Jumladan, ixtisoslashtirilgan shifoxonalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy zarur uskuna va anjomlar, dori-darmon bilan taʼminlanyapti.
Saraton juda ogʻir va xavfli kasallik boʻlib, uning 220 dan ortik turi mavjud. Dunyoda yiliga qariyb 19 million odam saraton kasalligi bilan hisobga olinadi. Bemorlarning 8 millioni vafot etadi. Olimlarning onkologiya sohasidagi izlanishlari natijasida saraton hujayralarining sirli beshta rivojlanish xususiyati borligi aniqlandi.
Birinchidan, inson hujayralarining normal rivojlanishi asab toʻqimalari va modda almashinuviga bogʻliq. Jarayonni asab tolalari nazorat qiladi, ammo oʻsma toʻqimalari asab tolalariga boʻysunmay, uzluksiz rivojlanish va ikki barobar tez oʻsish xususiyatiga ega.
Ikkinchidan, saraton toʻqimalari va hujayralarining xilma-xilligi mavjud. Masalan, eng koʻp tarqalgan oshqozon saratonida besh xil, ayollar sut bezi saratonida olti xil, oʻpka saratonida olti xil, ayollar tuxumdonida oʻn yetti xil xavfli oʻsmalar turi uchraydi va ularning rivojlanish xususiyati bir-biridan farq qiladi. Shu va hali fanga nomaʼlum boshqa sabablari tufayli saratonning rivojlanish mexanizmi toʻlik oʻrganilmagan. Natijada onkologik kasallikka chalingan bemorlarni davolashda shifokorlar ojiz boʻlib qolmoqda.
Uchinchidan, saraton toʻqimalari birlamchi oʻsib joylashgan organlardan boshqa organlar (jigar, oʻpka va toʻqimalarga)ga qon, limfa yoʻli orqali koʻchish xususiyatiga ega.
Saraton sirini oʻrganish ishlari dunyo olimlarini keyingi yuz yillarda koʻp qirrali fundamental ilmiy izlanishlarni davom ettirishga chorladi. Ayniqsa, saraton hujayralarining paydo boʻlishi, xilma-xilligi va rivojlanishidagi murakkab mexanizmlar boʻyicha onkologiya, molekulyar biologiya, genetika, immunologiya, virusologiya sohasidagi buyuk olimlar tinimsiz izlanishlar olib bordi.
Natijada saratonning sirli xususiyatlari kashf qilindi. Jumladan, yangi nazariyalar, xususan, virusli genetika nazariyasi ishlab chiqildi. Inson organizmida 23 ming gen borligi aniqlandi. Genlar, oddiy til bilan aytganda, inson toʻqima va hujayralaridagi juda murakkab vazifalarni bajaradi. Nasldan-naslga oʻtish xususiyati hujayralarning normal rivojlanishi va moddalar almashinuvini taʼminlaydi.
Genlar rivojlanishining buzilishiga olib keluvchi asosiy sabablar — tashqi va ichki viruslar, tanadagi mikroblar, zaharli kimyoviy moddalar, gormonlar, radiatsiya va nasldan-naslga oʻtish kabi taʼsirlar oʻsmalarning paydo boʻlishiga olib keladi. Masalan, ayollar bachadoni saratoni — viruslar, oshqozon saratoni — mikrob, ayollar sut bezi xavfli oʻsmalari — gormonlar buzilishi, oʻpka saratoni nikotin taʼsirida vijudga kelishi eksperimental va klinik onkologiyada oʻz tasdigʻini topdi.
Saratonning toʻrtinchi siri odam organizmidagi mavjud immun hujayralari bilan bogʻliq. Bu sohada ishlayotgan olimlarning taʼkidlashicha, inson tanasida 5 kg immun sistemasi hujayralari bor.
Saratonning beshinchi siri — bemorning oʻsmasidan davolash uchun vaksina tayyorlab, oʻziga ishlatish. Vaksinaning asosiy vazifasi — maxsus dendritli hujayralar tomonidan oʻsma hujayralarini topib, ularni nishonga olib, hujum kilish uchun qon tarkibidagi limfotsitlardan foydalangan.
Dendritli vaksinalarni olish uslubini ixtiro qilgani va amaliyotga tatbiq etgani uchun amerikalik olim R.Steyman 2011-yili Nobel mukofotini olishga sazovor boʻldi. Saratonni davolash uchun oʻsmaga qarshi vaksinani qoʻllash, bemor kasalligining I-II bosqichida hamda kimyoviy, nur va operatsiya uslublari bilan birga ishlatish tavsiya etiladi. Vaksinadan foydalangan bemorlarni davolash natijalari ikki barobar yaxshilangani amaliyotda Yaponiyada, Gʻarb davlatlarida va Rossiyada isbotlangan.
Yurtimizda onkologik kasalliklar profilaktikasini va erta bosqichda tashxis qoʻyishni amaliyotga tatbiq etsak, xavfli oʻsmalarni zamonaviy yangi texnologiyalar va dorivor vositalardan foydalanish natijasida 100 foiz davolashga erishamiz. Bunga asosimiz bor. Ixtiro qilingan yangiliklarni qoʻllash natijasida niyatimizga erishamiz. Marra esa saratonning sirlarini bilish va oʻsmadan xalos boʻlishdir.
Mels KABULOV,
Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti
professori, tibbiyot fanlari doktori,
Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat
koʻrsatgan fan arbobi









