Konferentsiya doirasida agrar tarmoqni isloh qilishdagi O'zbekiston yutuqlari taqdimoti o'tkaziladi, shuningdek, bilimlar va innovatsion echimlar transferini yo'lga qo'yish uchun jahon hamjamiyati tajribasi muhokama etiladi.
Aytish joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini etishtirish hajmlarini ko'paytirish orqali ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta'minlash hamda mamlakatning eksport salohiyatini oshirish maqsadida ekin maydonlari sezilarli darajada kengaytirildi.
Bundan tashqari, sohaga zamonaviy texnologiya va usullarning kiritilishi hosildorlikni oshirishga imkon berdi. eng muhimi, mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligi mustahkamlanib, xalqimiz sifatli va arzon qishloq xo'jaligi maxsulotlari bilan ta'minlanyapti.
Xalqaro konferentsiya doirasida muhokama mavzulari qishloq xo'jaligining ko'plab tarmoqlarini qamrab olgan, bir qator tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. “O'zbekiston agrooziq-ovqat salohiyati” ko'rgazmasi shular jumlasidan. Biz ushbu ko'rgazmaga tayyorgarlik bo'layotgan pavil`onda bulib, ayrim ishtirokchilar fikrlarini oldik.
Rustam NIZOMOV,
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadkikot instituti direktori, qishloq xo'jaligi fanlari doktori, professor:
— Oziq-ovqat xavfsizligi ayni paytda e'tibor talab qiladigan tarmoq. Chunki ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Bu talabni qondirish uchun esa sohaga ilmiy ishlanmalar, ilg'or g'oyalarni izchil tatbiq etib borish kerak. Bu borada uzilish bo'lmasligi kerak. Mazkur konferentsiya mana shu jihatlari bilan katta ahamiyatga ega.
Bugungi kunda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta'minlashda paxta maydonlari qisqartirilib, ekinlarni rejali asosda joylashtirish ishlari yaxshi yo'lga qo'yilgani ayni muddao bo'lmoqda.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning ilmiy-tajriba stantsiyalarida har yili sabzavot, poliz va kartoshkaning 20-25 turi bo'yicha 32-35 ta navdan o'rtacha hisobda 200 tonna onalik sabzavotlar, 25-36 tonna sabzavot, 5-6 tonna poliz ekinlari urug'lari ishlab chiqariladi.
2023 yilda sabzavot va poliz ekinlarining 24 turi bo'yicha 34 tonna, kartoshkaning 300 tonna yuqori avlodli mahalliy urug'ligini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Kartoshka dunyoda ham, O'zbekistonda ham ko'p iste'mol qilinadigan mahsulot hisoblanadi. Aynan kartoshka etishtirish bo'yicha Xitoy dunyoda etakchi hisoblanadi.
Fermer xo'jaliklari va klasterlarning urug'lik kartoshkaga bo'lgan ehtiyojini qondirishda imkoniyatlarimiz hali etarli emas. ehtiyojni to'liq qondirish uchun import qilamiz. Shu bois, konferentsiya davomida xitoylik mutaxassislar bilan uchrashishni rejalashtirganimiz.
Bundan tashqari, Xalqaro kartoshkachilik markazi rahbariyati, Turkiya va boshqa davlatlardan kelgan mutaxassislar bilan uchrashuvlar o'tkazish niyatidamiz.
Yurtimizda har yili 300 ming gektar erga takroriy ekin sifatida zarur qishloq xo'jaligi ekinlari ekiladi. Bular ham oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga katta hissa qo'shadi. Xalqaro konferentsiyada ana shunday tajribalar almashilishi har bir ishtirokchi uchun juda muhimdir.
Baxtiyor TOSHTEMIROV,
“Sharq sanoat” kontserni bosh direktori:
— Mazkur anjumanda bugungi kunda qo'lga kiritilayotgan yutuqlar qatorida, mavjud muammolar, kamchiliklar, oldindagi vazifalar muhokama etiladi. Shu jixatdan u qishloq xo'jaligi ishtirokchilariga katta foyda beradi.
Kontsernimiz tarkibida 25 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmokda. Ularda qishloq xo'jaligi, tekstil va trikotaj, chorvachilik maxsulotlari, meva-sabzovotlar, qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Ularning bazasida esa 4 ta paxta-to'qimachilik hamda 3 ta meva-sabzavotchilik klasteri tashkil etilgan. Ularning barida 16 ming 300 dan ziyod kishi ish bilan band.
Shuningdek, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash davrida yiliga 6 mingga yaqin mavsumiy ishchilar ishga jalb qilinadi. Korxonalarimiz tomonidan o'rtacha 50 mlilion dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi. Joriy yilning shu kunigacha 41,5 million dollarlik mahsulot eksportga yo'naltirildi. Yil oxirigacha ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga eksport salohiyatimizni 100 million dollarga etkazishni maqsad qilganmiz.
Misol uchun, “Maroqand sifat tekstil” MCHJ korxonamizda 31 ming 476 tonna paxta xomoshyosi etishtirilib, xosildorlik gektariga o'rtacha 37 tsentnerni tashkil etdi. Klasterga tegishli “Ishtixon oltin erlari” fermer xo'jaligi er maydonlari to'liq tomchilatib sug'orish tizimiga o'tkazilgan. Natijada ayrim joylarda hosildorlikni 55 tsentnergacha etkazdik. Klaster tarkibida 48 ming tonna paxtani dastlabki kayta ishlash zavodi hamda 12 minng tonna ip-kalava ishlab chikarish fabrikasi mavjud.
Shuningdek, Namangan viloyatida 600 gektar bog'ni o'z ichiga olgan “Namangan sharbati” MCHJ klasteri, Surxondaryo viloyatida 850 gektar maydonni o'z ichiga olgan “Surxon oltin mevasi” agrofirmasi klasteri va Samarqand viloyatida 4 ming 200 gektar er maydonini qamrab olgan “Oxalik oltin bog'i mevasi” MCHJ klasterlarini tashkil etganmiz. Mazkur meva-sabzavotchilik klasterlari jami 6 ming 109 gektar maydonni qamrab olgan, uning tarkibida 3 million dollar investitsiya hisobiga ko'chat etishtiruvchi “In vitro” laboratoriyamiz mavjud.
Xalqaro konferentsiya doirasida tashkil etiladigan ko'rgazmada mehmonlarni ana shu laboratoriyamiz faoliyati bilan yaqindan tanishtirmoqchimiz.
Hozirga qadar “In vitro” laboratoriyamizda 4,5 million payvandtag etishtirishga erishdik va ularni payvandlash ishlarini olib boryapmiz.
Laboratoriyadan olingan payvandtaglar mahalliy sharoitga moslashishi uchun ularni issiqxona va shundan so'ng ko'chatxonalarga ko'chirib, mikropayvand ishlari yo'lga qo'yildi. Asosiy maqsadimiz laboratoriyadan intensiv bog'dorchilikka xos bo'lgan sog'lom va tezpishar navlarni etkazib berish. Mazkur anjuman bizga ana shunday imkoniyatni yaratib bergani bilan ham ahamiyatlidir.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Dilshod ULUG'MURODOV yozib oldi