Shanxay Hamkorlik Tashkilotida “Samarqand ruhi” hukmron

    Turizm 26 Iyul 2022 3000

    Oʻzbekiston Prezidentining Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) sammitini yuqori saviyada oʻtkazishga doir topshirigʻiga muvofiq Turizm va Madaniy meros vazirligi tomonidan Samarqand shahrida musavvirlar uchun plener tashkil etildi. Unda ishtirok etish uchun SHHTga aʼzo davlatlardan taniqli rassomlar tashrif buyurdi.

    “Plenerda rassomlar ikki hafta davomida Oʻzbekistonning diqqatga sazovor maskanlari tasvirini aks ettirishlari koʻzda tutilgan. Samarqandda rassomlar Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli, Bibixonim madrasasi, Hazrati Xizr masjidi, Shohi Zinda majmuasi, Siyob bozori hamda “Ipak yoʻli” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti kabi “tashrif qogʻozi”ga aylangan maskanlar tasvirini qogʻozga tushiryapti. Shu bilan birga, ular Afrosiyob muzeyi, Samarqand davlat qoʻriqxonasi, Oʻlkashunoslik muzeyi kabi madaniy meros obyektlarining tasvirini ham chizyapti”, – deydi Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov.

    Oʻzbekiston sanʼat muzeyi direktori Vasila Fayziyeva esa mazkur plener muhim voqelik ekanligini taʼkidladi.

    ֿBunday xalqaro plener Oʻzbekistonda birinchi marta oʻtkazilyapti. Bundan maqsad sentyabr oyida rejalashtirilayotgan SHHTga aʼzo davlatlar sammiti va ushbu sammit doirasidagi koʻrgazmaga tayyorgarlik koʻrishdir.

    Ayni damda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo barcha davlatlarning eng mashhur rassomlari Oʻzbekistonga kelgan. Qozogʻiston, Rossiya, Moʻgʻuliston, Qirgʻiziston, Pokiston, Eron va Xitoydan kelgan mohir qalam ustalari oʻz rasmlarida Oʻzbekistonning madaniy merosi, Samarqand ruhini aks ettiryapti. Rassomlar, bundan tashqari, Buxoroga sayohat qilish imkoniga ham ega boʻldi.

    Bugungi kunda 24 nafar rassom eng mashhur joylarda ishlayapti va yana shuncha rassom avgust oyi boshida Oʻzbekistonga tashrif buyuradi”, – dedi u.

    Taʼkidlash kerakki, Samarqandda oʻtkazilgan Butunjahon jamiyatining “Oʻzbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori” VI Xalqaro kongressi mehmonlari, xorijlik ekspertlar ham plenerga kelib, rassomlarning ijod namunalarini koʻzdan kechirdi.

    Mazkur plener OAVda keng yoritilmoqda.

    Maʼlumot uchun, SHHT tadbiri yakunida SHHT sammiti maydonida kartinalar koʻrgazmasi oʻtkaziladi.

    Bundan tashqari, SHHT rasmiy saytida “Oʻzbekistonning 100 kuni” loyihasi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, unga koʻra Sammit boshlanadigan sana, yaʼni 2022-yil 16-sentyabriga qadar muntazam ravishda yurtimiz tarixi, madaniyati, anʼanalari va manzaralariga bagʻishlangan yangi fotosuratlar joylanadi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.