Sakson olti yil kutilgan xabar yoxud tiklangan adolat tantanasi

    1938-yil yanvar. Bekobodning izgʻirinli shamoli koʻz ochirmaydi. Xovos stansiyasida toʻxtagan Samarqand-Toshkent poyezdiga chiqish uchun shoshayotgan olomon orasida oʻttiz besh-qirq yoshlardagi oʻrta boʻyli bir yigit ham bor. U nima qilib boʻlsa ham poyezdga chiqib olishga urinar, lekin odamlar tamburga oyoq qoʻyishiga yoʻl qoʻymasdi. Nihoyat orqasiga toʻrva ortmoqlab olgan koʻyi bir amallab vagonga ilakishdi.

    Tumanning olis Kirov kolxozidagi Namingon qishlogʻidan Xovosgacha oʻttiz besh chaqirim yoʻlni kechasi bilan piyoda bosib kelgan yigitning yuziga gʻam koʻlanka solgan. Ichkarida joy yoʻqligidan tamburning bir chetiga choʻka qolgan Mustafoqulni poyezdning bir maromdagi harakati elitdi. Lekin uyqu qayoqda? Yuragi toʻla gʻam! Sakkiz-oʻn yildirki uning oilasi taʼqib ostida. Kollektivlashtirish, quloq qatagʻoni oilasini porakanda qildi, otasidan ayirdi. Otasi Shernazarboyning mol-mulki tortib olindi. Oʻzlari esa quvgʻin qilindi. Mana, hozir ham akasi Hotam Shernazarovning daragini eshitish uchun Toshkentga boryapti. Uni olti oy oldin yarim kechada nomaʼlum shaxslar qoʻlini qayirib olib ketgan. Shundan beri akasini izlab bormagan joyi qolmadi. Lekin jigarbandining daragi oradan sakson olti yil oʻtgach chiqishini hali bilmasdi! Faqat koʻnglida zulmat abadiy emasligiga, quyosh albatta bosh koʻtarishiga, rutubat tarqashiga, adolat jaholatni parchalab tashlashiga umid qilardi, xolos!

    Umid qaldirgʻochi

    2024-yil 19-iyulda Prezidentimizning “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Milliy oʻzligimiz, davlatchiligimiz, maʼnaviy qadriyatlarimizni saqlab qolish yoʻlida qurbon boʻlgan fidoyi shaxslar xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan ushbu qaror tom maʼnoda tarixiy adolat tantanasi boʻldi. Undagi “Oʻzarxiv” agentligi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan qatagʻon qurbonlari va jadidlik harakati namoyandalariga oid muayyan arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda maxfiylikdan chiqarish choralarini koʻrsin” degan band taqdir taqozosi bilan oʻtgan asrning elliginchi yillarida Sirdaryo viloyatining choʻl tumanlariga koʻchib kelgan Shernazarovlar oilasi aʼzolari qalbida umid uchqunlarini uygʻotdi. Gap shundaki, oʻtgan asrning 30-yillarida qatagʻonga uchragan Shernazar ota quloq qilinib, mol-mulki musodara boʻlgan. Bu oilaning toʻngʻich aʼzosi Hotam Shernazarov esa 1937-38-yilda qamoqqa olingan va u toʻgʻrisida hech qanday rasmiy maʼlumot olishning iloji boʻlmay kelayotgan edi. Mustabid tuzum davrida Hotam Shernazarovning ukasi Mustafoqul Shernazarov akasining daragini izlab bormagan joyi, kirmagan idorasi qolmagan, xalq dushmani sifatida hamma joydan haydab chiqarilgan. Shu taxlit oʻttiz besh yil urinadi. Oqibat oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida akasining daragini topishni oʻgʻli Abdunabi Mustafoqulovga vasiyat qilgan koʻyi armon bilan olamdan oʻtadi. Toʻqsoninchi yillarga yaqin qilingan urinish sal naf bergandek boʻldi. Jurnalist Ahmadali Shernazarovning murojaati rad etilib, turli bahonalar bilan Davlat xavfsizlik qoʻmitasining arxividagi maxfiy maʼlumotlarni ochiqlashdan bosh tortishadi. 2014-yilda Abdunabi Mustafoqulov ham olamdan oʻtadi. Adolatni tiklash kelgusi avlodlar zimmasiga yuklanadi. Prezidentimizning ushbu qarori qabul qilingach, biror xabar topish umidida “Shahidlar xotirasi” jamoatchilik fondiga murojaat qilinadi. Yettinchi avgust kuni fondning masʼul xodimi murojaatga asosan Hotam Shernazarovning jinoyat ishi tafsilotlari aniqlanganini aytib aloqaga chiqadi. Umid qaldirgʻochi qanot yozgan edi.

    Zulmatning boshlanishi

    Yunusoboddagi “Shahidlar xotirasi” jamoatchilik fondiga tomon yoʻl olar ekanmiz, bobolar, momolarning guvohliklari asosida eshitganimiz oʻsha kunlarning voqealari koʻz oʻngimizda gavdalandi.

    Oʻtgan asr boshlarida Shernazar ota Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi Soʻlohli qishlogʻining boy-badavlat kishisi sifatida yaxshigina nom qozongan edi. Uning bir necha yuz gektar yeri, chorvasi, va imoratlari boʻlgani toʻgʻrisida maʼlumotlar kelgan. Oilaga qarashli yerlarda Oʻratepa, Shahriston kabi shaharlardan kelgan yigirma chogʻli inson mehnat qilgan va shunga yarasha hosildan ulush tekkan. Uning uch oʻgʻli boʻlgan – Hotam, Mustafoqul, Murtazoqul. 1928-yilda boshlangan kollektivlashtirish talotoʻpi Xovos tumaniga ham yetib keladi. Balandchaqir, Pastkichaqir, Sovot, Moʻgʻol, Changovul kabi qishloqlarda avvaliga artellar, keyin esa yoppasiga kolxozlar tuzila boshlanadi. Oʻsha paytlarda sersuv, atrofdagi yerlari unumdor boʻlgan bu hududlar mustabidlarning oʻy-xayolini oʻgʻirlagan edi. Kolxozga koʻngilli ravishda jalb qilish shunchaki targʻibot, niqob ekani tezda ayon boʻladi. Namingon va uning etagidagi Soʻlohli kabi bir qancha qishloqlar tarkibida Kirov nomidagi kolxoz tuziladi. Yaqin atrofdagi qishloqlar aholisiga qarashli ming gektarga yaqin yer kolxozga olinadi. Shuningdek, aholining ot, sigir, hoʻkiz, qoʻy kabi chorvalari, omoch, ketmon kabi qurollari ham musodara qilinadi. Muqaddam oʻz oilasi ehtiyojlari uchun erkin mehnat qilib, hosildan oʻzi bahra olgan aholi amalda bor-budidan ayriladi. Buning ustiga, majburiy mehnat shakli paydo boʻladi. Aholi yoppasiga dalaga ishga olib chiqilib, qatʼiy norma asosida ishlatila boshlanadi. Total tuzumga xos bunday tartibdan koʻpchilik norozi boʻladi. Lekin repressiv tuzum bunday shaxslarni qatʼiy yoʻq qilish yoʻlidan boradi. 1930-yil 30-yanvarda VKP(b) MK Siyosiy byurosining “Yoppasiga kollektivlashtirilayotgan rayonlarda quloq xoʻjaliklarini tugatish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi mana shunday mudhish jinoyatlarga amalda fatvo beradi. Barcha joylarda boʻlgani singari Kirov kolxozida ham ommaviy qatagʻonlar, siyosiy taʼqiblar kuchayadi. Ayniqsa, Shernazarovlar oilasi VCHK-NKVD-OGPU nazariga tushib qoladi. Oila aʼzolari orasida oʻqimishli shaxslar borligi, jamiyatda mavqei baland ekani ularning kelgusi rejalariga mos emasdi. Boisi, elning eng oldi shaxslarini yoʻq qilish orqali xalqni manqurtga aylantirishdek mudhish reja tuzilgandi. Oilaning yerlari, chorvasi musodara qilinadi. Ayrim narsalarni saqlab qolish maqsadida Shernazar va uning oʻgʻillari yarim kechada tilla buyumlar, gilamlarni yaqinroqdagi jarga koʻmishga majbur boʻladi. Lekin bu xatti–harakatdan xabar topgan bolsheviklar jardagi ushbu buyumlarni topadi va aravalarga ortib markazga olib ketadi. Shernazarovlar oilasi qattiq taʼqibga olingach, ular yupun turmush kechira boshlaydi. Oila aʼzolaridan bir qanchasi 1931-yilda Samarqand viloyati Narpay kolxoziga surgun qilinadi. Narpayga quloq qilinganlar juda ogʻir sharoitlarda saqlanadi. Ular usti qamish bilan yopilgan yertoʻlalarda, baraklarda yashashga majbur boʻladi. Aytishlaricha, yetishtirilgan hosil bitta ham qoʻymay Rossiyaga tashib ketilardi. Notoʻgʻri siyosat tufayli SSSRning barcha hududlarida ochlik, qahatchilik avj olgandi. Volgaboʻyidagi qoratuproq hududlardagi aholini ochlikdan shu tarzda saqlab qolish rejalashtirilgandi. 1936-yilda kollektivlashtirish qatagʻoni sal yumshagandek boʻladi. Oʻsha yili Hotam Shernazarov yana Kirov kolxoziga qaytib keladi.

    Hibs va taʼqib

    Ortga qaytgan Hotam toʻrt, Murtazoqul ikki farzandini sogʻ-omon koʻrganiga shukr qiladi. Ular tinch hayotga qaytishadi. Bu paytga kelib 44 yoshda boʻlgan Hotam Shernazarov Soʻlohli qishlogʻidagi masjidda bir qancha odamlar bilan tinchgina ibodat qilib yuradi. Oʻsha paytda yashagan odamlardan kelgan xotiralarga koʻra, Hotam Shernazarov nihoyatda oʻqimishli, bilimdon, taraqqiyparvar, shu bilan birga, milliy oʻzlikka, maʼnaviy qadriyatlarga sadoqatli shaxs boʻlgan. U bir qancha kitob yozgan. Oilaning porakanda qilinishi, ota-onasining siyosiy taʼqibga uchrab bevaqt olamdan oʻtishini unutolmagan edi. Millatning qullik zanjiriga solinayotgani, din taʼqib qilinayotgani, milliy oʻzlik eskilik sarqiti sifatida koʻrilayotgani uni qoniqtirmasdi. Uning oʻrniga sovet tashviqoti tomonidan amalda boshqa millat madaniyati, tarixiy qadriyatlarini ulugʻlash, ibo-hayoga zid urflar singdirilayotgani koʻpchilik qatori Hotam Shernazarovning ham nafratiga sabab boʻlayotgandi. Afsuski, u ham boshqalar qatori chorasiz edi.

    Oʻsha kunlarda NKVD agenti katta ogʻalariga Hotam Shernazarovning “Oldin hosilning hammasi oʻzimizda qolardi, kolxoz boʻlgach, yigʻilgan gʻallaning barchasi olib ketilyapti, bola-chaqamizni qanday boqamiz”, degan xabarni yetkazadi. 1937-yil kuzining rutubatli kechalaridan birida Shernazarovlar xonadoniga egniga uzun charm kiyimlar kiygan, zahil yuzli toʻrt-besh kimsa bostirib kiradi. Uy tintuv qilinib, qoʻllariga ilingan narsalarni olishadi. Hotam Shernazarov bandi qilib olib ketiladi. Uning ortidan Xudoyor, Ortigʻoy, Buvoysha kabi farzandlari chirillab yigʻlab qoladi. Uch yoshli qizalogʻi Yanglish nima boʻlayotganini tushunmay bir burchakda koʻzlari alang-jalang qilguncha oʻtirardi.

    Hotam Shernazarov olib ketilgach, uning oilasi bilan aloqa qilish barchaga taqiqlanadi. Farzandlar majburiy mehnatga jalb qilinadi. Uning ukalari Murtazoqul, Mustafoqul ham taʼqibga uchraydi.

    Mana shunday xoʻrlik va zulmdan oila aʼzolari birin-ketin qirila boshlaydi. Shu tariqa yetim qolgan Hotam va Murtazoqulning farzandlari mutlaqo begona shaxslar qoʻliga tushib qoladi. Ayrimlari bevaqt oʻlib ketadi. Ayrimlari esa yaxshi insonlar qoʻlida yetimlikda katta boʻladi. Ular oʻz oʻtmishini, asl familiyasini yashirib yashashga mahkum edi.

    Mustafoqulning taqdiri

    Ota-onasi, akalaridan ayrilgan Mustafoqul Shernazarov ham taʼqibda yashashga majbur edi. Bu xokisor inson taʼqib sabab akalarining farzandlarini oʻz qaramogʻiga ololmaydi. Ularni begona oilalar panohida saqlashga majbur boʻladi. U imkon topishi bilan Toshkentga borib, akasining daragini topishga harakat qilardi. Lekin hech narsaga erisholmay qaytib kelardi. Xalq dushmanining ukasi sifatida har eshikdan haydalar, hamma joyda “Hotam Shernazorov haqida hech narsa maʼlum emas”, deya bir xil javob berishardi. Toshkentda haftalab qolib ketar, koʻchada, perronlarda tunashga majbur boʻlardi. Akasiga atab olib borgan non, turshaklarni qaytishda beva-bechoralarga hadya qilardi. Qishloqqa qaytgach esa yashirincha Roʻzixon, Yanglish, Buvoysha, Ortigʻoyning holidan xabar olib turardi.

    Shu tariqa mulla Hotamning tirik qaytishiga boʻlgan umid batamom soʻnadi. Endi qatagʻonchilar Mustafoqulga kun bermasdi. Qirqinchi yillarda Zomin tumanining yigirma chaqirimcha naridagi Qorapchi qishlogʻiga koʻchib ketishga majbur boʻladi. Bu yerda u Axchaxon qishloq kengashiga qorovul vazifasiga ishga joylashadi va Halima degan ayolga uylanib, bir necha farzandli boʻladi. Lekin bu yerda ham oson boʻlmaydi va elliginchi yillarda oilasini olib Mirzachoʻlga koʻchib keladi. Nihoyat hozirgi Shirin shahri Nurobod mahallasida oʻtroqlashib qoladi.

    Abadiy adolat maskanida

    Anhor boʻyidagi “Shahidlar xotirasi” xiyoboni tinch-osuda, gullarga, yam-yashil maysalarga burkangan goʻzal maskan. Tarixiy manbalarda bu yerda qatagʻon yillari millatimizning yuzlab oʻgʻlonlari otib tashlangani aytiladi. Xiyobon oralab borar ekanman, amakim Hotam Shernazarovning xoki ham shu yerda yotganmikin, deb tuproqqa avaylab qadam bosaman. “Shahidlar xotirasi” jamoatchilik fondi bosh ilmiy xodimi Bahrom Irzayev meni xush kutib oldi. Hayajonimni yashira olmayman. Hozir men eshitadigan xabarni ikkita avlod bilolmasdan armonda oʻtib ketgan.

    Hammasi tushunarli edi. Katta ehtimol bilan “quloq va ruhoniy kimsa, yot sinf vakiliga jismoniy va ruhiy taʼqib oʻtkazilgan. Shuning uchun ham “uchlik” changaliga yetib bormagan.

    Oqqan daryo oqaveradi

    Arslonlar yurtida arslon ulgʻayar, degan naql bor. Bosqinchi tuzum xalqimizning asl farzandlarini yoʻq qilishga koʻp urindi. Ehtimol, oʻsha vaqtda bobolarimiz jismonan mavh etilgandir, ammo xalqimiz oʻzligini, asl naslini saqlay oldi. Masalan, ozodlik kurashchisi boʻlgan Hotam Shernazarov, qatagʻon qurbonlari Mustafoqul va Murtazoqulning avlodlari istiqlol yillarida gurkiradi, qanot yozdi! Jumladan, Hotam Shernazarovning Yanglish, Ortigʻoy ismli qizlaridan koʻplab farzandlari usta tadbirkor, sanʼatkor, muhandis, taʼlim fidoyisi boʻlib yetishadi!

    Mustafoqul Shernazarov avlodlarining barchasi oʻqimishli, ziyoli, el orasida katta obroʻga ega rahbar insonlarga aylandi. Uning toʻngʻich oʻgʻli Abdunabi Mustafoqulov yetuk rahbar, ustoz-muallim, Ahmadali Shernazarov ustoz-jurnalist sifatida katta shuhratga erishadi. Ular fidokorona mehnatlari uchun davlat orden-medallariga sazovor boʻldi. Hozir son-sanoqsiz nabiralar orasidan oʻnlab vrach, huquqshunos, oʻqituvchi, jurnalist, muhandis, dasturchilar yetishib chiqqan. Ular jamiyatning eng oldi vakillari sifatida sogʻliqni saqlash, taʼlim, sud-huquq organlari, OAV, axborot texnologiyalari, energetika kabi sohalarda faoliyat koʻrsatyapti. Ular oʻz vatani, milliy oʻzliklari bilan cheksiz faxrlanishadi! Qatagʻonga uchragan Shernazar bobo, ozodlik uchun kurashda shahid ketgan Hotam bobo tomonidan qoʻyilgan tamal toshi ustiga ezgulik gʻishtini qoʻyishni oʻzlarining burchi deb bilishadi!

    Shernazar bobo avlodlari istiqlol qanday neʼmat ekanini oʻz taqdirlari orqali yaxshi anglaydi. Boshqalarni ham uni asrab-avaylash, shunga munosib boʻlishga chaqiradi. Ha, adolat tiklanayotgan Oʻzbekistonda “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan gʻoya atrofida jipslashishimiz shart!


    Abdurahmon MUSTAFOQULOV,

    jurnalist


    (Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 29.08.2024 y, 174-sonida chop etilgan)