinuvi tizimi orqali onlayn rejimda hamda bevosita joyiga chiqqan holda har bir metan gaz toʻldirish shoxobchasi oʻrganiladi va qoʻllanilayotgan narxlar aniqlanadi.
Qoʻmita tomonidan respublika boʻyicha 1450 ta gaz toʻldirish shoxobchalarida sotilayotgan metan gazining chakana narxlarining dastlabki tezkor monitoringi oʻtkazildi va uning natijalariga koʻra, gaz toʻldirish shoxobchalarining 71 foizida (1 064 ta holatda) 3 750 soʻm narxlar saqlanib qolayotganligi, 25 foizida (370 ta holatda) narxlar 3800-3950 soʻmgacha tashkil etganligi aniqlandi, qolgan 4 foizi ish faoliyatida emasligi aniqlandi.
Bugungi kunda, metan gazi narxlarining keskin oshishiga sabab boʻluvchi omillar mavjud emas, — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, propan gazi mahsuloti narxlari oʻrganilganda 20 foiz gaz toʻldirish shoxobchalarida narxlar 5500 soʻmni, 65 foizida 5500-6000 soʻm oraliqda ekanligi, 5 foizi 6500 soʻm va 10 foizi ish faoliyatida emasligi aniqlandi.
Shu bilan birga, Qoʻmita tomonidan birja savdolarida propan mahsulotining narxlariga taʼsir etuvchi omillar oʻrganilmoqda va ishlab chiqaruvchilar tomonidan narx manipulyatsiyalari va boshqa raqobatga zid harakatlar aniqlanganda ularga nisbatan taʼsirchan huquqiy choralar qoʻllaniladi.