Tarixan olganda, millatimiz dahosining shakllanish jarayoni uzoq davom etgan va uning hech bir bosqichi oson kechmagan. Taqdiriga adolatsiz kurashlar, millat oydinlarini yoʻqotish kampaniyalari, turli xil zulmlar koʻrish bitilgan xalqimizni ikki qudratli kuch omon saqlab, buyuk saodatga eltgan, bu — yurtga choʻng muhabbat va birdamlik ruhi.

Hozir eski taqdirni eslaganimiz boisi bor. Gap shundaki, biz tahlikali dunyo deb atayotgan bugungi zamonimizda butkul yangi eʼtiqodlar, xalqaro siyosiy diplomatiya paydo boʻldi.

Bu, bir tomondan, davlatlararo munosabatlarda jangovar salohiyat ruhi, ikkinchi tomondan, geosiyosatda yangilanishga urinishlar, boshqa tomondan, juda tez sodir boʻlayotgan ekologik inqirozlar, xullas, barchasi mamlakatlar oʻrtasidagi hamda mintaqaviy aloqalarda oʻzaro ishonchsizlik hodisasiga zamin yaratmoqda. Bugun dunyodagi tahlika mana shu kabi ishonchsizlik manbalaridan avj olmoqda.

Shunday ekan, tabiiy savol tugʻiladi: bunday sharoit va vaziyatda qanday yoʻl tutmogʻimiz zarur? Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida mana shu savolning javobini batafsil sharxlab, barqaror va daxlsiz rivoj­lanish yoʻlimizning muhim asoslarini belgilab berdi. Shu asosda biz gʻoya va fikr, ruh va axloq tarbiyasini shakllantirishda qanday yoʻl tutmogʻimiz zarurligi haqida muhim xulosalarga keldik.

Bilim va Vatan

Biz yuqorida ikki saodatdan biri sifatida yurtga muhabbat ruhini ayt­dik. Bu dunyoda oʻzgarmas aqidalar va ­eʼtiqodlar bor. Ularning har biri tiriklik mohiyatini anglatadi. Shu ­mohiyat va elparvar tarbiya asosi esa bilim ekanini har birimiz yaxshi bilamiz, albatta.

Hukamolardan biri “Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bogʻliqdur”, deganida haq edi. Biz bu daʼvatni bugungi zamon ruhi bilan bogʻlasak, oldimizda nihoyatda katta masalalar turganiga ishonch hosil qilamiz.

XXI asrga kelib axborot makoni — haqiqiy jang maydoniga aylandi. Gʻoyalar, mafkuralar gʻolibligi, maʼnaviy qurbonlik jangi.

Bu jang qahramonlari ham, jabrdiydalari ham, qurbonlari ham oʻzimiz boʻlishi har birimizni jiddiy tashvishga solmoqda. Bunda yana bir juda muhim haqiqatni aslo unutmasligimiz zarur va shart. Gap shundaki, bugun dunyoda “Yosh avlod ongi uchun jang” ketmoqda. Buni teran anglashimiz, aziz ­farzandlarimizga boʻlayotgan har bir tahdidni oldindan sezishimiz lozim.

Shunday murakkab vaziyatda najot yoʻlini qayerdan izlamogʻimiz kerak, degan tabiiy savol tugʻiladi. Albatta, xavf va tahdidlarning chorasi ham bor. Buning uchun, avvalo, yosh avlod ongiga qanday tashqi tahdidlar xavf solayotganini oʻrganib chiqishimiz kerak boʻladi.

Harakatlardan anglashiladiki, yosh­lar ongiga birinchi taʼsir, bu — gʻoya­viy qaramlikni keltirib chiqarish. Kimgadir gʻoyaviy qaram boʻlsak, boshqaruv ham ularning qoʻliga oʻtishi aniq. Bu istak nima uchun kerak? Shuning uchunki, ertaga davlatchilik boshqaruviga keladigan yosh avlod ongini va xohish-istak­larini bosh­qarish oson boʻlishi, taʼbir joiz boʻlsa, har maqomga yoʻrgʻalatish uchun.

Demak, oldimizda yagona yoʻl bor. Milliy tarbiyat yoʻlini mahkam tutmogʻimiz zarur. Shu oʻrinda jadid bobolarimizning “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, degan daʼvatkor gaplarini eslash joiz boʻladi. Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida ham bu hayot-mamot masalasi har birimizning amaliy harakatimizga aylanishi kerakligini yana bir bor taʼkidlab oʻtdi.

Bundan anglashimiz zarurki, farzand tarbiyasi, taʼlimi va bilim egallashi biz uchun yagona najot yoʻlidir.

Bu yoʻlda biz gʻoyaviy kurash tizimiga asos solmoqdamiz. Toki, yosh avlodimiz ongini boʻsh va axloqsiz gʻoyalar egallamasin. Ular oʻz Vatanini, elini ongli sevsin.

Ikkinchi taʼsir — iqtisodiy tahdid. Oʻzgarayotgan dunyoda iqtisodiy qaramlikni keltirib chiqarishga sunʼiy urinishlar avj olayotgani, afsuski, sir emas. Bu vaziyatda ham faqat bilim bilangina yuzimiz yorugʻ boʻlishi mumkin.

Hozir butun dunyoda iqlim keskin oʻzgarib bormoqda. Shu tufayli insoniyat jiddiy xavf yoqasiga kelib qoldi. Bunday tahlikali sharoitda oziq-ovqat xavfsizligi, tabiat neʼmatlari taqchilligi, tabiiy resurslarga boʻlgan ehtiyoj kuchayishi ham bor gap. Yoshlar ongiga iqtisodiy tahdid ham ana shu manzara fonida sodir boʻlayotir. Tahdid shuki, tashqi muhit oʻzga mamlakatlar yoshlarini iqtisodiy jozibadorlik bilan maftun qilishga kirishgan...

Modomiki shunday ekan, biz qoʻl qovushtirib oʻtirishga aslo haqli emasmiz. Bu borada ham faqat bilim najotga kelishini unutmasligimiz kerak. Boisi, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashda innovatsion usullar va zamonaviy qishloq xoʻjaligini qoʻllashimiz suv va havodek zarurdir. Bu haqda fikr yuritganda jadid bobomiz — Abdulla Avloniyning mana bu oʻgitiga amal qilmogʻimiz joizdir: “Mol topmakning eng barakali yoʻllari: hunarchilik, ekinchilik, chorvachilik, savdogarlikdur. Bularning har biriga ham bu zamonimizda bilim lozimdur”. Toki, bizning avlod bugun va yaqin kelajakda iqtisodiy tahdidlar qurboni boʻlib qolmasin.

Uchinchi taʼsir — noshukurlik hissining kuchayishi. Ota-bobolarimiz shukronalik hissi bilan tarbiyalangan, biz ham shu ruhda kamolga yetdik. Farzand­larimiz ham shunday tarbiyalanmogʻi joizdir. Negaki, noshukurlik, sabrsizlik va ochkoʻzlik roʻyobi Yaratganga ham xush kelmas.

Avlodlar tarbiyasida shu xushxulqni voyaga yetkazsak, sinovli kunlarda ham, barokatli damlarda ham yoʻlimiz oydin boʻlishi shubhasiz. Aksincha, noshukurlik hissini singdirishga boʻlgan harakatlar, bir tomondan, katta bir avlod oqimini norozilik kayfiyatida tarbiyalasa, bosh­qa tomondan, islohotlarga ishonchsizlik ruhini uygʻotadi. Bu kimga zarar? Oʻzimizga. Kimga foyda? “ular”ga.

Farzandlarimiz bilan suhbatlarda hayotdan koʻproq misollar aytib beraylik. Mana bittasi: mustaqilligimizning ilk yillarini eslaylik. Tom maʼnoda ocharchilik davrini boshdan kechirdik. Qishloqdagi koʻplab oilalar bir qop un yo bugʻdoy uchun bir bosh sigirini sotishga majbur boʻldi. Yetti-sakkiz, oʻn bir jon yashaydigan oila uchun bir qop un bir haftaga yetardi, xolos. Oʻshanda bir burda nonga zor vaqtlar ham koʻp boʻlgan edi. Lekin oʻsha ogʻir davrda ham xalqimiz shukr qilib yashadi, shu sabab bugungi farovon kunlarga yetib keldik. Buning uchun Allohga ming shukrlar boʻlsin!

Toʻrtinchi taʼsir — yengil-yelpi yashash ruhini singdirish. Hayotni yengillashtirish uchun katta harakatlar boʻlyapti. Bu yaxshi, albatta. Lekin avlodlar ongiga yengil-yelpi yashash ruhini singdirish — katta fojia.

Fojia shundaki, yengil-yelpilik masʼ­uliyatsizlikni tarbiyalaydi. Masʼuliyat­sizlik hissizlikni keltirib chiqaradi. Hissiz odamda esa vatanparvarlik ruhi soʻnadi. Ruh soʻngan joyda boshqa soʻzga hojat qolmaydi. Bunday kishilarni har koʻyga solish, har kuyga oʻynatish ham mumkin boʻladi.

Lekin, afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim oqimlar yoshlar ongiga yengil-yelpi hayot taʼsirini, uning bir qarashda jozibador rohatini zoʻr berib singdirishga harakat qilmoqda.

Bu borada bizga yana aziz ajdodlarimizning ibrati asqatadi. Abdurauf Fitrat avlodlar tarbiyasi haqida qaygʻurar ekan, jumladan, shunday degan edi: “Hayotning umumiy jadalgohida insonning oʻrni buyuk. Har bir odam ulgʻaygach, baxt-saodatini taʼminlash uchun bu jadalgohga kirib kurashishga majbur. Bu kurash maydonida oʻzida uch narsani mujassamlashtirgan insongina gʻoliblikka erishishi mumkin. Bu uch narsa: tansihatlik, sogʻlom fikr va yaxshi axloqdan iborat. Shu uch narsaning bittasidan ham mahrum boʻlgan odam bu kurashda magʻlub boʻlib chiqishi muqarrar. Boshqa ibora bilan ayt­ganda, baxt-saodat jismonan sogʻlom, solim fikrli va chiroyli xulqli insonga nasib etadi, shu jihatlarga ega boʻlgan kishilar turli xil badbaxtlik­larni munosib kutib oladilar”.

Beshinchi taʼsir — oʻzlikni, milliy­likni yoʻqotishga boʻlgan urinishlar. Nima uchun farzandlarimiz betmen yoki oʻrgimchak odam boʻlishga urinmoqda. Doʻppini boshdan olib, shu haqda bir oʻylab koʻraylik! Chunki biz tarbiyaning oʻzlik hududiga kelganida boʻshliqqa yoʻl qoʻyganmiz. Tabiiyki, bu “chetdagi doʻstlar”imiz uchun ayni muddao. Eng alamlisi, oʻsha kiyimlarni oʻzimizning odamlar ming azob bilan chetdan olib kelmoqda. Mayli, shu yerda oʻzimiz tikayotgandirmiz. Maqsad bitta — talab bor, pul ishlab qol.

Chevarlarimiz, tadbirkorlarimiz nima uchun Alpomish, Sulton Jaloliddin, Buyuk Amir Temur, Mirzo Bobur, Hazrat Alisher Navoiy kabi ulugʻ ajdodlarimiz qahramonligida, siymosida kiyim tikmaydi. Chunki bozorda talab yoʻq. Chunki oilada ular haqida gaplashmaymiz, kinolar yaratmaymiz. Borlari ham zerikarli, tomoshabinni oʻziga tortmaydi. Hissiz va tund ishlangan.

Bugun uch-toʻrt yashar boladan Amir Temur kim boʻlgan, deb soʻrang, bilmaydi. Betmen-chi? Biladi, sayrab ketadi... Shu tariqa milliylik, oʻzlik yoʻqolib bormoqda. Bu boʻshliqni zudlik bilan toʻldirmasak, ertaga juda kech boʻladi. Oʻzlik va milliylik yoʻq joyda hayot zavol, desak ham boʻlaveradi.

Oltinchi va nihoyatda qoʻrqinchli taʼsir — Vatansiz ham farovon yashash kafolatini berish. Buning dodi juda ogʻir boʻladi.

Hozir tiriklik olamida “dunyoning istalgan mamlakati men uchun Vatan”, degan aqida tinimsiz targʻib qilinmoqda. Emishki, kishi uchun pul bor, sharoit bor joy Vatan boʻlarmish. Ularga qarata: “Birodarlar, bu dunyoda har bir insonning VATANI bitta boʻladi”, degimiz keladi. U yaxshimi, yomonmi, ochmi, toʻqmi, Vatanni tanlash imkoni yoʻq. Uni Alloh qodir qiladi. Bu haqda koʻp bahs ortiqcha: Paygʻambarimiz: “Hubbul vatani minal-imoni, yaʼni Vatanni suymak imondandur”, demish.

Lekin yana bir gapni aytishga majburmiz. Vatansiz yashash ilinji kishini badnom qiladi. Taraqqiyotni orqaga suradi, oxir-oqibat qaramlikka olib keladi. Biz, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, har qanday vaziyatda ham Oʻzbekistonning davlat suvereniteti, uning sarhadlari daxlsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlashimiz shart. Bu — bizning tarix va kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz va majburiyatimizdir.

Vatan va vatanparvarlik haqida gapirganda har safar bir ibratli saboq xayolimizda jonlanadi. Abdurauf Fit­rat bobomiz XX asr boshlarida Istanbulda No Kamo ismli yosh yapon sayyohi bilan uchrashib qoladi. Bu yigit uch yil davomida Xitoy, Hindiston, Eron, Arab davlatlarini velosipedda aylanib chiqqanini eshitgan bobomiz yigitni savolga tutadi: “Birodar, bepul, yolgʻiz, beaslaha bu ikki charxli aravang bilan Arabistonning jonni kuydiruvchi choʻllaridan qanday oʻtding? Faraz qildikki, oʻzingga taom topib yeb, yotar joy ham topding, lekin chumchuqni ham sogʻ qoʻymaydigan sahroyi arab changalidan qanday xalos topding?”. Bunga javoban sayyoh yigit kulibdi-da, qoʻlini koʻtarib oʻz yurtining bayrogʻini koʻrsatib, debdi: “Shu bayroq meni siz aytayotgan xavf-xatardan, mushkulotlardan muhofaza qildi”. No Kamo suhbat davomida yapon millati oʻzining buyukligi va sharafini butun zaminga taratgani, shu bois, uning biror-bir vakili dunyoning hech bir nuqtasida mushkulotga duchor boʻlmasligi haqida faxrlanib gapirgan ekan. Mana bu suhbat barchamiz uchun ibrat boʻlishi kerak.

Albatta, ong uchun kurash yoʻlida yana koʻp taʼsirlarni sanashimiz mumkin. Bular — yoshlar ongini radikalizm, ekstremizm, terrorizm, buzgʻunchi gʻoyalar bilan zaharlash, giyohvandlik balosiga mubtalo qilish. Lekin buning uchun bizda mustahkam qalqon, kuchli immunitet boʻlishi zarur. Ularni qayerdan olamiz? Hech ikkilanmasdan aytishimiz mumkinki, ajdodlarimiz hayotiy oʻgitlari va saboqlaridan. Mana shuning uchun ham Prezidentimiz zoʻr berib jadid bobolarimiz merosini tiklash, ularni hayotga keng tatbiq etish masalasida jon kuydirmoqda.

Nihoyat, hayot gʻoyasini tushungandek boʻlamiz. U — Bilim va Vatan. Bu ikki uygʻun tushuncha mohiyati bizning ruh va axloq tarbiyamizni choʻgʻlantirib turadi. Boisi, bilim bor joyda insoniy fazilatlarga yoʻl beriladi, insoniy fazilat esa, avvalo, Vatanni sevish va tinchlikni qadrlash tuygʻusida koʻz ochadi.

Oydinlik yoʻli

Butun dunyoda oʻzaro ishonchsizlik kayfiyati zohir bugungi kunda davlatlar­aro munosabatlar yangi tamoyil asosiga qurilayotgani ham bor gap. Bu harbiy salohiyat bilan bogʻliq masala.

Keyingi yillarda gibrid xarakterdagi qurolli toʻqnashuvlarga guvoh boʻlmoqdamiz. Bunday tahlikali sharoitda oldimizda birgina maqsad va burch boʻlishi kerak: mamlakat daxlsizligini asrab-avaylash, tinchlikni barqaror saqlash. Mana shuning uchun ham Qurolli Kuchlarimizda katta islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

Prezidentimiz bu haqda gapirar ekan, jumladan, “Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak maʼnaviy salohiyat Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur”, dedi. Bu tayanchlarni chuqur tahlil qilsak, koʻp maqsadlar oydinlashadi.

Birinchidan, bizga jangovar ruh qudrati kerak.

Bu qudrat, eng avvalo, milliy qahramonlarimiz fenomenini oʻrganish orqali shakllanadi. Toʻgʻri, bu oson boʻlmayapti. Negaki, uzoq yillar qahramonlarimiz, xalqimiz dahosi bilan ayro yashadik. Kunimiz ularni qoralash bilan oʻtdi. Hatto bu qoralashni tadqiqot darajasiga olib chiqdik. Oʻnlab qoʻlyozmalar paydo boʻldi. Dissertatsiyalar yoqlandi. Shu darajaga bordikki, bugun nevaramiz “Bobo, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kim boʻlgan?”, deya soʻrasa, “Buyuk sarkarda, jahongir sultonlar”, deyishdan oʻzga panoh topa olmadik.

Bizga yangi daʼvatlar, yangi chaqiriqlar kerak. Joriy yil 13-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Xavfsizlik kengashining navbatdagi yigʻilishida Prezidentimiz harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirish, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirish boʻyicha tavsiyalar berar ekan, jumladan, shunday dedi: “Bizga bu kuchni chetdan izlashning hojati yoʻq. Shonli tariximiz, boy ilmiy va madaniy merosimiz, bahodir ajdodlarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi”.

Shu daʼvatkor gap magʻzini chaqar ekanmiz, fitratimizda jangovar ruh qudrati namoyon boʻla boshlaydi. Bu “Xalq va armiya — bir tanu bir jondir”, tamo­yili asosida boʻy koʻrsatadi. Tarixdan qadrli bir ibrat bor: armiyaning xalqdan ajralib qolishi hech qachon yaxshi natija bilan tugamagan. Chunki armiyada xalq farzandlari xizmat qiladi. Askarlar, ofitserlar, mayoru generallar ham, avvalo, ota-ona farzandi. Shunday ekan, otani boladan, bolani onadan ajratib boʻlmaganidek, armiyani ham xalqdan ayro tasavvur qilish mumkin emas. Bunda parokandalik vujudga keladi.

Qolaversa, jonajon yurtimiz sarhadlari daxlsizligini saqlash, tinchligimizni asrab-avaylash faqat askarlarning burchi emas, bu — umummilliy harakat. Shu maʼnoda, Prezidentimizning “Xalq va armiya — bir tanu bir jondir”, tamoyilini ilgari surayotgani tub mohiyati ayon boʻla boshlaydi. Shunda biz butun xalqimiz jipsligi va maqsadlari roʻyobi sari harakatida katta kuch — jangovar ruh qudratini qalban sezamiz.

Ikkinchidan, oidlik ruhi ojizlashib borayotgan zamonda harbiy-vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirishimiz zarur.

Oidlik ruhi ham kecha yoki bugun paydo boʻlib qolgan tushuncha emas. Uning tarixiy ildizlari mustahkam. Bu yerda gap eramizdan oldingi davrlardan, ibtidoiy makonlardan meros boʻlib kelayotgan yashash uchun kurash falsafasi haqida bormoqda. Yaʼni inson paydo boʻlibdiki, hayoti turli kurashlar ostida kechadi. Bu tabiat qonuni dunyoda davlatlar paydo boʻlishi, chegaralar belgilanishi bilan davom etib kelmoqda.

Demak, mamlakatlar paydo boʻlishi va davlatchilik shakllanib, rivojlanishining ilk asosi oidlik ruhi ekan. Bugungi zamonimizda esa bu ruhga ehtiyoj har qachongidan ham muhim va hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Chunki yuqorida taʼkidlaganimiz kabi, bugun davlatlararo munosabatlar harbiy salohiyat bilan oʻlchana boshladi. Shunday ekan, fuqarolarimizda, ayniqsa, yoshlarimizda harbiy-vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirishimiz davr talabi boʻlib qolaveradi.

Bu yoʻlda xalqimizda muhim hayotiy asoslar bor. Birinchidan, qadim davlatchilik tajribasiga egamiz. Ikkinchidan, bizning yurtda tarbiyalangan har bir farzand oʻz zaminiga egalik hissi bilan oziqlangan. Uchinchidan, buyuk sarkardalarimizdan boy harbiy meros qolgan. Bularning barchasini chuqur tahliliy oʻrganib, bugungi hayotimizga, amalimizga tatbiq etsak, bizdan qudratli xalq va davlat topilmaydi.

Uchinchidan, qalb xotirjamligiga erishishimiz shart.

Qalb xotirjamligi paydo boʻlishi uchun keyingi yillarda koʻp amaliy ishlar qilindi. Aholini uy-joy bilan taʼminlash, munosib turmush sharoiti yaratish, xotin-qizlar, yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qoʻllab-quvvatlash, xullas, buning sanogʻi uzoq. Ular ichida yana bir muhim islohot — harbiy xizmatchilarimiz qalbi xotirjamligini taʼminladik.

Bular harbiylar maoshi oshirilganida, oila aʼzolarining ijtimoiy himoyasi taʼminlanganida, farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berilayotganida, turmush oʻrtoqlari kasbga oʻqitilib, ishga joylashtirilayotganida namoyon boʻladi.

Endi oʻylab koʻraylik: biz modomiki, Vatanimiz daxlsizligi, mustaqilligimiz abadiyligini taʼminlash maqsadida ekanmiz, bunda, eng avvalo, harbiy xizmatchilar va mudofaa qobiliyatiga tayanamiz. Shunday ekan, harbiylarimiz uchun sharoit yaratib, ularning oilasidagi farovon muhitni taʼminlash ham davlatimiz burchi emasmi?!

Yana bir gap, qachonki harbiylar oʻz kasbidan rozi boʻlib, ishga kirishar ekan, mudofaa salohiyatimiz ham mus­tahkamlanib boraveradi. Bu esa, oʻz nav­batida, sizu bizning qalb xotirjamligimizga yoʻl ochadi.

Toʻrtinchidan, sadoqat ruhini tarbiyalash — hayotiy masala.

Abdulla Avloniy bobomiz “Sadoqat gulshani salomat, boʻstoni najotdur”, degan edi. Bu gap bugungi kunimiz uchun ham gʻoyat dolzarbdir. Aslida, biz yuqorida soʻz yuritgan har bir masala zamirida sadoqat ruhi turibdi. Mohiyatan olganda esa ishga, doʻstga, elga, yoru birodarlarga va nihoyat, yurtga sadoqatli insonlar yashayotgan zaminda har doim katta islohotlar yuz ochgan, xalq farovonligi taʼminlangan.

Shu maʼnoda aytish joizki, biz keyingi yillarda “Yangi Oʻzbekiston orzusi” bilan yashayapmiz. Bu orzu bizni koʻp ezgu maqsadlar sari chorlab turibdi. Unga erishish yoʻli esa sadoqatli farzandlar tarbiyasi bilan yanada choʻgʻlanur.

Maqolamiz avvalida birdamlik saodati haqida aytganimiz ham bejiz emas. Zero, birdamlik ruhi ulgʻaygan elda qut-baraka, ishda unum boʻladi. Bu yoʻlda biz, eng avvalo, ruh va axloq tarbiyasini oʻzimiz uchun hayotiy gʻoya sifatida tanlayotganimiz mazmuni ham shu, aslida.

Bu barchamiz uchun oydinlik yoʻlidir.

Salim DONIYOROV