Samad Vurgʻun: “Yuraklarga ohang solgan nay boʻla olsam...”

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 15-oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida tashkilotga aʼzo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildlik kitoblar turkumini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish gʻoyasini ilgari surgan edi.

    Ushbu ezgu tashabbus asosida Oʻzbek adabiyoti hamda turkiy tilda soʻzlashuvchi xalqlar adabiyotining yuksak namunalaridan xalqimizni har tomonlama bahramand qilish, ulugʻ ota-bobolarimiz va turkiy tilda soʻplashuvchi xalqlarning buyuk allomalari, adiblarining boy adabiy merosi, shuningdek, bugungi zamonaviy adabiyotining sara namunalarini bir majmuada xalqimizga yetkazib berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-sentyabrdagi farmoyishiga muvofiq, Turkiy tilda soʻzlashuvchi davlatlarning milliy adabiyoti namunalaridan iborat 100 jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” asarlar majmuasi nashr etildi.

    Ushbu 100 jildlik asarlar majmuasini tayyorlashda 200 dan ziyod tarjimonlar qatnashdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yana 100 dan ziyod adabiyotshunos va matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va rassomlar nashrga tayyorlash, chop etish ishlariga keng jalb etildi. Ular safida “Oʻzbekiston” nashriyoti Bosh muharriri,Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir, tarjimon va noshir Muhiddin Omon ham bor.

    Qadimiy ildizlar tutash qalblar ohi-la yangradi

    Mazkur loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad oʻzbek adabiyoti hamda turkiy tilda soʻzlashuvchi xalqlar adabiyotiningyuksak namunalaridan xalqimizni har tomonlama bahramand qilish, ulugʻ ota-bobolarimiz va turkiy tilda soʻplashuvchi xalqlarning buyuk allomalari, adiblarining boy adabiy merosi, shuningdek, bugungi zamonaviy adabiyotining sara namunalarini bir majmuada xalqimizga yetkazib berish, oʻzbek adabiyoti hamda turkiy tilda soʻzlashuvchi xalqlar adabiyoti namunalari bilan yanada yaqindan tanishtirishtirishdan iborat.

    Shuningdek, loyiha Turkiy tilda soʻlashuvchi xalqlarning qadimiy ildizlari birligi, ularning umumiy qadriyatlari, qardoshligi asosida yanada yaqinlashtirish, madaniy, maʼnaviy sohalardagi aloqalarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

    – Ushbu muhtasham majmuaning taqdimotlari, 2023-yilda Ozarbayjonning Boku shahrida tashkil etilgan Kitob koʻrgazma yarmarkasi doirasida, hamda Turkiyadagi xalqaro anjumanlarda yuqori darajada oʻtkazilib, xalqaro eʼtiroflarga sazovor boʻldi, – deydi Muhiddin Omon. – Shaxsan mening oʻzim ushbu majmuadagi Ozarbayjon Xalq shoiri Samad Vurgʻunning sheʼrlarini masʼul muharrir sifatida nashrga tayyoladim. Zamonaviy Ozarbayjon sheʼriyat antologiyasi uchun esa XX asr boshlarida yashab ijod etgan Ozarbayjon shoiri Mirza Hasan Qorabogʻiyning gazallarini oʻzbek tiliga tarjima qildim.

    Shuningdek, Zamonaiy Oʻzbek sheʼriyati antologiyasiga ham Muhiddin Omonning bir turkum sheʼrlarim kiritilib, mazkur 100 jildlik majmuaning mualliflari qatoridan joy oldi.

    Aytish mumkinki, ushbu nashr nafaqat Turkiy davlatlar tashkiloti aʼzolari, balki, butun dunyoning ijodkor ziyolilari, adiblari, adabiyotshuoslari va kitobxonlari uchun ham munosib tuhfa, bir soʻz bilan aytganda tarixiy voqea boʻldi. Va bu Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviyat va maʼrifat sohasida olib borayotgan ulkan islohotlarining yorqin namunasi,olamshumul natijasi boʻldi.

    Elparvar shoirning oʻlmas merosi

    Mazkur keng koʻlamli asarlar majmuasiga umumturkiy adabiyotning qadimgi davrlarda to XXI asrning shu kunlariga qadar yaratilgan eng yetuk namunalari, Oʻzbekiston, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, shuningdek, kuzatuvchi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya davlatlarining atoqli shoir, adib va mutafakkirlarining asarlari kiritildi.

    Ushbu adabiy xazina oʻz mohiyatiga koʻra, nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Turkiy tilli davlatlar orasida ilk bor roʻyobga chiqarilgan yirik adabiy loyihaning amaliy ifodasi, boshqacha qilib aytganda, Yangi Oʻzbekistonning chin maʼndoga maʼnaviyat mahsuli, ona yurtimizda madaniyat va sanʼatga koʻrsatilayotgan ulkan gʻamxoʻrlikning, xalqimizning qardosh xalqlar va ularning soʻz sanʼatiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi ramzidir.

    Majmuada barcha turkiy tilli xalqlar adabiyoti vakillariga keng va munosib oʻrin berilgan.

    Xususan, toʻplamda jami 117 nafar mashhur shoir va adibga alohida jild ajratilgan. 52 nafar ijodkorning asarlari oʻziga zamondosh, uslubi va yoʻnalishi jihatidan yaqin va hamohang boʻlgan boshqa adib va shoir bilan bitta jildga kiritilgan. Agar malliflarning umumiy sonini aytadigan boʻlsak, mazkur 100 jildikda jami 1018 nafar adib va shoirlarning ijodiy ishlari qamrab olingan.

    – Mazkur majmuanng oʻzim muharrir sifatida nashrga tayyorlgan 63-jildida oʻquvchilar hukmiga havola etilgan ijodkor Samal Vurgʻun atoqli ozarbayjon shoiri, dramaturg va jamoat arbobidir, – deydi shoir va tarjimon Muhiddin OMON. – U 1943-yilda Ozarbayjonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, 1945-yilda esa Ozarbayjon Fanlar akademiyasi akademigi, 1955-yilda Ozarbayjon xalq shoiri unvonlariga sazovor boʻlgan. Shoirning ilk ijodiy faoliyati 1924-yildan boshlangan. Otash yurakli ozarbayjon shoiri ijodining dastlabki davrida ozarbayjon sheʼriyatiga kirib kelayotgan formalizm koʻrinishlariga qarshi kurashgan. Xususan, uning “Shoirning qasami” (1930), “Fonar” (1932) sheʼriy toʻplamlari, “26” (1935), “Basti” (1937), “Toliston” (1938) va “Mugʻon” (1940) dostonlarida XX asrning 30-yillaridagi mehnat va kurash romantikasi oʻz ifodasini topgan.

    Xalqlar oʻrtasidagi qardoshlik tuygʻulari tarannumi

    Samad Vurgʻunning ijodida “Voqif” sheʼriy dramasi (1937) alohida ahamiyatga ega boʻlib, unda XVIII asrda yashagan ozarbayjon shoiri Voqifning mashaqqatli hayoti va ijodiy faoliyati katta mahorat bilan tasvirlangan. Shuningdek, uning Nizomiyning “Xusrav va Shirin” dostoni asosida yozilgan “Farhod va Shirin” dramasi (1941) ham ozarbayjon teatr sanʼatining rivojida muhim oʻrin tutadi. Shoirning “Xonlar” (1939) sheʼriy dramasi, “Ona soʻzi” (1941), “Oygun” (1951), “Negr soʻzlaydi” (1948) dostonlari hamda “Yondirilgan kitoblar” (1947) sheʼriy toʻplami uning xalq orasidagi shuhratini yanada oshirdi.

    Insonparvarlik, vatanparvarlik va xalqlar oʻrtasidagi qardoshlik va doʻstlik tuygʻularini tarannum etish Samad Vurgʻun ijodining gʻoyaviy asoslarini tashkil etadi.

    Tarjimon Muhiddin Omonning taʼkidlashicha, Samad Vurgʻun ozarbayjon sheʼriyatida zamonaviy til va uslubning shakllanishiga katta hissa qoʻshgan. U oʻz ijodiy faoliyati davomida Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Shota Rustaveli, Aleksandr Pushkin, Taras Shevchenko, Maksim Gorkiy kabi jahonga mashhur adib va shoirlarning asarlarini ozarbayjon tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. Shoirning birqancha sheʼr va dostonlari oʻzbek tilida nashr etilgan. Jumladan, ushbu “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasiga kiritilgan saylanmaga shoirning oʻzbek tilida 1953-yilda “Oʻzdavnashr” nashriyotida chop etilgan “Tanlangan asarlar”, 1978-yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etilgan “Yurakdagi soʻz”, hamda 1990-yilda dunyo yuzini koʻrgan “Toʻrt soʻz” nomli kitoblari asosida tartib berildi. Albatta, shoirning sheʼr, ballada va dostonlaridagi ayrim lavhalar bugungi kun nuqtayi nazaridan juzʼiy qisqartirish va tahrirlar asosida taqdim etildi. Kitobga kiritilgan asarlarni oʻzbek adabiyotining ustoz shoir va tarjimonlari Mirtemir, Nasrullo Oxundiy, Ahmad Bobojon hamda Razzoq Abdurashidlar oʻzbek tiliga oʻta nozik did, ajib zarofat va mahorat ila oʻgirishgan.

    Noyob majmuadan, shuningdek, 1953-yilda chop etilgan “Tanlangan asarlar” nashri uchun Oʻzbekiston Xalq shoiri, atoqli dramaturg va adabiyotshunos Maqsud Shayxzoda qalamiga mansub soʻzboshi ham oʻrin olgan. Zero, unda, zakiy adabiyotshunos olim va shoir Shayxzoda tomonidan Samad Vurgʻun ijodining tub ildizlari, mazmun-mohiyati, asl maslak-muddaolari juda teran va muxtasar tarzda ochib berilgan. Ayni shu jihatariga koʻra, Shayxzodaning ushbu maqolasi bugungi kun oʻquvchilari uchun ham oʻta qiymatlidir.

    Zero, har bir satrida jafokash ona xalqining dardu hasratini kuylagan, oydin kunlarini orzulagan elparvar shoir Samad Vurgʻunning sheʼriyati hali yana necha-necha avlod sheʼriyat ixlosmandlari koʻngliga ezgulik urugʻlarini qadab, ularni insoniy kamolot yoʻliga boshlayveradi.

    Kelur navoga koʻngil furqatingda shomu sahar

    Mirza Hasan Qorabogʻiy XIX asrning ikkinchi yarmida Ozarbayjonning Qorabogʻ viloyatiga qarashli Shusha shahrida yashab, ijod etgan. Bu dilbar shoir Fuzuliy va Navoiyni birdek oʻziga ustoz deb bilgan. Uning ijodiy merosida Navoiy va Bobur sheʼriyatining ohanglarini ilgʻash u qadar mushkul emas. Qorabogʻiy ozarbayjon, fors va hatto oʻzbek tillarida ham gʻazallar yozgan. Uning fors va ozarbayjon tillarida bitilgan gʻazal, masnaviy, ruboiy, qitʼa, tarkiband, taxmis va tamsillaridan tarkib topgan umumiy olti ming baytdan oshiqroq keladigan devoni mavjud.

    – Mirza Hasan Qorabogʻiying gʻazallarini oʻzbek tiliba oʻgirishimga sabab bu shoir Alisher Navoiyning shogirdi deb bilgan va mutafakkir bobomiz ijodini juda qadrlagan, – deydi tarjimon Muhiddin Omon. – Mirza Hasan Qorabogʻiy Hazrat Navoiydan ilhomlanib, oʻzbek tilida ham gʻazallar bitgan. Shoir gʻazallarining asl sarchashmasi Alisher Navoiy ijodi boʻlgani uchun ularni tarjima qilish u qadar qiyin boʻlmadi. Darvoqe, uning oʻgʻli Xalil Yuzbashov ham shoir boʻlib, u Navoiy asarlarini ozarbayjon tiliga tarjima qilgan. Ana shu jihatlar sababli Men Mirza Hasan Qorabogʻiyning gʻazallarini alohida ehtirom ila tarjima qildim... Ayniqsa, shoirning yor hajrida intizorlik chekayotgan oshiq tilidan bitilgan mana bu misralari menga juda yoqdi:

    Kel, ey, hayoning timsoli, yori gʻamguzorim kel,

    Kel, ey, anisi, dili zori beqarorim kel!

    Kelur navoga koʻngil furqatingda shomu sahar,

    Tutib jahonni sarosar figʻonu zorim kel!

    Ketibdur sabru qarorim, yoʻqolmish tobu tabon,

    Kel, ey, koʻzum, azizim, toqatim, qarorim, kel!

    Ustoz Shoirimiz Mirtemir tarjimasidagi bir sheʼrida esa Samad Vurgʻun “Yuraklarga ohang solgan nay boʻla olsam”, deydi. Muhiddin Omon kabi mohir tarjimonlarimiz oʻzbek tiliga oʻgirgan misralar ham adabiyotga shaydo yuraklarga ohang olib kirsin, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstligimiz, birdamligimiz yanada mustahkam boʻlsin, deymiz.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi