Sanoat tarmoqlaridagi loyihalar va rejalar tanqidiy ko‘rib chiqildi

    Hukumat 25 Dekabr 2023 3976

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-dekabr kuni hududlarda elektrotexnika, kimyo va farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

    Sanoatdagi tarkibiy o‘zgarishlar va sharoitlar natijasida so‘nggi besh yilda ushbu uchta tarmoqda ishlab chiqarish 2,6 barobar oshgan, ularning sanoatdagi ulushi 7 foizga yetgan. Shuningdek, 231 turdagi yangi mahsulotlar o‘zlashtirilib, eksport 1,6 milliard dollarni tashkil etgan.

    Joriy yilning o‘zida elektrotexnikada 163 million dollarlik 39 ta, kimyo sanoatida 70 million dollarlik 17 ta va farmatsevtikada 87 million dollarlik 57 ta korxona ishga tushdi.

    Shu bilan birga, bu tarmoqlarda foydalanilmagan imkoniyatlar hali ko‘p. Ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish elektrotexnikada 50 foizga, kimyo sanoatida 40 foizga, farmatsevtikada 18 foizga ham yetmaydi.

    Hududlarda tashkil qilingan zonalardan hamda sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayapti. 116 ta korxonaga olib kelingan 85 million dollarlik sanoat uskunasi ishga tushmasdan turibdi. 727 ta korxona to‘liq quvvatda ishlamayapti.

    Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, dolzarb vazifalar belgilandi.

    – Hokimliklar sanoat tarmoqlari bilan uzviy bog‘liqlikda ishlab, hududlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishi, loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Shundagina joylarda iqtisodiy o‘sish, ish o‘rni, budjetga tushum bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Kelgusi yilda mazkur 3 tarmoqda 12 milliard 700 million dollarlik 24 ta yirik loyiha boshlanishi qayd etildi. “Navoiyazot”da polivinilxlorid va Qo‘ng‘irotda kalsiylangan soda quvvatlarini kengaytirish, Qorako‘lda metanoldan olefin olish, Samarqandda maishiy texnika va avtomobillar uchun metall listlar ishlab chiqarish loyihalari shular jumlasidandir.

    Davlatimiz rahbari bu loyihalarga kerak bo‘ladigan qurilish materiallari va asbob-uskunalarni yetkazib berishga mahalliy korxonalarni jalb etish muhimligini ta’kidladi.

    Shuningdek, tarmoq va hududlar birgalikda ishlab, elektrotexnikada 2,1 milliard dollarlik 190 ta, kimyo sanoatida 3,8 milliard dollarlik 139 ta, farmatsevtikada 1,5 milliard dollarlik 110 ta o‘rta va kichik loyihalarni shakllantirgan. Yig‘ilishda Prezident ularning quvvati, yaratilajak mahsulotlar turi va ish o‘rniga e’tibor qaratib, loyihalarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

    Mutasaddilar loyihalar ijrosi, hududlar va tarmoqlarning o‘zaro bog‘langan ish tizimi yuzasidan axborot berdi.