Joriy yilning 20-iyun kuni Prezidentimiz tomonidan muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sohani yanada rivojlantirish, taʼlim tizimida izchil islohotlarni yoʻlga qoʻyish borasida bir qancha vazifa va topshiriqlar muddati, aniq manbasi bilan belgilab berilgan edi.
Yigʻilishda sifatli taʼlim va salohiyatli kadrlarni tayyorlash maqsadida oliy muhandislik maktablarini tashkil etish toʻgʻrisida ham topshiriq berilgan edi. Xoʻsh, oliy taʼlim muassasalarida muhandis kadrlarni tayyorlash borasida qanday yangiliklar boʻlyapti? Ushbu yigʻilishdan soʻng sohaga yoʻnaltirilgan taʼlim maskanlarida nimalar oʻzgardi?
Loyihalarga mablagʻ ajratilmagan edi...
– Davlatimiz rahbari tashabbusi va oldimizga qoʻygan dolzarb vazifa va topshiriqlar bois, yaqin kelajakda bizni toʻlaqonli yangi, taʼlimdagi jarayonlarni oʻnglaydigan ilgʻor islohotlar kutib turibdi. Ochigʻini aytadigan boʻlsam, oʻtgan yil davomida amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarga hech kancha mablagʻ ajratilmagan va hattoki tijoratlashtirish boʻlimimiz ham yoʻq edi. Natijada olimlarimiz tomonidan yaratilgan innovatsiyalar realizatsiya qilinmasdan qolib ketdi. Muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidan soʻng institutimizda tijoratlashtirish boʻlimini tashkil etdik, 6 ta amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarga 4 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Yana bir eʼtiborli tomoni, viloyat hokimligi va bir qancha nufuzli korxona va tashkilotlar bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻydik, – deydi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova. – Bugungi kunda institutda xalqaro talablardan kelib chiqib, ilgʻor standartlarni joriy etish, oʻquv dasturlarida nazariy bilim olishga yoʻnaltirilgan taʼlimdan amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim tizimiga oʻtish maqsadida “Kiberneftgaz” oliy muhandislik maktabi tashkil etildi. Avvallari faqat hududning ijtimoiy kompleksi bilan hamkorlikda ishlab kelayotgan boʻlsak, hozirda iqtisodiy, investitsion kompleks bilan hamkorlikni rivojlantirmoqdamiz. Oliygohimida tuman hokimliklari hamda tarmoq rahbarlari, tadbirkorlar uchun doimiy ravishda Startap loyihalar va ilmiy ishlanmalar koʻrgazmasi tashkil etilmoqda. Mazkur ishlar natijasi oʻlaroq olimlarimizning neft-gaz, energetika, arxitektura-qurilish, yengil sanoat sohalarida 8 milliard soʻmdan ziyod 18 ta ilmiy loyihasi tanlab olindi. Hozirda ularni moliyalashtirish masalasi koʻrib chiqilmokda. Shuningdek, 57 ta ilmiy loyiha va ishlanma viloyatning turli sohalarida realizatsiya qilib kelinmoqda. Bundan tashqari, ilgari faqat dunyoning eng nufuzli oliygohlari 1000 taligiga kiruvchi OTMlardan andoza olib kelgan boʻlsak, endilikda TOP 300 talik oliygohlar bilan hamkorlik qilyapmiz. Sababi ushbu oliy taʼlim muassasalarining talablari juda yuqori boʻlib, ular oʻz mamlakati iqtisodiyotida, qolaversa, dunyoning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarida katta taʼsir kuchiga ega. Taʼlim vakili sifatida ochigʻini tan olib aytadigan boʻlsam, sohamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, muhim yangiliklar va oʻzgarishlar nafaqat meni, balki butun jamoamizni ruhlantirib, yangi gʻoya va tashabbuslar sari chorlamoqda.
“Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri
Darhaqiqat, sohaga doir oʻtkazilgan yigʻilishdan soʻng Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “Oʻzbekneftegaz” AJ bilan hamkorlikda “Kiberneftgaz” oliy muhandislik maktabi tashkil etildi.
Maktabning meʼyoriy hujjatlari tegishli qaror asosida taʼlim-ishlab chiqarish klasteriga kiritilgan va bugungi kunda hamkor ishlab chiqarish korxonalari bilan kelishilgan holda nizomi, oʻquv rejalari, dasturlari ishlab chiqilgan hamda yoʻl xaritasi belgilab olingan. Yana bir muhim jihati, ushbu oliy muhandislik maktabida tahsil oluvchi iqtidorli talabalarga qoʻshimcha stipendiyalar ham beriladi. Oʻquv laboratoriya xonalari esa eng zamonaviy jihozlar va asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Mazkur xonalarda trenajyor, simulyatorlar, zamonaviy dasturlar mavjud boʻladi.
Eng asosiysi, hozirgi kunda “Tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida 4 ta – Gazli neft va gaz qazib chiqarish va Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmalari, Amirobod kon geofizika ekspeditsiyasi, “Oʻzneftgazquduq taʼmirlash” AJ kabi hamkor korxonalarda maxsus kafedralar ochilib, dual taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Eng muhimi endi mazkur institutda salohiyatli kadrlarni tayyorlash, neft va gaz sanoatini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, sohada taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida oʻzaro integratsiyani yoʻlga qoʻyish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq qilish, ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlaridan kelib chiqib, zamonaviy talablar asosida xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq texnika va texnologiya yaratuvchi ilmiy kadrlarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish, talabalarni amaliyotga keng jalb qilish hamda ularning amaliy koʻnikmalarini shakllantirish uchun barcha shart-sharoitlar mujassam.
Muhandislik maktabida kimlar tayyorlanadi?
Oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik qilib, homiylik koʻrsatayotgan mutasaddi rahbarlarning nima sababdan ushbu muhandislik maktlablariga boʻlgan talabi ortib bormoqda? Hamkorlikdan qanday maqsad va manfaatlar koʻzda tutilgan?
– “Kiberneftgaz” oliy muhandislik maktabida ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yoʻlga qoʻyilgan, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Shu bilan birga, neft va gaz sohasi uchun sanoat talablari asosida ilgʻor muhandis kadrlarni tayyorlaydi va ilmiy faoliyatni amalga oshiradi. Birinchi yil talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar oʻtkazadi, bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida oʻqitiladi, – deydi institut rektori S.Siddiqova. – Birinchi yil talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar oʻtkazadi. Ular chuqurlashgan modul dasturlar asosida oʻqitiladi. Ikkinchi yil esa yangi mahsulotlar boʻyicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bogʻliq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan oʻtkazadi. Har bir magistrlik dissertatsiyasi mavzusi korxonaning aniq bir muammosi yechimini topishga qaratilgan startap loyiha sifatida bajariladi. Kelajakda “Kiberneftgaz” oliy muhandislik maktabi Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur, Ozarbayjon kabi rivojlangan davlatlarning nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi. Maktabni tashkil etish jarayonida Qozon Federal universiteti, Tyumen davlat universiteti, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Baku oliy neft maktabi kabi Oliy muhandislik maktablari bilan hamkorlik qilish borasida kelishuvga erishildi. Qisqaroq qilib aytadigan boʻlsam, ushbu muhandislik maktabimiz zamonaviy muhandislarni tayyorlab, mamlakat iqtisodiyotini koʻtarishga xizmat qilishi, shubhasiz. Umid qilamanki, yaqin kelajakda nafaqat bizning oliy taʼlim muassasamizda, balki sohaga yoʻnaltirilgan barcha oʻquv muassasalarida dunyoni lol qiladigan yaratuvchi-ixtirochilar yetishib chiqadi. Bu borada esa Buxoro muhandislik-texnologiya instituti ilk qadamlarni tashladi. Endi qoʻlni qoʻlga berib, bor kuchimizni ishga solishimiz shart.
“Uzbekistan GTL” uchun istiqbolli “yaratuvchi muhandis kadrlar”
– Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bizning yaqin hamkorimizdir. Korxonamiz tomonidan doimiy ravishda yoshlar bandligini taʼminlash, iqtidorli va bilimli yoshlarni saralash hamda korxonaning kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida ushbu institutda tanlov va imtihonlar tashkil etib kelinmoqda, – deydi “Uzbekistan GTL” MCHJ bosh direktori Alisher Bahodirov. – Tanlov bosqichlarida mexanika, neft-gaz, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, texnologik jarayonlarni boshqarish, kimyo (laboratoriya) yoʻnalishlarida bitiruvchi talabalarni suhbat va imtihondan oʻtkazib kelmoqdamiz. Mutaxassislarimiz tomonidan ijobiy baholangan bitiruvchi talabalar korxonaning zaxira kadrlar roʻyxatiga kiritiladi hamda kelgusida ular bilan mehnat shartnomasi tuziladi. Bundan tashqari “Uzbekistan GTL” MCHJ zavodida mazkur institut professor-oʻqituvchilarining qisqa muddatli malaka oshirish oʻquvlari tashkil etib kelinmoqda. Har yili oʻtkaziladigan “Eng fidoyi ustoz” tanlovida ushbu oliygoh talabalari va professor-oʻqituvchilari yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. “Kiberneftgaz” oliy muhandislik maktabi kelgusida hamkorligimizni yanada mustahkamlash hamda “Uzbekistan GTL” uchun istiqbolli “yaratuvchi muhandis kadrlar” tayyorlashga xizmat qiladi. Ushbu muhandislik maktabida zavodimiz talabidan kelib chiqqan holda ilgʻor muhandislar, xususan, zamonaviy kadrlar tayyorlanadi. Maqsadimiz kelgusida xalqaro standartlarga javob bera oladigan, intellektual salohiyatli ilmiy kadrlarni tayyorlash va ular orqali ishlab chiqarish va sohani rivojlantirishdir.
2 milliard 850 million soʻmlik shartnoma
– Bilasizmi, ishlab chiqarishdagi vaziyatni, muammolarni bilmay turib texnologiya yaratish haqida qanday gap boʻlishi mumkin? Buxoro muhandislik-texnologiya insitutida tashkil etilgan “Kiberneftgaz” oliy muhandislik maktabida nazariy bilimlar amaliy tahlillar bilan boyitiladi. Sohada turli yoʻqotishlarni kamaytirish, konlarning ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini loyihalash, rejalashtiriladigan geologik-texnik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida ushbu oliy muhandislik maktabi biz uchun ayni mudaaodir, – deydi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi rahbari Akbar Fazilov. – Maktabni tashkil uchun jami 2 milliard 850 million soʻmlik shartnoma qilingan. Ushbu mablagʻni neftni qayta ishlash asosida ishlab chiqarilayotgan kerosin fraksiyasini tozalash uchun mahalliy xomashyo asosida faollashtirilgan koʻmir ishlab chiqarish texnologiyasi hamda “Kibernefttgaz” oliy muhandislik maktabini tashkil etish uchun zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazi shakllantirish uchun yoʻnaltirilish nazarda tutilgan. Hozirda zavodimizda turli yoʻnalishdagi muhandislarni chet mamlakatlardan jalb qilyapmiz. Yaratuvchi zamonaviy ilgʻor muhandis kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim shartidir. Yaʼni, biz oʻz yoshlarimizni ish bilan taʼminlaymiz, katta sarf-xarajat evaziga chet davlatlardan mutaxassis jalb etishga hojat qolmaydi. Ishontirib aytishim mumkinki, qisqa fursatda ushbu muhandislik maktabi oʻz samarasini beradi. Chunki muhandislik amaliyot bilan tirik soha. Qachonki qoʻlimizdan bir ish kelmasa, birovlar qurgan, yaratgan narsalarga qaram boʻlib qolaveramiz. Shu sabab hamisha hayotimizda ijobiy qiymat yarata olishimiz lozim. Xususiy korxonalar, davlat tashkilotlari oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ish olib borib, talabalarni tajribali mutaxassisliklarga biriktirib, ish koʻnikmalarini va mahoratini oshirib borsakkina yuqori natijaga erisha olamiz. Yoʻqsa, 4-yil yo 8-yil oʻqitamizmi, kuchli muhandislarni yetishtirib chiqara olmaymiz. Asosiysi, kichik boʻlsa ham real natijaga erishishga harakat qilishimiz kerak. Bu yoshlarda oʻziga boʻlgan ishonchni, dadillikni paydo qiladi. Bizning maqsadimiz mazkur oliy taʼlim maskani bilan hamkorlikda shunday tizim quraylikki, yoshlarimiz chet elda oʻqib, yurtiga qaytish hissi bilan yashasin. Taʼlimni amaliyot bilan uzviy bogʻlash bizni yorugʻlikka olib chiqishi mumkin. Amaliyotsiz taʼlim kadr berishi mumkin ammo kuchli kadrlarni kam beradi. Shu sabab biz taʼlim sohasi vakillari bilan birlashsak, hamkorlik yoʻllarini izlasak, koni foyda boʻladi.
Maqolani muxtasar qilar ekanmiz, bir narsani oʻzimiz ham teranroq anglab yetdik. Shiddat bilan rivojlanib borayotgan bugungi davrda qay sohada boʻlmasin, yoshlar taʼlim va amaliyotni oʻqib, oʻrganib hamohang olib borsagina, oʻz sohasining yetuk mutaxassisiga aylana oladi. Zero, taʼlimni amaliyot bilan uzviy bogʻlash kelajakning istiqbolli yoʻllariga qurilayotgan nurli bekatlardir.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri