Don mahsulotlari, ayniqsa, sholi qadimdan xalqimiz uchun rizq-roʻz, toʻkin-sochinlik ramzi boʻlib kelgan. U nafaqat zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan biri, balki inson organizmining uglevod va oqsillarga boʻlgan talabini qondirish manbai, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik kabi sohalarning asosiy ozuqasi hamdir.
Prezidentimizning 2021-yil 2-fevraldagi “Sholi yetishtirishni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori xalqimiz uchun, eng avvalo, ana shu maqsadga xizmat qilib, dasturxonining toʻkinligini taʼminlashga yana-da keng yoʻl ochayotgani bilan muhim. Buning uchun sholi yetishtirish tizimini takomillashtirish, ichki isteʼmol bozorini guruch mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish hamda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qoʻllashni taʼminlash zarur boʻladi.
Sara urugʻ — hosil boʻliq, deb bejiz aytilmaydi. Chunki, toʻgʻri tashkil etilgan ukrugʻchilik moʻl hosil yetishtirishning muhim sharti hisoblanadi. Qarorda ham sholi urugʻchiligi xoʻjaliklarini tashkil qilish va ularda avlodli urugʻlik koʻpaytirish tizimini yoʻlga qoʻyish, yer maydonlarini ajratish, ekilgan urugʻlik maydonlarini belgilangan tartibda qatʼiy approbatsiyadan oʻtkazish va xoʻjaliklarda urugʻlik sholini tozalash, saralash, qadoqlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Maʼlumki, sholi doni (guruchi) qadimdan to bugunga qadar dunyoning koʻplab mamlakatlarida ekilgani bois, Yer yuzida keng tarqalgan hamda koʻp isteʼmol qilinadigan qimmatbaho mahsulotlar sirasiga kiradi. Uning yuzlab foydali xususiyatlari orasida inson organizmida boshqa ozuqa moddalariga nisbatan eng yengil hazm boʻlishi, tarkibi (boshqa donli ekinlarda uchramaydigan oqsillar) vitamin va fosfororganik birikmalarga boyligi jihatdan alohida ajralib turadi.
Mamlakatimizda sholi hozirgacha sugʻoriladigan yerlarda ekilib, iqlim oʻzgarishlari uning hosildorligiga deyarli taʼsir koʻrsatmaydi. Qurgʻoqchilik sharoitlarida ham talab qilinadigan agrotexnologiyalarni oʻz vaqtida qoʻllashga rioya qilinsa, undan yuqori hosil olish mumkinligi amaliyotda oʻz isbotini topgan.
Jahon tajribasida sholi yetishtirishning bir qancha usullari mavjud. Respublikamizda bu ekin aksariyat holda urugʻi qadalgandan keyin uni suvga bostirib qoʻyish texnologiyasi asosida yetishtiriladi. Bunda hosil pishib yetilgunga qadar sholipoyalardagi suv sathini 5-7, 10-12, 15-20 santimetr qalinlikda ushlab turish talab etiladi.
Tadqiqotlar qaraganda, sifatli sholi urugʻi hosildorlikni 25 foizgacha oshirishi mumkin. Buning uchun elita 1- va 2-reproduksiyali urugʻlarning boshlangʻich koʻkaruvchanlik darajasi 85-95 foiz boʻlishi lozim. Ekiladigan sholi navlarining sifati navni yangilab turish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Keng maydonlarga ekilgan sholi navlarining urugʻi har 3-4 yilda bir marta yangilanishi kerak. Urugʻlik sholini saqlash muddati odatda 2 yildan oshmaydi. Qarorda belgilanganidek, urugʻchilik xoʻjaliklarining dalasida 2 yildan ortiq sholi yetishtirilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimini joriy qilish orqali kutilgan samaraga erishish mumkin boʻladi.
Sholichilikda suvdan tejab foydalanish
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, eksport hajmini oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tadbiq etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda Yer yuzida aholi sonining ortishi, iqtisodiyot rivoji hisobiga tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi barcha ekinlar, shu jumladan, sholini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni taqozo etmoqda.
Hozirgi vaqtda respublikamizning 7 ta hududidagi 43,4 ming gektar (shundan qishloq xoʻjaligida yerlarni qayta foydalanishga kiritish hisobidan 6,9 ming gektar) yer maydonlarida 35 ta sholichilik klasteri (Qoraqalpogʻiston Respublikasida 6 ta, Xorazmda 14 ta Andijonda 9 ta, Sirdaryo va Fargʻonada 2 tadan, Namanganda va Toshkentda 1 tadan) tashkil etilgan boʻlib, ularning suvga boʻlgan talabi katta.
Maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak, respublikamizda qishloq xoʻjaligi sohasida bir yilda oʻrtacha 52 milliard kub metr suv sarflanib, uning 80 foizi tarnschegaraviy daryolar hissasiga toʻgʻri keladi. Qoʻshni davlatlar hududidagi suvlar muzliklar va qorlarning erishi hisobiga shakllanadi. Biroq iqlim oʻzgarishi va boshqa antropogen taʼsirlar oqibatida togʻlardagi muzliklarning soni va hajmi keskin kamayib, daryolardagi suv hajmi pasayib bormoqda. Bundan tashqari, mintaqa mamlakatlari, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham aholi sonining oʻsishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida suvga boʻlgan talab tobora ortib bormoqda. Bunday sharoitda qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan samarali va tejamli foydalanish, ayniqsa, ekinlarni sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishni davrning oʻzi taqozo etyapti.
Sholi doimo suvda oʻsishiga qaramay, uning rivojlanish davri davomida suvga boʻlgan talabi turlicha. Oʻzbekistonda hozirgacha anʼanaviy usulda ekiladigan sholipoyalarning sugʻorish davri aprel oyining uchinchi oʻn kunligidan sentyabr oyining birinchi oʻn kunligigacha davom etadi.
Yillik sugʻorish meʼyori anʼanaviy usul, yaʼni sholi urugʻini tuproqqa qadagan kundan pishib yetilguncha boʻlgan davrda iqlim, tuproq va amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarning turiga qarab, gektariga oʻrtacha 16-25 ming kub metrni tashkil qiladi. Uning 30-40 foizini sholi oʻsimligi pishib yetilish davrigacha oʻzlashtiradi, qolgan qismi parlanish, tuproqqa shimilib, yer ostiga oʻtib ketish kabi foydasiz jihatlarga sarflanadi.
Hozirgi vaqtda anʼanaviy usulda ekilgan sholipoyalar oqovali va oqovasiz usul bilan sugʻoriladi. Suvdan foydalanishda oqovasiz sugʻorish usulini qoʻllash maqsadga muvofiq boʻlib, bu yillik suv meʼyorini 25-30 foiz tejash imkonini beradi. Ahamiyatli tomoni, oqovasiz mazkur usulni tuproq shoʻrlanmagan yoki shoʻrlangan sharoitlarda ham qoʻllash mumkin.
Sholi urugʻi selkalar yordamida tuproqqa 1-2 santimetr chuqurlikka ekilgan sharoitda qisqartirilgan sugʻorish usuli qoʻllaniladi. Bunda birinchi bostirilgan suv qatlami 3-4 kun davomida ushlab turilib, soʻng suv berish toʻxtatiladi. Pollardagi suv qatlami tuproqqa shimilib, maysalar qatori aniq koʻringanidan soʻng yana 5-6 santimetr qatlamida suv bostiriladi. Bunday sharoitda har bir gektar yerdagi koʻchatlar soni toʻliq boʻlishiga va suvni har gektaridan 2-3 ming metr kub tejashga imkon yaratiladi.
Suvni bosh shaxobchadan keyingi sugʻorish shahobchalariga meʼyordan katta miqdorda oqizib qoʻyish, sholipoyalarda ortiqcha suv qatlamini ushlab turish kabi hollar suvning behuda sarflanishiga olib keladi. Vaholanki, sholining rivojlanish davrida suvning belgilangan normadan koʻp sarf qilinishi hosildorlikni oshirmaydi, aksincha, bu holat, ayniqsa, hozirgi vaqtda xoʻjaliklarga iqtisodiy jihatdan katta ziyon keltiradi.
Sholini koʻchat usulida yetishtirish
Suvni tejashning samarali usullaridan biri sholini koʻchat usulida yetishtirish hisoblanadi. Bu usulda sholi koʻchatini kichik maydonlarda yetishtirish hisobiga yillik suv meʼyorining katta qismi iqtisod qilinadi.
Sholini koʻchat qilib yetishtirish usuli Xitoy, Hindiston, Vyetnam, Indoneziya, Shimoliy Koreya kabi davlatlarda keng qoʻllaniladi. Bunda sholi ekiladigan joylarning iqlim sharoitidan unumli foydalanish hamda oʻrim-yigʻimni erta muddatlarda oʻtkazish imkoniyati yaratiladi. Qolaversa, har bir gektar yerdan unumli foydalanish natijasida 2 marotaba hosil yetishtirish mumkin. Sholi koʻchat usulida ekilganda urugʻlik sholi 60-70, suv sarfi 30-40 foiz iqtisod qilinib, hosildorlik 30 foizgacha ortadi.
Hozirgi vaqtda Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti olim va mutaxassislari tomonidan fermer, dehqon va tomorqa yer egalari xoʻjaliklarida foydalanish uchun sholini koʻchat holida ekish usuli texnologiyalarini joriy etish boʻyicha tavsiyanomalar tayyorlangan boʻlib, ularni respublikadagi sholichilik xoʻjaliklariga tarqatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, yerlarni lazer qurilmalar yordamida nazorat qilinadigan texnikalar orqali tekislash ham dolzarb masalaga aylangan. Lazer qurilmalari tekislash ishlari sifatini tubdan yaxshilab, texnologik koʻrsatkichlarni oshiradi. Jarayonda geodeziya ishlari 80 foizga kamayib, agregatlar ish unumini 20-30 foiz, hosildorlik 35 foizga oshadi. Suv sarfi esa 50 foizga tejaydi.
Prezidentimizning “Sholi yetishtirishni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida 2021-yilda jami sholi maydonlarining kamida 20 foizida sholini koʻchatlab ekish, 50 foizida lazer uskunalari yordamida yer tekislash tizimini joriy etish, 30 foizida sholini zamonaviy urugʻ selkalar orqali ekish, 2022-yilda bu koʻrsatkichlarni yana-da oshirish koʻzda tutilgan. Hozirgi vaqtda sholichilik amaliyotida yuqorida keltirilgan barcha masalalarni sifatli bajarish uchun yer, suv va boshqa kompleks resurslar mavjud. Ilmiy asoslangan texnologiyalar ishlab chiqilgan. Tavsiyanomalar tayyorlanib, qoʻllanma sifatida fermer, dehqon xoʻjaliklariga tarqatilib, oʻqitib, oʻrgatish ishlari olib borilmoqda.
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, eksportni oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qarorda belgilab berilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash sholi yetishtiruvchi mutaxassislar, fermer, dehqon, tomorqa yer egalari bilan bir qatorda biz olimlarning ham eng asosiy kundalik vazifamizga aylanishi lozim.
Gʻiyosjon RAHIMOV,
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti
boʻlim mudiri, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor