Tahlillarga koʻra, maktablardagi taʼlim sifati hali talab darajasiga chiqqani yoʻq. Masalan, 11-yil maktabda oʻqigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yoʻqligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlab oʻtganidek, maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutugʻi, bilmagani muammodir. Mazkur muammolarning oldini olish maqsadida xorijiy tillarni oʻqitish sifatini oshirish va oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish borasida bir qancha chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda aksariyat yoshlarning koʻpchiligida chetga ketib ishlash fikri oʻrnashib qolgani, ular oʻz Vatani, yaqinlari oldida turib ham daromad topish imkoniyatlari haqida hatto bexabar ekanini qayd etdi.
– Bilasiz, bugun xorijiy til xalqaro sertifikatini olgan yoshlarning imtihon xarajatlari davlat tomonidan toʻliq qoplab berilmoqda, – deydi Sherzod Shermatov. – Ingliz tilini biladiganlarga esa IT-sertifikat olish xarajatlari ham 100 foiz toʻlab beriladi. Afsuski, bu imkoniyatlardan foydalanayotgan yoshlar koʻp emas. Oʻzbekistonga chet elning yirik kompaniyalari kirib kelishi uchun barcha imkoniyatlar yaritilgan. Kompaniyalar yurtimizga kirishga qiziqish bildiryapti va kiryapti. Bugunning oʻzida ana shunday kompaniyalarda faoliyat yuritib, 4-5 ming AQSH dollari miqdorida maosh olayotgan yoshlarimiz bor. Chet mamlakatlarda ham Oʻzbekistonning IT imkoniyatlari targʻib qilinmoqda. Ular yurtimizga kirib kelganidan soʻng esa bizga chet tillarini mukammal biladigan yoshlar kerak. Ahamiyatli tomoni, IT eksporti kompaniyalarida ishlash uchun faqatgina dasturchi boʻlish shartmas, boshqa koʻplab masofadan koʻrsatish mumkin boʻlgan xizmatlar bor. Bu juda imkoniyati keng soha, ushbu kompaniyalarda ishlash uchun chet tilini bilish, biroz salohiyat va harakat kifoya.
Vazirning soʻzlariga koʻra, bugunning oʻzida chet tilini yuqori darajada biladigan 10 ming nafar yoshga ehtiyoj bor. Yil oxirigacha bu ehtiyoj 70 mingdan oshishi kutilmoqda.