Sakkiz nomdagi yangi nashr butun oʻzbek xalqiga muborak boʻlsin!

    Aytish joizki, markaz tomonidan 2017-2023-yillar mobaynida ajdodlarimiz ilmiy merosiga oid 22 nomdagi noyob manbalar tarjimasi (shundan 9 tasi 2023-yilda) amalga oshirildi.

    Xalqimiz, ayniqsa yoshlar orasida Imom Buxoriy va boshqa alloma ajdodlarimiz ilmiy merosini keng targʻib etish maqsadida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 2023-yilda nashrga tayyorlagan yangi kitob va risolalar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Endilikda Imom Buxoriyning “At-Tarixus sagʻir”, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Xotim Varroq Buxoriyning “Shamoyili Buxoriy”, Abu Azabaning “Ar-Ravzatul bahiyya fiyma baynal Ashoʼira val Moturidiyya”, Imom Dorimiyning “Sunnani Dorimiy”, Alouddin Kosoniyning “Kosoniy aqidasi”, Sayyid Abdulmojid Gʻavriyning “Hadis ilmi istilohlari ensiklopediyasi” asarlari, shuningdek, “Islom dinida tinchlik” va “Gʻuluvning xatarlari” nomli risolalari kitobxonlar qoʻliga yetib borishi quvonarli.

    Aytish joizki, markaz tomonidan 2017-2023-yillar mobaynida ajdodlarimiz ilmiy merosiga oid 22 nomdagi noyob manbalar tarjimasi (shundan 9 tasi 2023-yilda) amalga oshirildi.

    Taqdimotda soʻzga chiqqanlar Imom Buxoriy va alloma ajdodlarimiz merosini oʻrganishning ahamiyati, mazkur kitoblarning bugungi kundagi ilmiy qiymati haqida soʻzladi. Shuningdek ular mutafakkirlar asarlarini tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalari, mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida ham soʻz yuritdilar.

    Tadbir davomida Al-Azhar islom tadqiqotlari majmuasi Bosh kotibi, Doktor Muhammad Nazir Ayyad hamda Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktori, professor Mahmud Erol Qilich video shaklida tabrik yoʻlladi. Ular yangi nashrlarga Markaz ilmiy faoliyatining yorqin natijasi sifatida yuksak baho berib, Markaz hamda barcha hamkor muassasalarni, butun oʻzbek xalqini ushbu muhim voqea bilan muborakbod etdi. Xodimlar olib borayotgan tadqiqot va tarjimalar alloma ajdodlarimiz merosini tiklashga, zamondoshlarimizni ular qoldirgan boy maʼnaviy xazinadan koʻproq, toʻliqroq bahramand etishga va pirovardida islom imlarini yanada taraqqiy toptirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

    Marosimning asosiy maʼruzachilari buyuk ajdodlarimizning islom ilmlari sohasidagi ilmiy merosi ayni kungacha dunyo musulmonlari hayotida muhim ahamiyat kasb etib kelayotganini, xususan, yurtimizdan chiqqan allomalarining islom ilmlari rivojiga munosib hissa qoʻshganini alohida eʼtirof etdilar.

    Taqdimot ishtirokchilari markaz xodimlari mehnatining mazkur samaralarini yirik ilmiy natija sifatida baholab, nashrga tayyorlangan yangi kitoblarning xalqimiz maʼrifatini yanada oshirish hamda allomalarimiz qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy meros mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdagi ahamiyati, xususan, islomning asl qadriyatlarini keng targʻib qilishdagi oʻrni yuzasidan ijobiy fikr-mulohazalarini bayon qildi.

    Oʻylaymizki, oʻzbek tilida taqdim qilingan mazkur asarlar mutafakkirlarimiz ilmiy qarashlari maʼnosini yanada yaxshiroq anglashga, ular taʼlimotini chuqurroq tushunishga asos boʻlib xizmat qiladi.

    Munojat Moʻminova,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri