Biroq, bunda hamkorlikda ish olib borayotgan 50 dan ortiq davlat tashkilotlaridan birortasi xizmat koʻrsatish tartibini buzishi, tizimdagi zanjir uzildi degani. Yaʼni, davlat xizmatlarini shaffof tarzda koʻrsatish uchun integratsiya qilingan davlat idoralari birdek masʼuliyatni his qilishi kerak.

Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2021-yilning 1-choragi davomida jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida 108 mingdan ortiq qonun buzilishlar aniqlangan. Shundan, 79 mingdan ortiq muddat buzilishi, qariyb 20 mingga yaqin toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmati koʻrsatish va 1 129 ta holatda ortiqcha hujjat talab qilish holatlariga toʻgʻri kelgan.

Davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini buzish bilan bogʻliq boʻlgan eng koʻp qonun buzilish holatlari kommunal tashkilotlar (88 509 ta), sogʻliqni saqlash muassasalari (6 199 ta), kadastr organlari (3 831 ta), davlat soliq organlari (1 405 ta) va qurilish organlari (1 369 ta)da qayd etildi.

Aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ogohnomalar, taqdimnomalar kiritildi hamda aybdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Qoʻllanilgan taʼsir choralari natijasida 356 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, ulardan 20 nafar shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etildi, shuningdek 922 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy jarima jazosi qoʻllanildi.

Xabaringiz bor, davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini joriy etish jarayonida amaldagi tartibni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik toʻsiqlar, qogʻozbozlik va korrupsiyaviy omillarini bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Bu jarayonda ayrim davlat tashkilotlarining sustkashligi xalqimizning davlatga ishonchini kamayishiga sabab boʻladi. Jumladan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Qurilish vazirligi, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, “Oʻzarxiv” agentligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, “Hududgaztaʼminot” AJ, “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, tugʻruqxona va shifoxona tugʻruq boʻlimlari Davlat xizmatlari markazlari orqali xizmatlarini oʻz vaqtida joriy etish choralarini koʻrmagan. Natijada, qayd etilgan idoralarning masʼul xodimlari maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Davlat xizmatlari agentligi monitoring va oʻrganishlar, uning natijasida taʼsir choralarini qoʻllash bilan kifoyalanmay, muntazam ravishda masʼul idoralar xodimlari ishtirokida oʻquv seminarlari, vebinarlar tashkil etib kelmoqda. Maqsad – aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ularga yechim topishdan iborat.

Aslida haqiqiy hayot raqamlarda aks etadi. Biroq raqamlar, hisobotlar oʻz yoʻliga. Demoqchi boʻlganimiz boshqa...

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganligiga 4 yil boʻladi. Oʻtgan vaqt mobaynida oʻnlab hisobotlarda “Faloncha tashkilot xodimlarini maʼmuriy javobgarlikka tortdik”, “Pismadoncha rahbarlarga ogohlantirish berdik” qabilidagi raqamlarning kamaymagani bizni tashvishga soladi, aslida. Chunki bu raqamlar davlat xizmatlari agentligi tizimidan tashqari hamkorlikda ish olib borayotgan, integratsiya qilingan vakolatli organlarning hali ham xalq manfaatlari yoʻlida olib borilayotgan islohotlar mohiyatini anglab yeta olmayotganini bildiradi.

Ulugʻbek Mahmudov,

Davlat xizmatlari agentligi

boshqarma boshligʻi