–Afsuski, hozirgacha «COVID-19» kasalligini samarali davolaydigan kafolatlangan preparat topilgani yo'q. Shunga qaramasdan, koronavirus kasalligini davolashda yaxshi natija ko'rsatayotgan dori vositalari mavjud bo'lib, bunday dorilar orasida hozirda eng mashhuri «Remdesivir» va «Favipiravir» deyish mumkin.

“Remdesivir” preparati 2015 yil AQSHda  yaratilgan bo'lib, Afrikada tarqalgan “ebola” virusiga qarshi qo'llanilgan. 2020 yil 1 maydan boshlab Amerika oziq ovqatlar va dori vositalarini sanitar nazorat qilish boshqarmasi tomonidan koronavirusni davolashda tezkor dori sifatida qo'llanilishiga ruxsat berilgan. O'tgan vaqt orasida “Remdesivir” o'zining ijobiy natijalarini ham berdi. Shu sababli koronavirusni davolashda butun dunyoda qo'llanilmoqda. Hozirda “Remdesivir” preparati O'zbekistonda  “Remdessa” nomi bilan ishlab chiqarilmoqda.

Koronavirusni davolashda yana bir keng qo'llanilayotgan dori vositasi bu — “Favipiravir”. U Yaponiyada “Avigan” nomi bilan 2014 yildan “Fujifilm Toyama Chemical” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan gripp kasalligiga qarshi dori vositasi bo'lib, grippni davolashda boshqa preparatlar ta'sir ko'rsata olmaganida zaxira preparati sifatida tatbiq etilgan.

“Favipiravir”ning biologik aktiv moddasi bir qator viruslarning ko'payishini bloklaydi. Bu preparat ham Afrikada “ebola” virusini davolashda keng qo'llanilgan. 2020 yilning fevral` oyidan boshlab YAponiya klinikalarida  koronavirusni davolashda keng qo'llanilib kelinmoqda.

“Remdesivir” va “Favipiravir” virusga qarshi dori vositalari sinov vaqti va davolash muolajalari davrida o'zini ijobiy namoyon etmoqda. Davolash kunlari qisqarmoqda, bemorlar ahvoli sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

Ammo bu dori vositalarining nojo'ya ta'sirlari haqida hamma ham bilmaydi.

Yaponiyada “Avigan” (“Favipiravir”) dori vositasi faqat buyurtma asosida klinikalarga etkazib beriladi. “Remdesivir” virusga qarshi dori vositasi esa faqatgina statsionar sharoitida qo'llashga mo'ljallangan. Chunki “Remdesivir” dori vositasi “COVID-19” kasalligining o'rta og'ir va og'ir shaklida bemorlarga tavsiya etiladi. Sababi barcha dori vositalari singari ushbu dori vositasining ham foydali va zararli taraflari mavjud.

Jumladan, tibbiy ko'rsatmasiz pala-partish va yuqori dozada ishlatish buyrak yetishmovchiligini keltiradi, jigar fermenti “AlT”ning oshishiga olib keladi, o'tkir nafas etishmovchiligi, ko'ngil aynishi va qabziyatni chaqiradi.

“Favipiravir” dori vositasi kasallikni engil va o'rta og'ir kechish darajasida faqat shifokor nazorati ostida tavsiya etiladi. Sababi “Favipiravir”ni virus yuklamasi ko'p bo'lganda va foydasi zararidan ustun deb topilgandagina tavsiya etiladi. Uni homilador ayollar qabul qilganda bolaning ko'p nuqsonli tug'ilishiga sabab bo'lishi mumkin. Buyrak etishmovchiligini chaqiradi. Harakat funktsiyalarini buzadi.

Achinarlisi, sanab o'tilgan nojo'ya ta'siriga qaramay, aholi orasida “Remdesivir” va “Favipiravir” dori vositalarini ishlatishga xohish ortib bormoqda. “COVID-19” kasalligi bilan  “asoratlangan” holatda tibbiyot muassasalariga murojaatlar ko'payib ketdi. Bunga esa bilib-bilmasdan ko'p miqdorda va kerak bo'lmagan holatda yuqorida sanab o'tilgan dori vositalarini o'zboshimchalik bilan qabul qilish sabab bo'lmoqda.