Mazkur loyiha 2022-yilda yoʻlga qoʻyilgan.
Undan koʻzlangan asosiy maqsad yoshlarni Ikkinchi jahon urushi tarixi bilan chuqurroq tanishtirish, qirgʻinbarot janglar kechgan joylarga borib, urush davrining dahshatlari, talafotlari haqida tushuncha va tasavvur hosil qilish hamda ajdodlarimizning qahramonliklarini bir umr yodda saqlash avlodlarning muqaddas burchi ekanini anglatishdan iborat.
Joriy yil 20-iyundan 5-iyulga qadar tashkil etilgan “Xotira poyezdi” loyihasida Oʻzbekistondan 15 nafar oʻquvchi ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning ushbu loyihadan olgan taassurotlari va fikr-mulohazalari hamda masʼullarning taklif-tavsiyalari eshitildi.
Shuningdek, Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva Ikkinchi jahon urushida Oʻzbekiston ishtirokining muhim jihatlariga toʻxtalib oʻtdi.
Jumladan, mamlakatimiz hududida yashagan 6 yarim million aholining 1 yarim millionidan ortigʻi urushda ishtirok etgan. Ularning yarim milliondan ziyodi halok boʻlgan va 133 mingga yaqin yurtdoshimiz bedarak yoʻqolgan. 60 mingdan ortiq vatandoshimiz urushdan nogiron boʻlib qaytgan.
Xalqimiz urush tufayli front hududlaridan koʻchirib keltirilgan qariyb 1,5 million kishini oʻz birodarlaridek qabul qilgan. Ularning 250 mingdan ziyodi bolalar edi. Yuzlab oʻzbek oilalari evakuatsiya qilingan yetim bolalarni oʻz bagʻriga olgani, oxirgi burda nonini ham ular bilan baham koʻrgani insonparvarlikning chinakam namunasi boʻldi.
Bir soʻz bilan aytganda, xalqimizning Ikkinchi jahon urushi davrida front ichida va front ortida koʻrsatgan qahramonligi shu qadar yuksak boʻlganki, bu shonli gʻalabani Oʻzbekistonsiz, oʻzbek xalqisiz aslo tasavvur qilib boʻlmaydi.
Senat Raisi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtalib oʻtdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.