Kerakli manzilni izlash va topishning bu zamonaviy usuli birgina telefon apparatiga maxsus mobil ilovani yuklab olish bilan amalga oshiriladi.
Bu bir necha kishidan yo'l so'rab, turli ob-havo sharoitida ko'chada sarson bo'lgandan ancha qulay. Shu bois, zamonaviy gadjetlarni yaxshi tushunmayman, degan insonlar ham tez-tez mobil “yo'l ko'rsatkichlar”dan foydalanishga odatlanib ulgurdi. Avvaliga, boshqarish biroz murakkab tuyulgan tizim orqali qisqa vaqtda kerakli ob'ekt to'g'risidagi ma'lumotni ko'rish, geolakatsiyasi (koordinatalir)ni kiritgan holda, dasturda yuklangan xaritada harakat yo'nalishi, masofa, vaqti va boshqa ma'lumotlarni ko'rish mumkin. Telefon ekranida osongina paydo bo'ladigan bu qaydlarning bari o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi, ular fazoviy ma'lumotlarga bog'langan holda amalga oshiriladi.
Bu ma'lumotlar raqamlashtirish va innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida shakllantiriladigan geografik axborot tizimlaridan tortib, veb-portallargacha o'z ichiga oladi. Mazkur soha rivojida so'nggi yillarda yutuqlarimiz sezilarli bo'lsada, axborot tizimlari yagona bazada jamlanmagani, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan tarqoq holda, alohida yuritilishi natijasida ba'zi yo'nalishlarda takrorlanishlar va noaniqliklar yuzaga kelmoqda.
Joriy yilning 23-iyul kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Fazoviy ma'lumotlar to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni ana shunday kamchiliklarga yechim bo'lishi ko'zda tutilgan. 5 bob, 25 moddadan iborat qonun hujjati fazoviy ma'lumotlarni yaratish, qayta ishlash va rivojlantirish hamda ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish normalarini belgilaydi.
Fazoviy ma'lumotlar — fazoviy obyektlar to'g'risidagi, ularning joylashuvi, shakli, xossalari xaqidagi ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. Oddiy qilib aytganda, navigatsiya xaritalari, geoportallar, internet veb-servislarning ma'lumotlar bazasi fazoviy ma'lumotlardan tashkil topadi. Bunda, aero va kosmik suratlar, dronlardan olingan ma'lumotlar, xaritalarda ko'rsatilgan yer, bino-inshoot, yo'llar, daryolar, quvurlar va ular to'g'risidagi qo'shimcha ma'lumotlar fazoviy ma'lumotlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Bugungi kunda iqtisodiyotning barcha sohalarida shu kabi ma'lumotlar shakllantirilib, ular yordamida aholi va tadbirkorlik sub'ektlariga davlat xizmatlari hamda boshqa turdagi xizmatlar ko'rsatilmoqda. Jumladan, fazoviy ma'lumotlar sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilangan O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan Milliy geografik axborot tizimi geoportali yuritib kelinyapti. Maxsus tizimdan 17 ta vazirlik va idoralar mas'ul bo'lgan davlat kadastrlari ma'lumotlari hamda Agentlik tomonidan yaratilgan xarita va ortofotoplanlar joy olgan. Hozirda ushbu axborot tizimi orqali 8 ta vazirlik o'rtasida avtomatlashtirilgan ma'lumot almashinuvi yo'lga qo'yilgan.
Eng muhimi, yuqoridagi Qonun bilan fazoviy ma'lumotlar sohasining asosiy maqsadi, uni yaratish printsiplari va ma'lumotlarining barcha manfaatdor foydalanuvchilar uchun ochiqligi hamda ommaviyligi belgilangan. Mutaxassislar barcha sohalarda tadbiq etilayotgan axborot tizimlarini yaratishda ayni shu jihatlarga alohida e'tibor qaratmoqda. Maqsad — aholi o'zini qiziqtirayotgan ma'lumotlarni ochiq va shaffof olishini ta'minlash.
Yana bir jihat, Qonun bilan Fazoviy ma'lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirishga doir faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida Kadastr agentligi huzurida Fazoviy ma'lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishi ko'zda tutilgan. Fazoviy ma'lumotlar infratuzilmasi ma'lumotlar bazasi o'ziga yarasha katta yo'nalish bo'lib, u barcha turdagi kosmik suratlar va xaritalar, O'zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi, ma'muriy-hududiy va hududiy birliklarning chegaralari, yer uchastkalarining chegaralari, aholi punktlari va ularning ko'cha-yo'l tarmoqlari kabi ko'plab ob'ektlar to'g'risidagi ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. Zamonaviy qurilmalar yordamida ularni shakllantirish natijasida har bir ob'ekt xaritada tasvirlanadi va ushbu ob'ekt to'g'risidagi atributiv ma'lumotlarni ko'rish imkoni yaratiladi.
Qonunchilikda belgilanganidek, huquqiy hujjat 3 oydan so'ng kuchga kiradi va natijada bir qator afzalliklarga erishiladi. Xususan, yagona koordinatalar tizimi va fazoviy ma'lumotlardan foydalangan holda, O'zbekiston Respublikasining yagona fazoviy ma'lumotlar bazasi yaratiladi, 20 dan ortiq vazirlik va idoralar o'rtasida avtomatlashtirilgan axborot almashish tizimi yo'lga qo'yiladi, er ajratish masalalari hamda tabiiy resurslar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa ishlab chiqarish ob'ektlari hisobini yuritishning shaffof mexanizmlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi. Eng asosiysi, fuqarolarga xizmat ko'rsatish sifati ortib, ularni siyosiy jarayonlar va davlat boshqaruviga jalb etish imkoniyati jadallashadi. Bu kabi o'zgarishlar mamlakatimizda biznesning rivojlanishi, qolaversa, O'zbekistonning Duing-biznes ko'rsatkichlarining o'sishiga ham xizmat qiladi.
Ixtiyor ERGASHOV,
Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Kadastr agentligi
boshqarma boshlig'i