Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan “ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI” AJ tizimidagi “TOSHKENT ISSIQLIK MARKAZI” MCHJning 2021-2023-yillar davomida isteʼmolchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi narxlari (tariflari) shakllanishi va qoʻllanilishi yuzasidan oʻrganish oʻtkazilib quyidagilar aniqlandi.

Mazkur tabiiy monopoliya subyekti tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi narxlari Toshkent shahar moliya organi tomonidan tasdiqlangan boʻlib, unga koʻra har bir Gkal uchun 13,3 m3 suv meʼyorda sarflanishi belgilangan. Qayd etilgan issiqlik energiyasi narxlari (tariflari) boʻyicha haqiqatda qilingan xarajatlar oʻrganilganda har bir Gkal uchun belgilangan meʼyor 14,01 m3ga oshirilganligi aniqlangan. Natijada jamiyat tomonidan suv sarfiga belgilangan meʼyor 0,71 m3ga oshirilib, 4 728,85 ming m3 ortiqcha suv sarflangan, buning oqibatida 2023-yil davomida sotilgan 6 667 124,3 Gkal issiqlik energiyasi hajmiga nisbatan 2,5 milliard soʻmdan ortiq asossiz daromad olinganligi aniqlandi.

“TOSHKENT ISSIQLIK MARKAZI” MCHJning yuqoridagi harakatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktyabrdagi 239 sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 36 bandi yettinchi xatboshisi talablari buzilgan deb topilib, jamiyatga nisbatan oʻrnatilgan tartibda ish qoʻzgʻatildi va natijasi yuzasidan ortiqcha olingan daromadni ixtiyoriy ravishda isteʼmolchilarga qaytarish yuzasidan koʻrsatma berildi.