Bolalikdan yaqinlariga yelkadosh, mol-qoʻy boqib, oilasi koriga yarashga harakat qilgan Guliraʼno oʻz taqdirini mana shu ilon izli soʻqmoqlar, keng paykallar bilan bogʻlab, koʻpning eʼtiboriga tushdi, izzat-hurmat topdi. Yerni shudgorlash, ekishga tayyorlash, yagana, chopiq, chekanka, paxta terish kabi mavsumiy yumushlar yosh fermerni har jihatdan chiniqtirdi, tajribasini oshirdi.
Unumdorligi past, shoʻrxoq yerlarda dehqonchilik qilishning oʻzi boʻlmaydi. Yerning meliorativ holatini yaxshilash, hosildorligini oshirish borasida tinim bilmadi, izlandi, imkoniyat qidirdi. Erta tongda dala kezdi, ekinlar holatini nazorat qilib, ishchilar bilan bahamjihat suhbatlashib, kezi kelganda texnikani boshqardi, qoʻliga ketmon olib, koʻp qatori suv yoqaladi.
— Dadam uzoq yillar texnika bilan “tillashganlardan”. Shu bois, texnika boshqarishga, taʼmirlashga qiziqaman, — deydi Guliraʼno dala chetidagi turfa texnikalarga ishora qilib. — Traktor rulini boshqargan ilk kezlarimda, oyogʻim mexanizm pedalini bosishga yetmasdi. Lekin astoydil harakat qilganman, bilmaganimni soʻrab oʻrganganman. Dehqonchilikning oltin qoidasi bor. Obi-tobida qilingan ishning barakasi moʻl boʻladi. Mavsum pallasida oʻzim rulga oʻtirib, gʻoʻza qator oralariga ishlov beraman.
Aytishlaricha, ilgari bu yerlardan nari borsa 20–25 sentnerdan paxta terib olingan. Gʻallachilik ham oqsoq sohalardan boʻlgan. Manfaatdorlik yoʻqligi bois, ishchi-xizmatchilar qoʻnimsiz edi. Endilikda bu yerdagi holat, manzara oʻzgardi. Oʻttizdan ortiq ish oʻrni yaratildi. Tartib bilan ekilgan dov-daraxtlar, baravj rivojlanayotgan koʻm-koʻk gʻoʻzallar hosil moʻlligidan darak berib turibdi. Har bir tup gʻoʻzada 40–50 tagacha hosil tugunaklarini sanadik.
Fermer xoʻjaligi oʻtgan yili paxtadan 50 sentnerdan, bu yilgi gʻalladan 90 sentnerdan ortiq hosil yigʻishtirib oldi. Shartnomadan ortgan gʻalla fermer xoʻjaligi aʼzolari, kam taʼminlangan oilalarga boʻlib berildi. Natijada odamlarning unga boʻlgan ishonchi ortdi. Mehnatidan manfaat topayotgan ishchi-xizmatchilar safi koʻpaydi, xoʻjalikning iqtisodiy salohiyati rivojlandi. Joriy yil gʻallachilikdan koʻrilgan yalpi daromad salmogʻi 400 million soʻmdan oshdi. 31 gektar paxta maydonidan 55 sentnerga yetkazib hosil terib olish koʻzlab turilibdi. Guliraʼno oʻtgan qishloq xoʻjaligi yili yakunlari doirasida “Ilgʻor fermer” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
— Opam shifokor, uyimdagilar meni ham qiz bolaga xos kasb-hunar tanlashim kerakligini aytib, fermerlik ishimga biroz qarshilik bildirishgan. Ish ogʻir, vazifa yuki, masʼuliyat kattaligi, qiynalib qolishimni koʻp takrorlashgan. Ammo men ahdimdan qaymaganman, — deydi fermer soʻzini davom ettirib. — Biz jamiyatning eng ilgʻor kishilariga aylandik. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, qishloq xoʻjaligiga ilm olib kirish, agrar sohada qoʻshilgan qiymati zanjirini yaratish yoʻlida mehnat qilyapmiz, izlanyapmiz. Paxta va gʻallachilik klasterlari har jabhada koʻmak bermoqda.
Hali oʻttizga ham kirmagan, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti magistranti Guliraʼno paxta yetishtirish agrotexnikasi yoʻnalishida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Yaʼni ekinlarni kimyoviy vositalar bilan emas, balki, organik oʻgʻitlar yordamida yetishtirish, qoʻl mehnatini kamaytirishga alohida eʼtibor qaratyapti. Bu usul iqtisodiy samardorligi bilan ajralib turadi. Masalan, bir gektar yerda paxta yetishtirish uchun oʻrta hisobda 1000–1200 kilogramm kimyoviy oʻgʻit sarflanadi. Bu qariyb 7–8 million soʻm harajat degani. Organik usulda esa bu miqdor 7–8 hissaga kamayadi. Eng muhimi, ekin maydonlari unumdorligi yildan yilga ortib boradi. Tabiiy vositalar yordamida yetishtirilgan ekologik toza hosilning salmogʻi, sifati ham yuqori boʻlgani bois, xaridorgir.
— Bugungi fermerni bundan besh-olti yil avvalgi fermer bilan qiyoslab boʻlmaydi, — deydi Yoʻlchiboy aka Xoliqov. —Avvalari sutini ichib turgan uyimizdagi sigirimizni sotib, belgilangan rejani bajarishga majbur boʻlganmiz. Majlisbozlik, yuqoridan kelayotgan buyruqlar, komissiyalar tinkamizni quritgan. Jon hovuchlab kun oʻtkazardik. Endilikda hamma narsa oʻzgardi. Qizim qoʻlimdan ishni olganidan buyon fermer xoʻjaligimiz yanada rivojlanib, iqtisodiy samardorlikka erishayapti. Chunki qishloq xoʻjaligi ishlariga ham ilm asosida yondashilyapti. Oʻgʻlim yoʻqligidan oʻksinmayman. Oʻnta oʻgʻilning ishini qilyapti qizim. Yaqinda Umra safariga borib keldik. Shinam uy-joy, toʻkin dasturxon – halol mehnatimiz mahsuli.
Guliraʼno Xoliqova rahbarlik qilayotgan Fargʻona viloyatining Rishton tumanidagi “Holiqov Yoʻlchiboy” fermer xoʻjaligida nafaqat paxta va gʻallachilik, balki chorvachilik, asalarichilik, dala chetlarida bogʻdorchilik yoʻnalishlarini tashkil etish borasida ham ish olib borilmoqda. Joriy yilning oʻzida asalarichilik, baliqchilik yoʻnalishlarida qoʻshimcha tarmoqlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Istiqbolli loyihalar dasturiga koʻra, dala chetidagi yerlarni foydalanishga kiritish orqali, bir gektar yerda uzum yetirishtirishga taraddud koʻrilyapti.
— U mahallamizdagi faol va fidoyi, qoʻli ochiq, saxovatli yosh fermer sifatida ham koʻpning koriga bakor kelmoqda, — deydi “Qayragʻoch” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Valijon Mahkamov. — Fermer tashabbusi bilan 13 kilometrdan ortiq toza ichimlik suv tarmogʻi tortildi, 2 kilometr ichki suv ariqlari tozalandi, ichki koʻchalarni shagʻallashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalarga yetti tonnadan ortiq bugʻdoy berdi, mahallada boʻlayotgan barcha madaniy-maʼrifiy tadbirlar, obodonchilik, koʻkalamzorlashtirish ishlarida yoshlarga bosh boʻlib keladi.
Bir soʻz bilan aytganda, choʻllarda dur undirib, bogʻu boʻston yaratgan, elga rizqu roʻz ulashayotgan yoshlar saʼy-harakati bilan olis va chekka hududlar ham obodlikka yuz tutmoqda, yangi ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish tarmoqlari boʻy koʻrsatib, aholi bandligi taʼminlanmoqda.
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.