Sanoatlashayotgan meva-sabzavotchilik ham oziq-ovqat xavfsizligi, ham iqtisodiyot barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda

    Agrosektor 3 Avgust 2023 575

    Jahon tajribasi qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirish — iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashning asosiy omillaridan biri ekanini yaqqol koʻrsatmoqda.

    Ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar sohani tubdan isloh qilish, unga ilgʻor va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pirovardida barcha yoʻnalishlarda yuqori samaradorlikka erishishda muhim omil boʻldi. Buni birgina meva-sabzavotchilik tarmogʻida qoʻlga kiritilayotgan natijalar misolida ham koʻrish mumkin.

    Jumladan, Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda yurtimizda 21,8 million tonna meva-sabzavot yetishtirilgan. Bu 2021-yilga nisbatan 3,8 foiz, 2017-yilga nisbatan esa 12,9 foizga koʻp, demakdir.

    Yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlar taʼmi va vitaminlarga boyligi, quyosh nuriga toʻyinganligi bilan mashhur. Mahsulot yetishtirish hajmining ortib borishi esa oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bir qatorda, eksport imkoniyatlarimizni ham oshirmoqda. Xususan, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlillariga koʻra, 2023-yilning yanvar-aprel oylarida xorijiy mamlakatlarga umumiy qiymati 256,1 million dollarlik 359,2 ming tonna meva-sabzavot eksport qilingan. Bu 2022-yilning mos davriga nisbatan 6,5 foizga koʻp. Shu tariqa mamlakatimiz eksportining umumiy hajmida meva-sabzavotlar ulushi 3,3 foizni tashkil etgan.

    Mamlakatimiz agrar tarmogʻi, shu jumladan, meva-sabzavotchilikda bu kabi ijobiy tendensiyalarga erishilishida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan klaster tizimi muhim omil boʻlmoqda.

    Birining yutugʻi ikkinchisining manfaatiga xizmat qiladi

    2021-yil 27-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida qishloq xoʻjaligida klaster tizimini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu tizim imkoniyatlari yuqori ekaniga alohida eʼtibor qaratildi. Kelgusida qishloq xoʻjaligida hosildorlikni kamida 2 barobar koʻpaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali soha eksportini 7 milliard dollarga yetkazish, aholi bandligi va daromadini yanada oshirishda klasterlar faoliyati muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.

    Xoʻjaliklar, korxonalar, muassasalarning xomashyo yetishtirish, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish va sotishgacha boʻlgan jarayonda bitta yaxlit jamoaga birlashishi tannarx pasayishiga, bu esa, oʻz navbatida, daromad oshishiga imkon beradi. Shu bois, yurtimizda ushbu yaxlitlikni taʼminlaydigan yangi tizim yoʻlga qoʻyildi.

    “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi aholiga dehqonchilik ishlarini boshlashda katta koʻmak bermoqda. Dastlab 2018-yilda sinov tariqasida ilk bor tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” korxonalari oʻzini oqlagani uchun ham ularga yil sayin talab ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan koʻplab mana shunday MCHJlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. “Tomorqa xizmati” klasterlari ham tashkil etilyapti. Ular tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, doʻkonlarga yetkazib berish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash korxonalarini tashkil etish jarayonini umumlashtiradi.

    Jarqoʻrgʻon tumanida 324 fermer, 1 ming 921 dehqon xoʻjaligi, 48 mingdan ortiq tomorqa yer egalari faoliyat yuritadi. Shuningdek, yirik klasterlar ham tashkil etilgan.

    Joriy yilda jarqoʻrgʻonlik mirishkorlar 19,6 million dollar qiymatidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, shu jumladan, 7,1 million dollarlik meva-sabzavot eksport qilishni maqsad qilgan. Tumanning eksport rejasida “Oftobqoʻrgʻon tomorqa xizmati” tomorqachilik klasterining ulushi 2 million dollarni tashkil qiladi.

    — Klasterimizda asosan karam, piyoz, sarimsoqpiyoz, qovun-tarvuz va turli mevalar yetishtiramiz, — deydi korxona rahbari Subhon Muhammadiyev. — Keyin ularni qayta ishlab, eksportga yoʻnaltiramiz. Bu mavsum 30 gektarda eksportbop qovun va tarvuzning yangi navlarini parvarishladik. Ularni saqlash, qayta ishlash va xorij bozoriga sotishda muzlatgich omborxonasi, saralash va qadoqlash xonalari qoʻl kelyapti. Chekka qishloqda faoliyat yuritayotgan biz kabi mirishkorlar bir vaqtlar mahalliy bozorlargagina mahsulot sotgan boʻlsak, bugun eksport geografiyasini kengaytirish haqida bosh qotiramiz. Sohani qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan eʼtibor, yaratib berilayotgan imkoniyatlar zimmamizga mana shunday masʼuliyatli vazifani yuklamoqda.

    Bugungi kun dehqonu fermerlari samaradorlik hosildorlik choʻgʻi bilan oʻlchanadigan davr oʻtib ketganini, olinadigan daromad asosiy mezonga aylanganini yaxshi anglab yetgan. Klaster tizimidan koʻzlangan maqsad ham yerdan samarali foydalanish, qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish, chetga xomashyo emas, qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulot sotishni yoʻlga qoʻyish hisoblanadi.

    Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, eksport tartib-tamoyillarini tubdan soddalashtirish orqali yetishtirilgan meva-sabzavot va sanoat mahsulotlari raqobatbardoshligini oshirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Mana shu imkoniyatdan unumli foydalanayotgan “Oftobqoʻrgʻon tomorqa xizmati” MCHJ faoliyati yildan-yilga kengayib borayotir. Asosan meva-sabzavot eksportiga ixtisoslashgan korxona tumanda logistika markazi faoliyatini ham yoʻlga qoʻymoqda.

    Tomorqadan unumli foydalanish oilalar daromadini oshirish barobarida, hududlar iqtisodiyoti rivojlanishiga ham xizmat qiladi. Bugungi kunda klaster tomonidan tomorqa yer egalariga issiqxona va dala doʻkonlari qurib berilyapti. Dehqonlarga eksportbop koʻchat va urugʻ yetkazib berilishi barobarida agrotexnik xizmat ham koʻrsatilmoqda.

    Davlatimiz rahbarining 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham meva-sabzavot ekinlari yetishtirish, saqlash, qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi, shuningdek, “daladan – rastagacha” tamoyili asosida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratuvchi meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) faoliyatiga koʻmaklashish yuzasidan amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar aniq belgilab berilgan. Bu vazifalar sanoat tarmoqlarining xomashyoga, aholining esa oziq-ovqatga boʻlgan talabini qondirishga xizmat qilishi barobarida, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishi bilan ahamiyatli boʻlyapti.

    Bir gektar maydonga 2,5 ming tupgacha koʻchat ekish mumkin

    Yoshi ulugʻlar bilan suhbatlashsangiz, hosildorlik yuqori boʻlishi uchun serunum tuproq, moʻtadil ob-havo, ariqlarni toʻldirib oqadigan suv zarurligini taʼkidlashadi. Ammo bugungi kun mirishkorlari zimmasiga har qanday iqlim sharoiti va har qanday yerdan yuqori hosil olish choralarini koʻrishdek vazifa yuklatilgan. Davrning oʻzi kam harajat bilan yuqori hosil olishni talab qilmoqda. Buning uddasidan chiqish uchun esa tarmoq rivojiga qaratilgan imkoniyatlardan oʻrinli foydalana olish kerak.

    Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida qishloq xoʻjaligining yillik oʻsish surʼatini kamida 5 foizga yetkazish belgilangan. Buning uchun masʼullar zimmasiga joriy yilda dehqonchilikda oʻsish surʼatini oʻrtacha 6 foiz oshirish hamda 25 ming gektarda intensiv bogʻ barpo etib, mevaning oʻrtacha hosildorligini 84 sentnerdan 110 sentnerga yetkazish vazifasi yuklandi.

    Yerdan unumli foydalanib, yuqori hosil olish imkonini beradigan intensiv bogʻdorchilikda anʼanaviy bogʻlardagiga nisbatan 5–6 barobar koʻp hosil yetishtirish mumkin. Mana shu raqamning oʻziyoq nima uchun intensiv usulda meva-sabzavot yetishtirishga alohida urgʻu berilayotganining javobi boʻla oladi. Shuningdek, bu usulda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari har xil virusli kasalliklarga chidamli, ekinning vegetativ davri qisqa, hosili koʻp va sifatli boʻladi. Tabiiyki, jahon bozorlarida bunday mahsulotlarga talab ham yuqori. Shu bois, past rentabelli ekin maydonlari bosqichma-bosqich qisqartirilib, oʻrnida yangi bogʻ-rogʻlar barpo etish, sabzavot va poliz ekinlari joylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Shofirkon tumanining Doʻrmon hududida intensiv bogʻ barpo etilganiga uch yil boʻldi. Qisqa vaqtda mirishkorlar koʻzlangan maqsadga yetishish uchun samarali mehnat qildi, zarur agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirdi. Oʻtgan yilgi dehqonchilik mavsumida 128,4 gektar mevali bogʻ va qariyb 8 gektar tokzorning har gektaridan 200 sentner atrofida, aniqrogʻi, 2 ming tonnadan ortiq meva, 200 tonna atrofida uzum yetishtirilgan.

    200 nafardan ortiq ishchi-mutaxassis faoliyat olib boradigan hududda olma, behi, nok, oʻrik, shaftoli, olxoʻri va gilos kabi mevalar yetishtirilmoqda. Fermerlar tomonidan yana deyarli 8 gektarga yaqin maydonda intensiv usulda olma, shaftoli va olxoʻrizor tashkil etish ishlari ham boshlab yuborilgan. Tumanning Navbahor mahallasida istiqomat qiluvchi Afzal Qoʻshshayev rahbarlik qilayotgan “Jilvon jilosi” fermer xoʻjaligi tomonidan 2 gektar yerda koʻchatchilik faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, unda qaragʻay, sadaqayragʻoch, akatsiya, gujum, tol, terak kabi manzarali, oʻrik, olma, gilos, shaftoli kabi mevali daraxt koʻchatlari parvarishlanmoqda.

    — Odatiy usulda bir gektar maydonga koʻpi bilan 400 tupgacha koʻchat qadalsa, yarim pakana bogʻdorchilikda buni 2,5 ming tupgacha yetkazish mumkin, — deydi A.Qoʻshshayev. — Bunday daraxtlar tanasi kichik boʻlgani uchun ham ularga ishlov berish qulay. Shuningdek, oʻsimlik tanasiga yorugʻlik tushishi, havo aylanishi yaxshi boʻlganidan daraxtlar erta hosilga kiradi. Hosilni terish ham oson. Ish unumli, mahsulot sifati yuqori boʻladi. Bu usulda hosil yetishtirish anchayin tejamli. Sohada uzoq yillardan buyon faoliyat olib boraman. Ilgari bir gektar bogʻga 1000 kub metr suv sarflangan boʻlsa, pakana bogʻlar uchun tomchilatib sugʻorish yoʻli bilan atigi 70 kub metr suv yetarli boʻladi.

    “Yopiq dalalar” — barqaror daromad manbai

    Prezidentimizning 2022-yil 2-noyabrdagi “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, issiqxona xoʻjaliklari va muzlatkichli kameralarning samarali ishlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Issiqxona xoʻjaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun ajratilgan kreditlarni qaytarish muddati umumiy hisobda 14 yil etib belgilandi, imtiyozli davri esa 3 yildan 5 yilgacha uzaytirildi.

    Hosilning kutilgandek boʻlishi koʻplab omillarga bogʻliq. Issiqxona xoʻjaliklariga moddiy resurslarni yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotni ulardan xarid qilish choralari hujjat bilan aniq belgilab qoʻyildi. Sertifikatlangan urugʻ va koʻchatlarni yetishtirish boʻyicha maxsus koʻchatxonalarni tashkil etish ham koʻzda tutildi. Asos sifatli boʻlsagina, bajarilgan agrotexnik tadbirlar, ekinga singgan mehnat oʻz samarasini beradi.

    Yengil konstruksiyali issiqxonalarning keng miqyosda qurilishi nafaqat mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, balki aholini qoʻshimcha daromad bilan taʼminlashga ham xizmat qilmoqda. Shuningdek, bozorlarni meva-sabzavot bilan barqaror taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.

    Issiqxonadan foydalanib, foydali tijorat gʻoyasini amalga oshirish mumkin. Chunki moʻjazgina “yopiq dalalar” barqaror daromad manbaiga aylanib, maqbul sharoitlarda yetishtirilgan yangi, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari doimo dasturxonda boʻladi. Aholi xonadonlarida issiqxonalar tashkil etish orqali taʼminlanayotgan bunday toʻkinlik nafaqat ehtiyojimizni qondirishi, balki iqtisodiy samaradorlikka olib kelishi bilan ahamiyatli.

    Issiqxonachilik aholi bandligini taʼminlashning muhim omiligina boʻlib qolmay, qarovsiz yerlarni oʻzlashtirish, ulardan unumli foydalanishda ham samarali yondashuv boʻlmoqda. Sherobod tumanida joylashgan “Sherobod agro impeks” MCHJga qarashli 29 gektarli issiqxonada pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri kabi bozorbop mahsulotlar parvarishlanmoqda. Zamonaviy issiqxonada yetishtirilgan pomidorlar eksportga yoʻnaltirilyapti.

    — Bizda pomidorning Yaponiyadan keltirilgan navi parvarishlanmoqda, — deydi agronom Keldiyor Rashidov. — 70 kun mobaynida hosil bozorga olib chiqishga tayyor boʻldi. Ammo juda “injiq” nav boʻlganidan alohida parvarish zarur. Hosil kutganimizdek boʻldi. Mahsulotni eksportga tayyorlash jarayonining ham oʻziga yarasha talablari bor. Sovutish tizimimiz bor, meva-sabzavotlarni saralab, xorijga chiqarish uchun logistika markazi, shuningdek, koʻchat yetishtirish amaliyoti ham yoʻlga qoʻyilgan.

    Korxonada Turkiya, Yaponiya, Niderlandiyadan keltirilgan hosildor, jahon bozorlarida talab yuqori boʻlgan navlar parvarishlanib, MCHJ issiqxonalarida ekilmoqda, aholi tomorqalariga ham yetkazib berilmoqda. Ayni kunlarda issiqxonaning 1 gektar maydonida pomidor koʻchatini ekish avjida.

    Mazkur jamiyatning yillik quvvati 5 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishga teng, 6,4 million dollarlik mahsulotni jahon bozorlariga olib chiqishni reja qilgan. Ahamiyatli tomoni, 2021-yilda tashkil etilgan korxona qisqa vaqtda katta natijalarga erishib, 18 million dollarlik eksportni amalga oshirdi.

    Ekinni yetishtirishda eng zarur omillardan biri — suv. Yirik maydonni egallagan issiqxonalarni sugʻorish uchun toʻliq kompyuterlashtirilgan tizim yoʻlga qoʻyilgan. Tomchilatib sugʻorish hisobiga katta miqdorda suv iqtisod qilinadi.

    Anʼanaviy usulda parvarishlangan bir tup pomidor koʻchati oʻrtacha 3–4 kilogramm hosil bersa, gidroponika usulida 12 kilogrammgacha mahsulot olish mumkin. Shuningdek, koʻchat ildizi, tanasi va bargi ham turli zararkunandalardan himoyalangan boʻladi.

    Aytish joizki, Surxondaryo viloyatida yetishtirilgan meva-sabzavotlar dunyoning koʻplab mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 5 yilda mahsulotlar MDH mamlakatlari hamda boshqa yirik bozorlar – Xitoy, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Boltiqboʻyi davlatlari bozorlariga kirib bordi. Joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida esa ana shunday bozorlarga 45,8 million dollarlik 50 ming tonna meva-sabzavot eksport qilindi.

    Umuman olganda, yurtimiz qishloq xoʻjaligi sektorining muhim tarkibiy qismi boʻlgan meva-sabzavotchilik bugun chinakamiga ham dehqon, ham fermer xoʻjaliklari uchun eng foydali faoliyat turlaridan biriga aylandi. 2017-yilda meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan daromad 652,3 million dollarni tashkil qilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 1,13 milliard dollarga yetdi. Bu soʻnggi yillarda yurtimizda meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirish, tarmoqqa bozor mexanizmlarini joriy etish, ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash quvvatlarini yaratishga qaratilgan eʼtibor samarasidir.

    2022-yil yakunlari boʻyicha YAIMning qariyb 25 foizi, investitsiyalarning 7, eksportdan olingan foydaning 6 va jami bandlikning 25 foizi qishloq xoʻjaligi hissasiga toʻgʻri keldi. Bundan anglash mumkinki, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar insonlar hayotida boʻy koʻrsatishi barobarida, mamlakat iqtisodiyoti rivojiga ham katta hissa qoʻshmoqda.

    Ayni paytda yurtimiz aholisining meva-sabzavotga boʻlgan oʻrtacha yillik ehtiyojining qariyb 96 foizi oʻzimizda yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan taʼminlamoqda. Hozirda Oʻzbekistonimiz oʻrik yetishtirish boʻyicha dunyoda 2-oʻrinda, sabzi yetishtirish boʻyicha – 3, gilos yetishtirish boʻyicha– 4, bodring yetishtirish boʻyicha – 7, olcha va anjir yetishtirish boʻyicha esa 8-oʻrinda turadi. Raqamlar meva-sabzavot yetishtirishda izchil iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgani sohadagi taʼminotni tubdan yaxshilab, oʻz natijasini berayotganidan darakdir.

    Feruza JOʻRAYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri