Kibermakon global axborotkommunikasiya infratuzilmasida markaziy o‘ringa chiqqani sababli hozir ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumotlar xavfsizligi dunyo bo‘ylab korporasiyalar va hukumatlar uchun asosiy vazifaga aylandi. Hamma joyda mavjud bo‘lgan, bir-biriga bog‘langan va internetga oson kirish imkonini beruvchi texnologiyalar kundalik hayotda chuqur ahamiyat kasb etmoqda. Natijada ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy aloqalar uchun kibermakonga tobora ko‘proq bog‘lanib boryapmiz. Internet sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat va suv, moliya, axborotkommunikasiya texnologiyalari, jamoat xavfsizligi, energetika va kommunal xizmatlar, ishlab chiqarish, transport kabi muhim infratuzilma tarmoqlari va xizmatlari uchun qulay platformani taqdim etib kelayotir.
Hozir ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun internet tizimidan eng ko‘p foydalanilayotgani hammaga ma’lum. Ushbu tarmoqlar bir qancha qulaylik va afzalliklarga ega bo‘lsada, kamdan-kam foydalanuvchilar tarmoqqa joylashtirayotgan ma’lumotlari qanchalik himoyalangani haqida o‘ylaydi. Haqiqatan, dunyo bo‘ylab har daqiqada millionlab insonlar shunga o‘xshash tizimlarga shaxsiy ma’lumotlarini, jumladan, ism-familiyasi, tug‘ilgan sanasi, suratlariyu kundalik hayotiga oid turli lavhalarni joylamoqda. Biroq har doim ham ushbu ma’lumotlarning xavfsizligi ta’minlanmaydi. Hatto ba’zan huquqiy jihatdan ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash kimning majburiyati ekanini aniqlab olish ham mushkul vazifa.
Qator izlanishlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, jinoyatchilar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq vaqt o‘tkazmoqda. Chunki endi jinoyat, jumladan, o‘g‘rilik qilmoqchi bo‘lgan shaxs “o‘lja”si haqidagi barcha ma’lumotni ijtimoiy tarmoqlardan olishi mumkin. Boisi, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ba’zilari ushbu dasturlarning o‘zida belgilab qo‘yilgan ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi sozlamalardan ham foydalanmaydi.
Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda baham ko‘radigan katta hajmdagi ma’lumotlar ishonchli qarindosh va do‘stlar doirasidan tashqaridagilarni ham jalb qiladi. Shunisi qiziqki, ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda hattoki hayotda umuman tanimaydigan, ko‘rmagan shaxslarning ham sahifalariga a’zo bo‘lgan. Vaholanki, foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda qayerga borgani, nimalar bilan mashg‘ulligi, hatto maosh olgani va qandaydir katta xaridlarni amalga oshirgani kabi shaxsiy ma’lumotlarni ham joylamoqda. Buning barchasi ushbu ma’lumotlar asosida jinoyat sodir qilish yoki ushbu shaxslarning huquqlarini poymol qiluvchi harakatlarni amalga oshirish imkonini yaratmoqda. Shunday qilib, spam-botlar, reklama kompaniyalari, bundan ham yomoni, kiberjinoyatchilar shaxsiy ma’lumotlarga qiziqish bildirishi mumkin. Biroq ijtimoiy media maxfiyligini himoya qilish uchun tegishli choralar ko‘rish imkoniyati ham bor.
O‘zbekiston Respublikasida shaxsga oid ma’lumotlar himoyasi yuzasidan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun mavjud. U shaxsga oid ma’lumotlar haqida umumiy qoidalarnigina belgilab beradi. Jumladan, davlat shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishini kafolatlaydi, deyilgan. Ammo bu holatda davlat foydalanuvchi o‘z xohishi bilan ma’lumotlarini biror-bir serverga joylashtirganidan so‘ng ushbu server tomonidan foydalanuvchi ma’lumotlari qonuniy ravishda ishlatilishini ta’minlash mas’uliyatinigina zimmasiga oladi.
Har bir shaxs ijtimoiy media maxfiyligi uchun javobgar ekani tamoyili belgilab qo‘yiladi. Masalan, agar biror shaxs o‘z xohishiga ko‘ra ijtimoiy tarmoqlarda o‘ziga aloqador bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni joylasa va ular xavfsizligini ta’minlashning yetarli chora-tadbirlarini ko‘rmasa, unda ushbu ma’lumotlarni dasturning boshqa foydalanuvchilari tomonidan qo‘llanishining oldini hech kim ololmaydi. Aynan shu sababli bir qancha ijtimoiy tarmoq dasturlariga a’zo bo‘lishdan avval foydalanuvchi ommaviy ofertaga rozi ekanini bildirishi talab qilinadi. Ana shu ommaviy oferta matnida har bir foydalanuvchi o‘z shaxsiga doir ma’lumotlar xavfsizligi uchun o‘zi javobgar ekani belgilab qo‘yiladi. Bu degani, tarmoq foydalanuvchisi ijtimoiy tarmoqlarda joylayotgan barcha ma’lumotlari, jumladan, fotosuratlari, kunlik hayotiga oid holatlar va ayniqsa, pasport yoki bank ma’lumotlari, telefon raqamlaridan uchinchi shaxslar foydalanishi uchun o‘zi javobgardir.
Bunday holatda foydalanuvchi o‘z xohish-istagiga ko‘ra, ushbu ma’lumotlarni omma bilan bo‘lishsa, faqat o‘zigina javobgar bo‘ladi. Bu ma’lumotlar foydalanuvchi tomonidan o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntiga joylashtirilayotgani va ushbu ma’lumotlarga uning obunachilari kirishi mumkinligi haqida ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochish vaqtida ommaviy ofertani imzolash jarayonida ogohlantiriladi.
Shunday qilib, ijtimoiy tarmoqlarga odamlar qanday ma’lumotlar joylashi va uning xavfsizligi masalasi foydalanuvchilarning o‘ziga bog‘liq bo‘lmoqda. Huquqiy jihatdan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijtimoiy tarmoqlar, ularning egalari va foydalanuvchilarining huquqiy maqomi belgilab qo‘yilmagan. Kibermakonni tartibga solish masalalari faqat O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunlaridagina ko‘rib chiqilgan. Ammo ushbu qonun hujjatlarida aynan ijtimoiy tarmoq tushunchalari va shu tizimlarda ma’lumotlar xavfsizligi masalalari yoritib berilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan ko‘p hollarda veb-saytlar yoki axborot resurslari haqidagi qoidalar qo‘llanadi.
“Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasida yuridik va jismoniy shaxslar o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan axborot resurslaridan erkin foydalanish, mazkur ma’lumotlarning to‘liqligi hamda to‘g‘riligini ta’minlash maqsadida ularga aniqlik kiritish huquqiga egaligi va o‘zi to‘g‘risidagi axborot resurslaridan yuridik va jismoniy shaxslarning erkin foydalanishi qonun bilan cheklanishi mumkinligi belgilangan.
“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va erkinliklari, konstitusiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning ma’naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash maqsadida cheklanishi mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, shaxsiy hayotiga taalluqli sir, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi bayon qilingan.
Qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi axborotdan ularga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazish, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida foydalanish taqiqlanadi. Fuqarolar to‘g‘risida axborot oluvchi, bunday axborotga egalik qiluvchi hamda undan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar bu axborotdan foydalanish tartibini buzganlik uchun qonunda nazarda tutilgan tarzda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 462-moddasida belgilanganidek, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch barobaridan besh barobarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh barobaridan o‘n barobarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 141-2-moddasiga binoan shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish kabi harakatlarni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etish jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi. Jazo sifatida bazaviy hisoblash miqdorining yuz barobaridan bir yuz ellik barobarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari qo‘llaniladi.
Yuqorida keltirilganlardan kelib chiqqan holda shunday xulosa qilish mumkin.
Birinchidan, har bir shaxs o‘zining ijtimoiy media maxfiyligi uchun o‘zi javobgardir.
Ikkinchidan, turli tarmoqlarga qo‘shilish vaqtida maxfiylik shartlarini o‘qing va tushuning. Har qanday xabarni translyasiya qilish yoki almashishdan oldin ijtimoiy media saytining funksiyalari bilan tanishib chiqing. Ayniqsa, foydalanmoqchi bo‘lgan ijtimoiy tarmoq dasturida ma’lumot xavfsizligi bo‘yicha qanday sozlamalar mavjudligini o‘rganib, ulardan foydalaning.
Uchinchidan, ko‘pgina ijtimoiy media platformalarida akkauntni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘liq ismingiz, tug‘ilgan yilingiz, yoshingiz yoki manzilingiz kabi biografik ma’lumotlarni taqdim etishingiz talab qilinadi. Boshqa ijtimoiy media foydalanuvchilari siz haqingizda bilishini cheklash uchun ushbu ma’lumotlarni o‘zingizda saqlang. Bunday axborotlar kiberjinoyatchilarga sizga zarar yetkazish uchun yetarli ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin. Xuddi shu platformadagi shaxsiy ma’lumotlarni minimallashtirish uchun ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizning maxfiylik sozlamalarini qo‘llang.
To‘rtinchidan, ijtimoiy tarmoqdagi profilingizda taqdim etilgan shaxsiy ma’lumotlar turini diqqat bilan ko‘rib chiqing. Hech qachon eng yaqin maktablar, siyosiy mansublik, bank hisobiga doir ma’lumotlar, sobiq yoki joriy ish joyi, bank hisob raqamlari yoki pasport ma’lumotlari kabi muhim ma’lumotlarni taqdim qilmang.
Beshinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda hech kimning, ayniqsa, siz bilmaganlarning “do‘st yoki kuzatib borish” so‘rovini qabul qilish majburiyati yo‘q. Do‘stlar qabul qilish, do‘stlar yoki kontaktlarni kuzatib borishda ehtiyot bo‘ling. Nima uchun saytdan foydalanayotganingizni o‘ylab ko‘ring. Har qanday kuzatuv yoki do‘stlik so‘rovini qabul qilishdan oldin odamni o‘rganing. Uning kimligi, nima bilan shug‘ullanayotgani va qanday kontentni baham ko‘rishini tushunib oling.
Oltinchidan, maxfiylik sozlamalarini o‘rnatayotganda, gadjetingiz joylashuvini ulashish tugmasini o‘chirishni hech qachon unutmang. Shunday qilib, siz tez-tez boradigan joylar xususida sharh berishdan chetda qolasiz. Joylashuvingiz (geolokasiya) ni o‘chirib qo‘ysangiz, Facebook, elektron pochta va telefon uskunangiz orqali turgan joyingizni aniqlashning oldini olgan bo‘lasiz.
Yettinchidan, har qanday fotosuratni joylashtirishdan oldin qayta o‘ylab ko‘ring. Ijtimoiy tarmoqlarda suratlarni joylashtirish xavfli ishlardan biri sifatida belgilandi. Misol uchun, farzandingizning ismsiz oddiy, zararsiz surati allaqachon juda ko‘p ma’lumotni ochib berishi mumkin. Suratlar orqali qayerda ekaningizni reklama qilish sizni, yaqinlaringizni yoki uyingizni kiberjinoyatchilar uchun jozibali nishonga aylantirishi mumkin.