Samarqandda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi boshlandi

    Hukumat 25 Sentabr 2024 347

    Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida oʻtayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining toʻqqizinchi yillik yigʻilishida nutq soʻzlamoqda.

    Davlatimiz rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi mintaqamizda ilk bor oʻtkazilayotganini taʼkidladi:

    “Bu nufuzli anjumanning navbatdagi, toʻqqizinchi majlisi uchun aynan Oʻzbekiston tanlanganini biz oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb bilamiz”.

    Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekiston muhim global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, ularga samarali yechimlar topish uchun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgani qayd etildi.

    OBIIning yillik yigʻilishida ham dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakil qatnashmoqda.

    Prezident:

    «Hech kimga sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambagʻallik, ekologiya muammolari tobora oʻtkir tus olib bormoqda.

    Masalan, oʻrtacha global harorat 2040-yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030-yildayoq yuz berishi mumkinligi bizni jiddiy xavotirga solyapti.

    Dunyo aholisining toʻrtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda. Iqlim oʻzgarishi surʼatlari tezlashishi oqibatida oziq-ovqat tanqisligi global xavfga aylandi. Natijada dunyoda 800 millionga yaqin aholi oʻta ogʻir kambagʻallik sharoitida yashayapti.

    Turli mintaqalarda avj olayotgan ziddiyatlar bois anʼanaviy logistika yoʻnalishlari mutlaqo oʻzgaryapti. Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va isteʼmol tovarlarining qimmatlashishiga sabab boʻlyapti».

    Davlatimiz rahbari bularning barchasi mavjud infratuzilmaga boʻlgan yuklamani keskin oshirishi va global iqtisodiy taraqqiyotga katta toʻsiq boʻlishini qayd etdi.

    Ekspertlar fikriga koʻra, 2030-yilgacha dunyoda yangi infratuzilma uchun 15 trillion dollar investitsiya talab qilinadi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalar oqimi soʻnggi ikki yildan buyon 10 foizdan kamaymoqda, dunyoda moliyaviy resurslar qariyb 2 barobar qimmatlashdi.

    Bu muammolar barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini qiyinlashtirayotgani koʻrsatib oʻtildi. Bunday sharoitda global xavf-xatarlar oqibatlarini yumshatish, barqaror oʻsish, aholi turmush sharoitini yaxshilashda xalqaro moliya tashkilotlarining roli yanada oshib bormoqda.

    “Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa davr ichida 55 milliard dollarlik loyihalar portfeli bilan nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli moliya tashkilotlaridan biriga aylanganini alohida eʼtirof etish lozim”, — dedi Prezident.