Shovqinning salbiy taʼsiri va xavfi tadqiq qilindi

    Bizning butun muhitimiz, u yoki bu darajada, shovqin taʼsiridan iborat. Odamlar maʼlum bir shovqin darajasiga oʻrgangan boʻlib, agar haddan tashqari shovqin boʻlmasa, ular koʻpincha bunga eʼtibor ham bermaydilar.

    Kishilar ongiga taʼsir qiluvchi shovqin taʼsiriga qarshi kurashish zarurati xalqaro darajada eʼtirof etilgan. Jumladan, BMT Inson huquqlari kengashining 2021-yil 5-oktyabrdagi 48-sessiyasida insonning xavfsiz, toza, sogʻlom va barqaror atrof-muhitga boʻlgan huquqini umuminsoniy huquq sifatida eʼtirof etgan rezolyutsiya qabul qilindi.

    Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan milliy qonunchilik hamda joriy amaliyotni oʻrganish natijalari fuqarolar va jamiyatni shovqindan himoya qilish sohasida qator muammolar mavjudligini koʻrsatmoqda.

    Xususan, bugungi kunga qadar mamlakatimizda zararli shovqin taʼsiriga qarshi kurashish masalalarini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

    Misol uchun, “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq avtotransport vositalari xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya, sogʻliqni saqlash va xavfsizlik talablariga, shuningdek, standartlar va texnik shartlarga muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi kerak.

    Ayni paytda, “tungi vaqt” boʻyicha yagona tushuncha mavjud emas, masalan, ushbu vaqt Mehnat kodeksining 122-moddasiga muvofiq – soat 22:00 dan 06:00 gacha, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 192-moddasiga muvofiq – 23:00 dan 06:00 gacha, “Turar joy binolarida, jamoat binolari va uy- joy qurilishi xududlarida ruxsat etiladigan shovqin meʼyorlaridan oshmasligini taʼminlashga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari va normalari”ga (SanPiN 0267-09-son) muvofiq esa – 23:00 dan 07:00 gacha deb belgilanan.

    Shuningdek, ushbu sohada maʼlum ilmiy izlanishlar mavjud emasligini ham taʼkidlash zarur. Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 20 yil ichida shovqin sohasida faqat bitta keng qamrovli tadqiqot oʻtkazilgan.

    Shuni taʼkidlash kerakki, bir qator xorijiy mamlakatlarda shovqinga qarshi kurash maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Misol uchun, Yaponiyada 1968-yilgi “Shovqinni tartibga solish toʻgʻrisida”, Amerika Qoʻshma Shtatlarida 1972-yilgi “Shovqinni nazorat qilish toʻgʻrisida”, Buyuk Britaniyada 1996-yilgi “Shovqin toʻgʻrisida” qonunlar mavjud.

    Germaniyada transport harakati shovqiniga qarshi kurashda yoʻllar chetidagi shovqin darajasini aniqlash uskunalaridan faol foydalaniladi.

    Fransiyada avtomatik foto-videokameralar shovqin darajasi kuchli boʻlgan avtomashinani tanib olish, avtomatik ravishda suratga olish va uning raqamini oʻqish qobiliyatiga ega shovqin radarlari bilan jihozlangan, ushbu tizim avtotransport egasiga jarima toʻlash zarurligi haqida xatni avtomatik ravishda yuboradi.

    Oʻrganish natijasida inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillardan boʻlgan shovqinga qarshi kurashni takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Xususan:

    • shovqinning salbiy taʼsiriga qarshi kurashishni yanada puxta va aniq tartibga solish;
    • ruxsat etilgan shovqin darajasiga aniqlik kiritish;
    • belgilangan darajadan ortiq shovqin taʼsiri uchun tovon toʻlashning huquqiy mexanizmini yaratish.

    Mazkur tavsiyalarni amalga kiritish maqsadida qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish taklif etilmoqda.

    Bundan tashqari, rivojlangan xorijiy davlatlar misolida avtomobil yoʻllarida shovqin balandligini oʻlchash asboblarini oʻrnatish imkoniyatlarini oʻrganish tavsiya etilib, shovqinning salbiy taʼsiriga qarshi kurashish sohasidagi umumiy vaziyatni yaxshilash boʻyicha boshqa taklif va tashabbuslar ham maʼsul idoralarga taqdim etildi.

    Ushbu tashabbuslarning imkon qadar tezkorlik bilan amalga oshirilishi jamiyat hayotini yaxshilash, shovqinning salbiy taʼsiriga barham berish, shuningdek, zararli mehnat sharoitlariga ega ishchilar hamda shovqin taʼsiri mavjud noqulay hududlarda yashovchi aholi uchun adolatli kompensatsiya toʻlovlari joriy etilishiga xizmat qiladi.

    Adliya vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi