Samarqand davlat universiteti 600 yoshda

    Ta'lim 19 Iyul 2020 6074

    Mamlakatimiz ilm-fani va madaniyati jahonga tanilishida Samarqand davlat universitetining oʻrni beqiyosdir.

    SamDU Markaziy Osiyodagi eng qadimgi va yirik oliy taʼlim muassasalaridan biri sifatida rasman XX asrning boshlaridan faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsada, uning tarixiy ildizlari Mirzo Ulugʻbek davriga — Mirzo Ulugʻbek Oliy madrasasiga borib taqaladi (XVasr). Dunyo ilm-faniga beqiyos hissa qoʻshgan bu oliygoh oʻsha davrlarda olamda tengi yoʻq Rasadxonasi, Temuriylar nomi bilan mashhur yirik kutubxonasi bilan jahonga dongʻi ketganligi bugun hech kimga sir emas.

    Men oʻzimning “Temuriylar kutubxonasining siri” (“Yangi asr avlodi, 2016-yil) nomli detektiv qissam orqali Sulton Mirzo Ulugʻbekning shaxsan oʻzi mudirlik qilgan ana shu mashhur kutubxona, uning tashkil topishi, kitob fondining boyitilishi va nihoyat uning jaholat va xurofot kuchlari tomonidan yoʻq qilinishining oldini olish maqsadida podshohning topshirigʻi bilan Ali Qushchi tomonidan yashirilishi bilan bogʻlik tarixiy voqealarga jamoatchilik eʼtiborini qaratib, Padarkush togʻi bagʻrida yashirinib yotgan ushbu bebaho kutubxonani izlab topish masalasini koʻtargandim...

    Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi buyuk allomalar tomonidan bunyod etilgan bu ulkan ilm daraxti besh yuz yil davomida necha marta chopildi, shoxlariga necha bora bolta urildi. Ammo, uning baquvvat, uchi irfon suviga borib yetgan tomirini quritish hech kimning qoʻlidan kelmadi. Va nihoyat oʻtgan asrning 20 yillarida ana shu yoʻgʻon tomirlar ustida yangi dorulfunun barpo etildi.

    Bu muborak taʼlim dargohi oʻzining faoliyati davomida bir necha yuz minglab yuqori malakali mutaxassislarni yetkazib berdi. Ibrohim Moʻminov, Sulton Umarov, Ubay Oripov, Yahyo Gʻulomov, Olovuddin Bahovuddinov, Vohid Abdullayev, Akbar Otaxoʻjayev, Akobir Adhamov, Toshpoʻlat Shirinqulov, Boturxon Valixoʻjayev, Sayid Shermuhammedov, Shavkat Vohidov, Tolib Moʻminov, Muxsin Ashurov kabi akademik olimlar, Hamid Olimjon, Uygʻun, Mirtemir, Usmon Nosir, Habib Yusufiy, Sharof Rashidov, Asqad Muxtor kabi oʻnlab ijodkorlar hamda davlat, madaniyat va fan arboblari mana shu universitetda voyaga yetganlar moʻtabar zotlarning kamgina qismi xolos.

    Keyingi yillarda universitetning nufuzini yana-da koʻtarish, uning mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasidagi xalqaro reytingini oshirish borasida katta ishlar qilinmoqda. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 24-iyuldagi qaroriga asosan, 2018-2021-yillarda Samarqand davlat universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlan.

    Dasturda universitet oldiga mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishini taʼminlovchi fan va texnika sohalari boʻyicha fundamental hamda amaliy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish bilan birga Markaziy Osiyo hududida faoliyat yuritgan allomalarning islom madaniyatiga qoʻshgan hissasi, ilm-fanga doir qoʻlyozmalari, nodir kitoblari va boshqa qadimiy manbalarni, chet ellik mutaxassislarning fikr-mulohazalarini oʻrganish orqali ularning ilm-fan hamda taʼlim taraqqiyotidagi oʻrni va tarixini keng targʻib qilish asosiy vazifalar qoʻyilgan. Shu oʻrinda yurtimiz zaminida bekinib, avlodlarini mushtoq boʻlib kutib yotgan bebaho xazina mashhur Temuriylar kutubxonasini topish va uni oʻrganish ana shu dasturning bosh maqsadlaridan biri boʻlishiga umid qilamiz.

    Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, davlatimiz rahbarining 2019-yil 8-oktyabrdagi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan, Samarqand davlat universitetini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Rankingof World Universities) reytingining birinchi 500 ta oʻrindagi OTM roʻyxatiga kiritish vazifasi belgilab berildi. Bu ham universitet oldiga qoʻyilgan ulkan vazifa va yuksak ishonchdir.

    2020-yil 29-aprelda Oliy taʼlim faoliyati bilan bogʻliq yana bir yangilik boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Samarqand davlat universitetlarida yuridik fakultet tashkil etilib, joriy yildan “yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha talabalar qabul qilish boshlandi.

    Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2020-yil 26-iyundagi “Samarqand davlat universitetining 600-yillik yubileyini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori universitetning xalqaro nufuzini koʻtarishda muhim qadam boʻldi. Bugun yurtimiz jamoatchiligi, ilm ahli tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olingan tarixiy qaror yangi Oʻzbekiston ilm-fani, madaniyati va tarixiga yangicha qarashni shakllantirishda muhim qadam boʻladi.

    Men ham ana shu ulugʻ dargohda ilm olgan koʻp sonli bitiruvchilar nomidan dorulfununni 600-yillik qutlugʻ yoshi bilan tabriklab, yaqin yillarda uning Harvard, Oksford, Kembridj kabi salohiyatli universitetlar qatoridan oʻrin olishiga umid qilaman.

    Komil Sindarov,

    yuridik fanlar doktori, Oʻzbekiston yozuvchilar

    uyushmasi aʼzosi, yozuvchi