Soʻnggi lahzagacha harbiy libosda xizmat qilgan general

    1949-yilning ayni saraton payti, kun nihoyatda qizgan, butun borliq jazirama hukmiga topshirilgandek. Daraxtlar, butalar va oʻt-oʻlanlar qovjirab ketgan. Faqatgina hovuz va ariqlar boʻylarida yashillik saqlangan.

    Bu paytda Keles shaharchasining tuproqli va tosh koʻchalarida oʻzgacha tarovat va sokinlik hukmron edi. Ushbu sokinlikni 1949-yilning 14-iyulida shaharcha xonadonlarning birida yangi tugʻilgan chaqaloq yigʻisi buzdi. Bu pahlavon kelbat chaqaloq Niyozqul aka va Buzahro opa Chinaliyevlar xonadonida dunyoga keldi. Toʻngʻich farzandi dunyoga kelgan Niyozqul aka unga yaxshi niyat bilan Shuhrat deb ism qoʻydi.

    Niyozqul aka ziyoli odam boʻlib, asli Qozogʻistonning Chimkent viloyati Sayram tumanining Bodom qishlogʻida tugʻilgan. Sayram buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida bir necha bor tilga olingan va koʻplab avliyolarning soʻnggi makoni boʻlmish soʻlim goʻshadir. Mana shu ajoyib tumanning Bodom qishlogʻida bolalik davrlari oʻtgan. Niyozqul aka farzandlari tarbiyasiga alohida eʼtibor berardi. Koʻngli va qoʻli ochiq boʻlganligi uchun ham koʻpchilik u kishiga murojaat qilardi. Uning yoniga yordam soʻrab kelgan odamlarga qoʻlidan kelgancha yordamini ayamagan. Otamlarning aytishicha, Keles shahridagi taxta omborida mudir boʻlib ishlagan Niyozqul aka, qurilish ashyosi taqchil vaqtda ham hech kimni norozi qilmagan ekanlar. Niyozqul aka Buzahro opa bilan toʻqqiz nafar farzandni oq yuvib, oq taragan, bular: Shuhrat, Hojiakbar, Shokir, Sherali, Shahlo, Shukur, Botir, Zokir va Barnolardir.

    Niyozqul aka farzandlarini oilada vatanparvarlik ruhida tarbiyaladi. Bu esa oʻz navbatida toʻngʻich farzandi Shuhratni 1966-yil maktabdan soʻng, sobiq SSSR IIV Saratov ichki qoʻshinlar bilim yurtiga olib keldi. Toshkentda zilzila boʻlgan va davom etayotgan vaqt edi. Boʻyi baland va kelishgan yigit bilim yurti ofitserlarini diqqatini oʻziga tortdi, lekin baribir birinchi urinishi zoye ketdi, oʻqishga kira olmadi. Lekin yosh Shuhrat chekinmadi va keyingi yil yana harakat qildi. Bir yil oldin imtihon vaqtida Saratovdagi bilim yurti rahbarlarning diqqatini oʻzining tirishqoqligi bilan tortgan yosh Shuhrat muvaffaqiyat bilan imtihonlarni topshirib, oʻqishga qabul qilindi. Bu voqea 1967-yili boʻlgan edi.

    Shunday qilib Shuhrat Niyazov oʻz hayotini ona Vatanga xizmat qilishga bagʻishladi. Oʻqishdagi muvaffaqiyatlari uchun bilim yurti qoʻmondonligi Shuhratning ota-onasiga bir necha marotaba minnatdorlik maktublarini yubordi. Harbiylik Shuhratning qon-qoniga singib ketdi va u hayotini boshqa sohada tasavvur qila olmas edi. Bilim yurtini tamomlagach, 1971-yili Shuhrat Niyazov Oʻzbekiston hududidagi sobiq Ittifoq IIV tizimidagi ichki qoʻshinlarda xizmat qila boshladi. Bu yerda yosh ofitser general-leytenant Burxon Sirojiddinovdek zabardast qoʻmondonlardan saboq oldi, hayot maktabini oʻtadi, harbiy xizmat sirlarini oʻrgandi. Qoʻmondonlik uni qayerga yubormasin, u vazifalarni sidqi dildan bajarib, komandirning eʼtirofiga sazovor boʻladi. Shuhrat Niyazov komandirlik qilgan boʻlinmalar hamisha ilgʻor boʻlardi. Bunga Saratov Oliy harbiy bilim yurtida olgan bilimlari asosiy omil hisoblanardi. Yosh ofitser oʻz ustida tinmay ishlardi, kasbiy mahoratini oshirardi. IIV tizimidagi Ichki qoʻshinlarda oddiy vzvod komandiridan boshqarma shtab boshligʻi lavozimigacha koʻtarildi va polkovnik unvonini oldi.

    1993-yil mart oyida Respublika Oliy bosh qoʻmondoni va hukumati uni IIV Toshkent Oliy harbiy-texnik bilim yurti boshligʻi lavozimiga tayinladi. Bu bilim yurti 1990-yil 15-oktyabrda tashkil etilgan boʻlib, sobiq Ittifoq IIV tizimiga ofitser kadrlarni tayyorlardi. Shuhrat Niyazovga bilim yurti moddiy texnik bazasi ayanchli ahvolda, taʼlim jarayoni ham haminqadar ahvolda topshirildi. Endilikda taʼlim muassasasi boshligʻi etib tayinlagan Shuhrat Niyazov boʻlajak ofitserlarni Vatanimiz va mustaqillikka sodiq farzand etib tarbiyalashga eʼtiborini qaratdi. Davlatimiz yosh, mustaqillikning birinchi odimlarini qoʻyayotgan vaqt edi. Shuhrat Niyazov oldida oʻquv jarayoniga xalaqit bermasdan, taʼlim muassasasi moddiy-texnik bazasini yaratishdek ulkan vazifa turar edi. 44 yoshli rahbar kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishladi. Ayniqsa, Qozogʻiston Respublikasi hududida joylashgan bilim yurtining “Darboza” harbiy poligonini Oʻzbekistonga koʻchirish muayyan qiyinchiliklar tugʻdirdi. Lekin Shuhrat Niyazov buni uddasidan chiqdi va u yerdagi asbob-uskunalar, jihozlarni hamda infratuzilmani hech qanday yoʻqotishlarsiz Oʻzbekistonga koʻchirib kelishga muvaffaq boʻldi. Mana shuning oʻzi ham bir jasorat edi. Bilim yurtidagi oʻquv jarayonini yuqori saviyaga koʻtarish, moddiy-texnik bazasini yaratish, borini yanada takomillashtirish va mustahkamlash kabi vazifalar bilan birga shaxsiy tarkib maʼnaviy tarbiyasiga ham katta eʼtibor berardi. Majlislar va yigʻinlarda shaxsiy tarkibni birinchi navbatda oilaviy muhitni moʻtadillashtirishga undardi.

    Sir emas, harbiy xizmatchi asosan xizmatda boʻlib, uyga nisbatan kamroq boradi va bu oilada turli norozilik hamda kelishmovchiliklarni keltirib chiqarar edi. Shuhrat Niyazov oilani muqaddas bilib: “Oilasiga xiyonat qilgan harbiy xizmatchi, vataniga ham xiyonat qiladi!”, derdi. Oʻzi ham toʻrt farzandni rafiqasi Miyassar Niyazova bilan voyaga yetkazdi. Farzandlarining barchasi Izzat, Ikrom, Rustam va Alisher otasining yoʻlidan borishib, harbiy boʻldi. Hozir ikkinchi oʻgʻli polkovnik Ikrom Niyazov Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi boʻlinmalarida xizmat qilmoqda. Boshqa farzandlari nafaqada. Generalning nabiralari Akmal, Adham va Doston Shuxratovlar bobosining izidan borishmoqda. Shuhrat Niyazovning ukalari ham akasi izidan borib, Saratov harbiy bilim yurtini tamomlab, IIV tizimidagi turli boʻlinmalarda xizmat qilishdi. Hojiakbar podpolkovnik, Shukur va Sherali polkovnik boʻlishdi. Shokir kapitan unvonigacha xizmat qilib, tadbirkor boʻlib ishladi. Ukalaridan faqat Botirgina harbiy boʻlmadi. Kenja ukasi polkovnik Zokir Chinaliyev Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi safida xizmatni davom ettirmoqda.Singlisi Barno IIV Qorovul qoʻshinlarida serjant boʻlib xizmat qilib, hozirgi kunda nafaqada. Toʻngʻich oʻgʻli Izzat Niyazov ham otasi va amakilari bitirgan Saratovdagi bilim yurtida oʻqigan.

    Maʼlumki, davlatimiz sarhadlariga suqilib kirgan terrorchi guruhlarga qaqshatqich zarba berishda general Shuhrat Niyazov shaxsan oʻzi qatnashib, jangovar amaliyotlarni nafaqat rejalashtirishda, balki amalga oshirishda ham ishtirok etardi. Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining togʻli hududlariga bostirib kirgan terrorchi guruhlarni yoʻq qilishdagi janglarda general qoʻliga qurol olib jangovar amaliyotlarda qatnashdi. “Sizga nima? General boʻlsangiz! Ana askar va ofitserlar yetarli-ku, oʻzlari eplashadi”, deb boshqa generallar aytishganda ham. “Yoʻq bu askar va ofitserlarni uyda ota-onasi kutib oʻtiribdi. Oʻzim ularning yonida boʻlsam koʻnglim xotirjam boʻladi”, deb javob berarkanlar. Bobomiz buyuk Sohibqiron Amir Temur aytganlaridek: “Lashkar bexato boʻlmas ekan”.

    Avvaliga tajribasizlik qilib, talafotlar va yoʻqotishlar boʻldi. Mana shu yoʻqotish va qurbonlarni oldini olish uchun general Shuhrat Niyazov qoʻlidan kelgancha harakat qildi. General Shuhrat Niyazov qoʻl ostidagi har bir harbiy xizmatchini oʻz farzandidek koʻrib, ularning hayoti uchun javobgarlikni qattiq his qilar edi. Janglarda harbiy xizmatchilar talafot koʻrmay, jangovar vazifani bajarishlarini istardi. Oilada yagona farzand boʻlgan yigitlarni jangovar amaliyotga jalb qilmaslikka harakat qilardilar. Jangovar amaliyotdan avval, shaxsan oʻzi harbiy xizmatchilarga yoʻriqnoma oʻtardi va jangda behudaga oʻzlarini oʻqqa-choʻqqa urmasliklarini taʼkidlardi. 2000-yil kuzida respublikamiz zaminiga suqilib kirgan terrorchilarni yoʻq qilishda general shaxsan oʻzi maxsus boʻlinma harbiy xizmatchilari bilan vertolyotda uchib, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanining Qirgʻiziston chegarasi bilan yondosh boʻlgan togʻli hududlarini jangarilardan tozalashda qatnashib, sakkiz nafar terrorchilarni yer tishlatishda faol ishtirok etib, gʻalaba bilan qaytib kelgan. Eng asosiysi, mazkur amaliyotda shaxsiy tarkib orasida yoʻqotishlar boʻlmagan. Hamma sogʻ-salomat bazaga qaytib kelgan. Jangovar amaliyotlarda qatnashgan generalni, ayniqsa, shaxsiy tarkib alohida hurmat qilardi va yaxshi koʻrardi. General Shuhrat Niyazov: “Birinchi navbatda shaxsiy tarkib salomatligi, qolgani sekin boʻlaveradi”, deb koʻp takrorlardi.

    General Shuhrat Niyazov doim shaxsiy tarkib uchun jon kuydirardi. Qolaversa, harbiy xizmatchilar Niyazovni jangovar general, deyishardi.

    Jannatmakon Oʻzbekistonimiz haqida general Shuhrat Niyazov shunday derdi: “Men Oʻzbekistonni ajoyib bir xilqatga oʻxshataman, ich-ichimdan yaxshi koʻraman. Lekin biror kimsa yurtimga tajovuz qilsa, soʻnggi tomchi qonim qolguncha himoya qilaman.”.

    Bunday soʻzlarni faqat haqiqiy vatanparvar ayta oladi. Yangi Oʻzbekistonni qurayotgan yoshlar uchun mana shunday insonlar haqida koʻproq maʼlumotlar kerak. Chunki harbiy vatanparvarlik yangi Oʻzbekistonni qurayotgan yoshlar uchun eng kerakli his-tuygʻudir. Hukumatimiz general Shuhrat Niyazovning mehnatini munosib taqdirladi: ikkinchi darajali “Shon Sharaf” hamda “Shuhrat” ordenlari va boshqa medallar hamda Prezident yorligʻi bilan mukofotladi.

    Oʻsha kuni IIV Markaziy gospitalida davolangan general Shuhrat Niyazov, rafiqasi dazmollagan xizmat kiyimini kiyishdan oldin sartaroshga soch-soqolini oldirdi. Toshoynaga qarab xizmat kiyimini kiydi, yana sochini tarab oldi va rafiqasi Muyassar opaga mehr bilan boqib: “Bu yil ikkimiz ham 60 yoshga toʻlar ekanmiz, charchadim, pensiyaga chiqib, bir dam olamiz”, dedilar. Muyassar opa: “Unaqa demang, sizni hech kim pensiyaga qoʻyib yubormaydi. Men hozir kelaman.”, deb qoʻshni xonaga chiqib ketdilar. Daqiqa oʻtmasdan: “Muyassar!!!”, degan generalning ovozi yangradi. Muyassar opa zudlik bilan general oʻtirgan xonaga qaytib keldi. Xonadagi divanda koʻksini changallagancha general oʻtirar edi. Yordamga yetib kelgan shifokorlarning muolajalariga qaramasdan general Shuhrat Niyazov bu yorugʻ olamni tark etdi. Istiqlol fidoiysi, mustaqilligimizning atoqli himoyachisi, boʻlajak ofitserlarning mehribon ustozi, jangovar general Shuhrat Niyazovning otashin yuragi urishdan toʻxtadi. Jon berayotganlarida ham xizmat kiyimiga sodiq qoldilar va jangovar postda vafot etdilar. General harbiy xizmatda kecha-kunduz mehnat qilib tinmaganlari uchun bir kun ham mehnat taʼtiliga chiqmaganlar. Bu voqea 2009-yil 5-yanvarda sodir boʻldi.

    Darvoqe, bilim yurtiga qariyb oʻn olti yil boshliq boʻldilar. Mana oradan roppa-rosa 15-yil oʻtdi, generalning qabri uzra har bahor gul-chechaklar gullaydi. Agar hayot boʻlganlarida bu yil 75 yoshga kirardilar. Muborak yosh. Nabiralarning oʻz izidan borganligini koʻrib xursand boʻlardilar, keksalik gashtini yaqin doʻstlari Xayrulla aka bilan surardilar. Afsuski, beshafqat oʻlim u kishini oramizdan olib ketdi. Bu yorugʻ olamni tark etgan boʻlsalar ham general Shuhrat Niyazov xotirasi hozirgi kunda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklarida, Davlat Bojxona qoʻmitasi va Davlat Xavfsizligi qoʻmitasida xizmat qilayotgan minglab shogirdlari va vatandoshlari qalbida mangu yashaydi. Har yili 5-yanvar hamda 9-may sanalarida generalning safdoshlari u kishining qabrlarini ziyorat qilishadi. Buyuk bobokalonimiz va jadidlarni eng ilgʻori Abdulla Qodiriy aytganidek: “Moziyga qarab ish koʻrmoq xayrlidir!”. Biz yoshlarga general Shuhrat Niyazovning hayotini ibrat sifatida targʻib qilishimiz kerak.


    Toʻlqin SAYDALIYEV,

    filologiya fanlari nomzodi, dotsent, isteʼfodagi podpolkovnik