Birinchisi armiyada quloq muzlab qoladigan, hatto undan ayrilish mumkin boʻlgan sovuq joyga tushib qolgani bilan bogʻliq. Maktabda ona tili va rus tili muallimlarining yozuviga nihoyatda havas qilib, shunday yozishni oʻzlashtirib olgan oʻquvchisining husnixatini har ikki oʻqituvchi boshqalarga ibrat qilib koʻrsatgan.

Va Abdulaziz harbiy xizmat oʻtash uchun oʻta sovuq yurtga borib qolsa ham qiynalmasligini, issiqqina xonada devoriy gazetalarni yozib oʻtirishini aytishgan. Yaratganning qudrati bilan xuddi shunday boʻladi. Harbiy xizmat oʻtash uchun Abdulaziz Mansurov Leningrad va Finlyandiya oraligʻidagi sovuq hududga yuboriladi.

300 ga yaqin askardan faqat Abdulaziz Mansurov chiroyli yozuvli boʻladi. Uni devoriy gazetalarga masʼul qilib, haqiqatdan alohida xona berishadi.

Ikkinchisi esa KGB degan tashkilot idorasidan kutilmagan tarzda chiqqani haqida. Alisher Navoiy asarlariga maktab davridan muhabbati ortib, juda koʻpini mutolaa qilgan oʻsmir yigit arab va fors tiliga qiziqib qoladi.

Navoiy asarlaridagi har ikki tilga mansub soʻzlar lugʻatini yasaydi. Ukalariga lugʻatga qarab turishlari, oʻzi soʻzlarni yoddan aytib berishini aytadi. Shu tariqa Navoiy asarlarini kengroq oʻrganishni niyat qilib, uyda oʻtirib qolgan ulamolardan arabiy va forsiy ilmlarni ola boshlaydi. 31 yoshida KGB xodimlari uni ushlab olishadi.

Idorada unga oq qogʻoz berib, shu paytgacha nima qilganlarini yozib berishini aytishadi. Qahramonimiz boshidan oʻtganlarini shu darajada berilib, goʻzal koʻrinishda bayon etadi. Uni tutib kelishga buyruq berganlar avvalo husnixatidan, qolaversa qilgan ezgu ishlaridan hayratga tushadilar. Abdulaziz Mansurovni qamash oʻrniga Toshkentda ishlashga yuborishadi. “Shuncha ilmingiz bor ekan, nima qilib yuribsiz bu yerlarda, uylarda taʼlim olib“, deya ajablanib ham qoʻyishadi. Shunday qilib, kutilmagan tarzda poytaxtga kelib, Abdulaziz Mansurov ham madrasalarda dars berib, ham diplomli boʻladi.