Vazirlar Mahkamasining investitsiya kompleksi kelgusi yilda iqtisodiyotimiz uchun muhim boʻlgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushirishi va toʻliq quvvatlar bilan ishlashini taʼminlashi zarur.
Jumladan, “Yoshlik-I” konida birinchi bosqichga, “Muruntov” konida esa keyingi bosqichlarga start beriladi. Shuningdek, Samarqandda yiliga 910 ming tonna mineral oʻgʻitlar ishlab chiqaradigan kompleks, 600 ming tonna mahsulot beradigan metallurgiya korxonasi, Zarafshonda kaustik soda zavodi, Nukusda isitish tizimlari ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi.
Navoiyda mikro-GESlarni barpo etish boʻyicha barcha bosqichlar oʻz resurslarimiz asosida tashkil qilingani yurtimizda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish imkoniyatlarini toʻliq ishga solish uchun barcha sharoitlar mavjudligini koʻrsatdi.
Shuning uchun, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish boʻyicha katta dastur qabul qilinishi belgilandi.
Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli taʼminlash va energiya samaradorligini 2 karra oshirishga alohida eʼtibor qaratish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.