Tadqiqotning maqsadi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga COVID-19 pandemiyasining ta'sirini o'rganish, “Ijtimoiy sheriklik to'g'risida”gi Qonunni amalga oshirish doirasida nodavlat notijorat tashkilotlarining tegishli sohalarda davlat organlaridan ijtimoiy buyurtma olishdagi ehtiyojlarini aniqlash, so'rovnoma natijalariga asosan pandemiya sharoitida NNTlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. So'rovnomada respublikaning barcha mintaqalaridan jami 1 000 dan ortiq NNT ishtirok etdi.

Tadqiqotda ishtirok etgan respondentlarning uchdan ikki qismi (64,4%) oylik ish haqi ularga o'z vaqtida berilayotganini hamda 5,6% dasturlar/loyihalar amalga oshirilgandagina to'lovlar berilayotganini ma'lum qilishgan. SHu bilan birga, so'rovda ishtirok etganlar orasida jamoatchilik asosida ishlayotganlar (18,4%) hamda oylik ish haqi berilmayotganlar (11,6%) borligi aniqlandi. Demak, har uchinchi respondent oylik ish haqiga ega emas. Bu tashvishli xolat sifatida baholanishi va o'z echimini topishi uchun ma'lum chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerakligidan dalolat beradi.

Tadqiqotda ishtirok etgan tashkilotlarning faqatgina 1% davlat tomonidan moliyalashtirilishi va ularning aksariyat qismi, ya'ni 55% mahalliy donorlarning xayriya mablag'lari hisobiga faoliyat olib borishlari ma'lum bo'ldi.

O'tkazilgan tadqiqotdan ma'lum bo'lishicha, COVID-19 pandemiyasi NNTlarning faoliyatiga sezilarli darajada ta'sir ko'rsatib, mavjud sharoitdan kelib chiqib yangicha uslubda ishlashga sabab bo'lmoqda. Jumladan, respondentlarning 21% xodimlar masofadan ishlashga majbur ekanligini ma'lum qilishgan. SHu bilan birga, homiylardan va o'z korxonalaridan kelib tushadigan ajratmalar kelib tushishi to'xtab qolganligi (10%), xizmat ko'rsatish qobiliyatining cheklanganligi (10%), xarajatlarning ko'payganligi (8%), jamiyat bilan o'zaro aloqalar susayganligi (10%), xodimlar harakati cheklanganligi (8%), oylik maosh to'lash masalasida qiyinchiliklar paydo bo'lganligi (13%) hamda tadbirlar qisqartirilganligi (20%) kabi oqibatlarga olib kelganligini kuzatish mumkin.

Shuningdek, respondentlarning 21,6% – ofislarini to'liq yopib, hamma masofadan ishlashga o'tganligini, 50,9% – xodimlarining aksariyat qismi masofadan ishlashga o'tganligini, 8,1% – faoliyatida o'zgarish bo'lmaganligini, 15,2% – faoliyatini onlayn formatda olib borayotganligini, 1,8% – faoliyat yuzasidan ishchi uchrashuvlar o'tkazish saqlab qolinganligini, 9,5% – ishchi uchrashuvlar keskin qisqartirilganligini, 9,7% – respublika bo'ylab xizmat safarlari bekor qilinganligini, 5% – chet elga xizmat safarlari bekor qilinganligini hamda 15,4% – boshqa turdagi choralar qo'llaganligini bildirgan.

SHu bilan birga, karantin davrida tashkilotlarning 15% – karantin sharoitida ishlash uchun tashkiliy-texnik imkoniyatlar mavjud emasligini (komp`yuter, org. texnika, internet va b.), 10,7% – dasturlar/loyihalar onlayn formatga to'g'ri kelmayotganligini, 9,1% – hamkor tashkilotlar (vazirliklar, idoralar, muassasalar) onlayn formatda hamkorlik qilishga tayyor emasligini, 3,5% – homiylar (donorlar) tadbirlarni onlayn formatga ko'chirishga qarshiligini bildirgan.

Bundan tashqari, karantin davrida tarixiy obidalar yopilganligi sababli ayrim hunarmandlar o'z faoliyati bilan shug'ullana olmayotganligi (18,1 %), internet ta'minoti muammosi mavjudligi, masofada ishlash uchun xodimlarning shaxsiy texnik imkoniyatlari cheklanganligi, ko'pgina rejalarni masofada amalga oshirishga imkoni yo'qligi, mablag' kamligi yoki umuman yo'qligi, doimiy faoliyat olib borish uchun joy mavjud emasligi kabi qiyinchiliklarga duch kelayotganliklari haqida ta'kidlab o'tganlar.

Shuningdek, “2021 yilda pandemiya NNTlar faoliyatiga qay darajada ta'sir ko'rsatishi mumkin?” degan savolga respondentlarning 25% – pandemiya faoliyatiga salbiy ta'sir ko'rsatmasligini, 25% – jiddiy ta'sir ko'rsatishini, agar holat o'zgarmaydigan bo'lsa, tashkilotni yopishga yoki faoliyatini to'xtatishga to'g'ri kelishini, 50% – tashkilot faoliyatini ancha qisqartirishiga to'g'ri kelishini ta'kidlab o'tgan.

So'rovda ishtirok etganlarning fikricha, pandemiyaning ta'siri natijasida NNTlarning samarali faoliyat olib borishiga bir qator holatlar tahdid soladi. Jumladan, asosiy tahdidlar sifatida so'rovnomada qatnashgan NNTlarning 25% – moliyaviy ko'mak uzoq muddatga to'xtab qolishini, 25% – ijtimoiy xizmatlarga bo'lgan talabni qondirish uchun resurslarning etishmovchiligini, 25% – maqsadli guruhlar bilan o'zaro hamkorlikning susayishini, 15% – shartnomaviy majburiyatlarni bajara olmasligini va 10% – xarajatlarning oshishini keltirib o'tishgan.

53,1% respondentlarning fikricha, masofaviy ish rejimida ishlash qulay va sifatli, 29,9% esa bunday ish rejimida ishlash qulay, lekin sifatsiz ekanligini ta'kidlagan bo'lsa, 17% respondent uchun masofaviy ish rejimida ishlash noqulay va sifatsiz. SHuningdek, respondentlarning 53,9% ta'kidlashicha, rejalashtirilgan loyihalar/dasturlarini masofaviy ish rejimida amalga oshirgan bo'lsa, 46,1% – amalga oshira olmaganligini va bir qator muammolarga duch kelganligini bildirgan.

Tadqiqot davomida respondentlardan loyihalar/dasturlarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag'larning maqsadli sarf qilinganligiga ishonishi yoki ishonmasligi so'ralganda, 73,7% respondent mablag'lar muayyan maqsadlar uchun ishlatilganligiga to'liq ishonishini, 5,4% – uncha ishonmasligini, 1,2% – umuman ishonmasligini hamda 19,6% javob berishga qiynalishini bildirishgan va loyihalar/dasturlarni amalga oshirishga karantin cheklovlari, mablag'lar etishmasligi, davlat rolining etarlicha emasligini ta'kidlab o'tganlar. Aksariyat respondentlarning loyihalar/dasturlar mablag'lari muayyan maqsadlar uchun ishlatilganligiga to'liq ishonishini ijobiy ko'rsatkich sifatida baholash mumkin. U tashkilotdagi o'zaro ishonchning mavjudligi va korruptsiya elementlarining kamligidan dalolat beradi.

“Oldindan rejalashtirilgan va amalga oshirilmagan loyihalar/dasturlardan qolgan o'zlashtirilmagan mablag'larni boshqa ijtimoiy loyihalar/dasturlarga yo'naltirish mumkinmi?” degan savolga respondentlarning 49,1% – mumkin, 50,9% – mumkin emas deb javob bergan.

Ma'lumki, “Ijtimoiy sheriklik to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasida nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat subsidiyalari, grantlari
va ijtimoiy buyurtmalar berish, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish ijtimoiy sheriklikni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash turlari sifatida belgilangan. Tadqiqot davomida davlat organlari va NNTlar o'rtasidagi ijtimoiy sheriklik qanchalik yo'lga qo'yilganligini o'rganish maqsadida davlat organlari tomonidan NNTlarga davlat ijtimoiy buyurtmalar berilganligi masalasi o'rganilganda respondentlarning atigi 5,2% ijtimoiy buyurtma olganligi va 94,8% esa olmaganligi ma'lum bo'ldi.

Tadqiqotda ishtirok etgan 44% respondentlar pandemiya davlat organlari bilan bo'lgan munosabatlarga ta'sir qilganligi va 56% esa ta'sir etmaganligini bildirgan.

Davlat organidan bevosita olingan ijtimoiy buyurtmani amalga oshirish jarayonida deyarli barcha NNTlar (96,3%) boshqa davlat tashkilotlari bilan munosabatlarda muammolar bo'lmaganligini, 3,7% esa ba'zi muammolarga duch kelganligini ta'kidlashgan. Ushbu muammolar asosan sportni rivojlantirish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, sog'liqni saqlash sohasi va ijroiya hokimiyat organlari bilan hamkorlik masalalarida yuzaga kelganligi ta'kidlangan.

Shuningdek, tadqiqotda ishtirok etgan NNTlar yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sportni rivojlantirish, sog'liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta'lim sohasini rivojlantirish, nogironlarni qo'llab-quvvatlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo'nalishlarida davlat ijtimoiy buyurtmasini olishga tayyor ekanliklarini bildirgan.

Tadqiqot natijasida, COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq muammolarni hal qilish uchun davlat organlari NNTlarni keng jalb qilmaganligi ko'rindi. Xususan, 28% respondentlar davlat organlari tomonidan mazkur muammolarni hal etish uchun jalb qilinganligini, 72% esa jalb qilinmaganligini ta'kidlab o'tgan.

 Tadqiqot natijalariga asosan quyidagi xulosaga kelish mumkin:

    • tadqiqotda ishtirok etgan NNTlarning faqatgina 1% davlat tomonidan moliyalashtiriladi va ularning aksariyat qismi mahalliy donorlarning xayriya mablag'lari hisobiga faoliyat olib boradi;
    • SOVID-19 pandemiyasi NNTlarning faoliyatiga juda keskin salbiy ta'sir ko'rsatib, aksariyat NNT xodimlari masofadan ishlashga majbur bo'ldi, tadbirlar qisqartirildi va NNTlar oylik maosh to'lash masalasida qiyinchiliklarga duch keldilar;
    • aksariyat NNTlar va uning xodimlarining tashkiliy-texnik imkoniyatlari pandemiya davrida faoliyat olib borish uchun talabga javob bermaydi, Internetga ulanish uchun imkoniyatlari etarli emas;
    • pandemiya tufayli aksariyat NNTlar (50%) faoliyati ancha qisqargan;
    • pandemiya ta'sirida NNTlarning samarali faoliyatiga uzoq muddatga moliyaviy ko'makning to'xtab qolishi, ijtimoiy xizmatlarga bo'lgan talabni qondirish uchun resurslarning etishmasligi, maqsadli guruhlar bilan o'zaro hamkorlikning susayishi, shartnomaviy majburiyatlarni bajara olmaslik, xarajatlarning ko'payishi kabi tahdidlar yuzaga kelgan;
    • aksariyat NNTlar loyihalar/dasturlarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag'larning maqsadli sarf qilinganligiga ishonadi;
    • bir qator NNTlar uchun rejalashtirilgan va amalga oshirilmagan loyihalar/dasturlardan qolgan o'zlashtirilmagan mablag'larni boshqa ijtimoiy loyihalar/dasturlarga yo'naltirish imkoni mavjud emas;
    • juda kam sonli NNTlar (5%) ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun davlat organidan bevosita ijtimoiy buyurtma olgan;
    • COVID-19 bilan bog'liq muammolarni hal qilish uchun davlat organlari NNTlarni keng jalb qilmagan;
    • NNTlar yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sportni rivojlantirish, sog'liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ta'lim sohasini rivojlantirish, nogironlarni qo'llab-quvvatlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo'nalishlarida davlat ijtimoiy buyurtmasini olishga tayyor.

 

Adliya vazirligi
jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi