25 yil kutilgan fursat
Oʻtgan asrning saksoninchi yillari oʻrtalarida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida Orol dengizining quriyotgani haqida bir sahifalik maqola eʼlon qilingandi. Chingiz Aytmatov rahbarligidagi oʻz davrining buyuk yozuvchi va olimlari, jamoat arboblari oʻsha maqola orqali mamlakat va dunyo ahlini birinchi bor bu kutilayotgan fojiadan ogoh etgandi. U paytda Orol hali bugungidek nochor va xarob holga kelib qolmagan, lekin uni shunday ayanchli ahvol kutayotgani maʼlum edi.
1960-yillargacha Orol dunyoning toʻrtta eng yirik ichki suv havzalaridan biri boʻlgan. Havzada baliqlarning noyob turlari yashagan va ular jahon ilmiy jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotgan. Shuningdek, dengiz atrof-muhit, iqlim, odamlar hamda hayvonot dunyosi hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.
Keyinroq Orol muammosi oʻsha paytdagi markaziy matbuot – Moskva nashrlarida ham tilga olindi. Olimlar vaziyatni oʻrganib, haqiqatan ham, dengizning qurishi yomon oqibatlarga olib kelishini, qum va tuz boʻronlari minglab kilometrlarga yetib borishini aytishdi. Oʻshanda ayrim olimlar Shimoliy muz okeaniga oqib yotgan Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga burish gʻoyasini ilgari surdi. Hatto shu asosida turli loyihalar ishlab chiqildi. Avvaliga, kanal qazib olib kelish taklif etildi. Keyinroq bu loyiha Sibir va Qozogʻiston tabiatini oʻzgartirib yuboradi, shuning uchun suvni yopiq quvurlar orqali olib kelish lozim degan takliflar ilgari surildi. Lekin bu loyihalarni amalga oshirib boʻlmadi. Rus yozuvchi va olimlari, ziyolilari bunga tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqdi. Tarqalish arafisida turgan shoʻrolar imperiyasi rahbarlari jamoatchilik fikriga qarshi bora olmadi. Gʻoya gʻoyaligicha, loyiha loyihaligicha qolib ketdi. Orol esa qirgʻoqlaridan chekinishda davom etdi.
Oʻtgan asrning 90 yillari boshida sobiq ittifoq parchalanib, mustaqil davlatlar paydo boʻldi. Biroq Orol muammosi hamisha kun tartibida turdi. Jumladan 1993-yilning yanvar oyida Oʻzbekiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston hamkorligida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi tuzildi. 2008-yilda BMT hamkorligida Toshkentda “Orol muammolari, ularning aholi genofondi, oʻsimlik va hayvonot olamiga taʼsiri hamda oqibatlarini yengillashtirish uchun xalqaro hamkorlik chora-tadbirlari” mavzuida, 2014-yilning oktyabr oyida Urganchda “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzuida xalqaro konferensiyalar tashkil etildi. Xullas, dengiz fojiasi doimo jamoatchilik diqqat markazida turdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari mazkur masalada uchrashdi, qandaydir kelishuvlarga erishildi, qarorlar qabul qilindi. Ammo bu uchrashuv, kelishuv va qarorlar bilan dengiz toʻlib ham qolmadi, uning dardi ham yengillashmadi. Shunday holatda salkam 25 yildan koʻproq yashadik. Vaholanki, shuncha yildan buyon dengiz tubidan yiliga millionlab tonna qumli va tuzli chang-toʻzonlar havoga koʻtarilib, bulutlar bilan aralashib, minglab kilometrlargacha yetib bordi.
Toʻgʻri, dengizni yana suvga toʻldirish bu juda murakkab masala, yanayam aniqroq aytadigan boʻlsak, bajarib boʻlmaydigan yumush. Lekin bir paytlar qurigan dengiz boʻyida yashagan xalqni, aholini ijtimoiy himoya qilish, ularning odamga oʻxshab hayot kechirishi uchun sharoit yaratish mumkin edi-ku. Ellik yillar oldin hayot qaynagan, dengiz toʻlqinlari qirgʻoqlarini yuvib turgan Moʻynoq shahri va uning atrofidagi qishloqlar oʻlik hududga aylanish arafasiga kelib qolgan, odamlar uylarini tashlab keta boshlagandi.
Bundan uch yil burun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu muammoni hal etishga kirishdi. Birinchi navbatda, suv chekinib sahroga aylangan yerlarga choʻlbop ekinlar ekish boshlandi. 2018–2020-yillar bahor mavsumida jami 1,6 million gektar “yashil qoplamalar” barpo etish ishlari amalga oshirildi.
Soha olimlarining taʼkidlashicha, Orolboʻyi hududida ekilgan 2 yillik saksovulzorlar shamol taʼsirida qum koʻchishini 20 foiz, 5 yillik saksovulzorlar 80 foiz, 7 yillik saksovulzorlar esa toʻliq toʻxtatar ekan. Natijada hududda iqlim moʻtadillashadi, qumlar va tuzlarning havoga koʻtarilishi toʻxtaydi. Eng muhimi, odamlarning yashashi uchun ijtimoiy-iqtisodiy muhit barqarorlashadi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Prezidentimizning 2020-yil 11-noyabrdagi “2020–2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari, shuningdek, 2019 – 2021-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi qabul qilinishi orolboʻyi aholisi hayotini oʻzgartirishda muhim qadam boʻldi. Dasturda tumanda 2019–2021-yillarda jami 1 trillion 485 milliard soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Keyingi uch-toʻrt ichida Moʻynoq shahri, uning atrofidagi qishloq va ovullar tanib boʻlmas darajada oʻzgardi. Bugun shaharga kelgan kishi uni taniy olmasligi haqiqat. Yoʻllar asfaltlandi, koʻplab ijtimoiy madaniy binolar qad rostladi. Zavod va fabrikalar, toʻqimachilik kombinatlari barpo etilib, minglab yangi ish oʻrinlari yaratildi. Eng muhimi, kelajagiga ishonmay Moʻynoqni tashlab ketgan aholi uyiga qayta boshladi. Prezidentimiz 2019-yilning avgut oyida Qoraqalpogʻistonga borganda Moʻynoq haqida bunday degandi:
— Moʻynoqdagi oʻzgarishlarni, sizlarning koʻzlaringizdagi rozilikni koʻrib juda xursandman. Bu – uzoq-uzoq hududlarga borib qilayotgan ishlarimiz natijasi. Agar kimdir bizning islohotlarimizga shubha qiladigan boʻlsa, Moʻynoqqa kelib koʻrsin.
Yuqoridagilardan bitta xulosaga kelish mumkin. Oʻtgan asrning 60 yillarida boshlangan Orol muammosini hal etish uchun shoʻrolar davrida ham, mustaqillik yillarining dastlabki 25 yilida ham koʻplab gaplar aytilgan boʻlsa-da, deyarli jiddiy ish qilinmadi. Faqat soʻnggi yillardagina dengiz va uning atrofidagi fojiaga real baho berildi va muammolar birin-ketin hal etilyapti. Orol suvga toʻmas, lekin bugun bu zaminda yashayotgan odamlar ertangi kuniga ishonch bilan qarayapti, ularning kelajakdan umidi katta. Islohotlardan koʻzlangan maqsad ham shu-ku, axir.
Fuqarolik sharafi
Yaqinda Sirdaryo viloyatida istiqomat qiladigan bir ayol bilan suhbatlashib qoldim. Oʻzini Mayram Kenjaboyeva deb tanishtirgan ayol 1992-yilning oxirida Tojikistondan Oʻzbekistonga koʻchib kelgan ekan.
“Yangiyer shahrida yashayman, — deydi M. Kenjaboyeva. — Ikki oʻgʻlim va bir qizim bor. Otam asli zominlik. Oʻtgan asrning 50 yillari oʻrtalarida taqdir taqozosi bilan Tojikistonning Shaxriston tumaniga borib qolgan. Biz oilada 10 farzand edik. Katta opam va akam Zominda, qolgan aka-ukalar Tojikistonda tugʻilganmiz. Biz tugʻilib, katta boʻlgan qishlogʻimizda hozir bitta akam ota-onamning chirogʻini yoqib oʻtiribdi. Qolgan farzandlar barchamiz Oʻzbekistonda yashaymiz. Fuqarorligim boʻlmagani uchun 27 yil tugʻilib oʻsgan qishlogʻimga bora olmadim. Otam Boyovut tumanining Qarabchi mahallasidagi qabristonga dafn etilgan, onamning qabri Tojikistondagi qishlogʻimizda. Tugʻilib oʻsgan yurtimni, onamning qabrini ziyorat qilishni salkam 28 yil kutdim.
Oʻtgan yilning dekabrida Oʻzbekiston fuqarosi boʻldim. Mendan keyin farzandlarimni ham fuqarolikka qabul qilishdi. Xullas, bugun quvonchim cheksiz. Endi kindik qonim toʻkilgan yurtga bemalol borib kelish imkoniyatiga egaman. Bu imkoniyatlarni yaratib bergani uchun Prezidentimizdan minnatdorman”.
Sobiq shoʻrolar imperiyasining yemirilishi millionlab odamlar taqdirini oʻzgartirib yubordi. Kimdir oʻzi istamagan holda boshqa respublikalarda qolib ketdi. Chegaralar yopilgach esa yurtidan, yaqinlaridan butunlay ajralib qoldi. Oʻtgan asrning 90 yillari boshida Tojikistonda roʻy bergan fuqarolar urushi, Qirgʻizistonning Oʻsh shahridagi qirgʻinbarotlar bu mamlakatlarda yashovchi minglab oʻzbeklarni Oʻzbekistonga kelishga majbur qildi. Taqdir taqozosi bilan boshqa respublikalarda yashab, ishlab yurgan yurtdoshlarimiz esa oʻzining, farzandlarining kelajagini oʻylayu yurtga qaytdi. Lekin ularning mamlakat fuqaroligini olishi uzoq yillarga choʻzildi.
Xoʻsh, fuqarolik nima oʻzi? Nima uchun odamlar oʻzi yashayotgan mamlakatning fuqarosi boʻlishni istaydi? Mening nazarimda fuqarolik insonning shu davlat, shu jamiyatga toʻlaqonli mansub ekanining belgisi hamda uning huquq va erkinligi, barcha imkoniyat va sharoitlardan toʻliq foydalanish kafolati. Maʼlumotlarga qaraganda, Markaziy Osiyodagi fuqaroligi yoʻq odamlarning katta qismi Oʻzbekistonda yashaydi. Ular shuncha yildan buyon fuqaro boʻlishni orzu qilib keldi. Lekin...
Albatta, fuqaro boʻlmasdan ham yashash mumkin. Minglab odamlar mamlakatimizda uzoq yillar shunday yashadi. Lekin fuqaroligi yoʻq odam xudda kamsitilgandek his etadi oʻzini. Ularning boshqa mamlakatlarga kirib-chiqishida ham cheklovlar bor. Fuqaroligi yoʻq inson ertasiga, kelajagiga ishonmay, bir kun kelib meni mamlakatdan chiqarib yuborsa nima qilaman, qayerga boraman degan hadik bilan yashaydi. Shuning uchun baʼzan ishiga sovuqqonroq qaraydi. Biror ishga astoydil kirishmaydi.
Toʻgʻri, fuqarolikka qabul qilishda juda ehtiyotkor boʻlish kerak. Chunki shaxs fuqarolikka qabul qilinganidan keyin u Oʻzbekiston fuqarosi uchun belgilangan barcha – saylash va saylanish, referendumda ishtirok etish, davlat xavfsizligi, ichki ishlar, prokuratura, harbiy xizmat, davlat boshqaruv organlarida ishlash huquqlarga ega boʻladi. Demak, biz Konstitutsiyaga amal qiladigan, Oʻzbekiston davlatchiligi qonunlarini soʻzsiz bajaradigan va tan oladigan shaxslarni fuqarolikka qabul qilishimiz kerak.
Biroq bizda shu yurtda tugʻilib, biror sabab bilan qoʻshni respublikada yashagan, istiqloldan keyin vataniga qaytgan insonlar ham, Oʻzbekiston fuqarosi bilan turmush qurib, 20-25 yil yashayotgan, shu yerda bola-chaqali boʻlgan, kelajagini mamlakatimizsiz tasavvur qilolmaydigan insonlarga ham fuqarolik berilmadi. Keyingi yillar matbuotini kuzatib shunga amin boʻldimki, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishni orzu qilganlar orasida 70-80 yoshli keksalar, iqtidorli olimlar, ijodkorlar, oʻqituvchilar, ziyolilar boʻlgan. Ular fuqaroligi boʻlmasa-da, shu yurt istiqboli, kelajagi uchun jonini fido qilishga ham tayyor. Lekin ularga ham hamisha rad javobi berilgan. Buning sababini masʼullardan soʻrasangiz, sizga turli bahonalarni topib beradi. Aslida esa biror bir kishining fuqarolikka qabul qilinishi davlat va jamiyatning oʻsha odamga nisbatan ishonchi va hurmatining ifodasidir.
Aytish joizki, Oʻzbekistonda fuqarolik olish eng bahsli, aksar hollarda yopiq mavzulardan biri boʻlib keldi. Maʼlumotlarga koʻra, 1991-yildan 2007-yilga qadar mamlakatimizda jami 482 nafar shaxs fuqarolikka qabul qilingan. Ularning koʻpchiligini sportchilar tashkil etgan. Chunki ular yirik musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilgan.
Endi eʼtibor qiling: 2007-yildan 2016-yilning dekabr oyiga qadar biror kimsaga fuqarolik berilmagan. Bu esa amalda koʻplab insonlar Oʻzbekistonda yashab, uning taraqqiyotiga hissa qoʻshib kelayotgan boʻlsa-da, yuridik jihatdan huquqlardan mahrum ekaniga sabab boʻlgan.
Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangandan keyingina bu masala ochiqlandi. Chin dildan Oʻzbekiston uchun xizmat qilishga tayyor, oʻzini shu mamlakatsiz tasavvur qila olmaydigan insonlarga birin-ketin fuqarolik berila boshlandi. IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi maʼlumotlariga qaraganda, 2016 yida 179 nafar, 2017-yilda 1064 nafar, 2018-yilda 2760 nafar, 2019-yilda 6318 nafar, 2020 yida esa 8310 nafar kishi Oʻzbekiston fuq aroligiga qabul qilingan.
Mutaxassislarni taʼkidlashicha, shu paytga qadar fuqarolikka kam odam qabul qilinishiga qoʻshni davlatlardagi notinchlik, 1992-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonunning nomukammalgigi ham sabab boʻlgan. Shu bois mazkur qonunning yangi tahriri ishlab chiqildi va 2020-yil 13-martda davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi. Oʻtgan yilning 15-sentyabridan boshlab ushbu qonun toʻliq kuchga kirdi.
Aytish kerakki, yangi qonun bilan fuqarolikka qabul qilish tamoyillari erkinlashtirildi, hujjatda liberal moddalar koʻpayib, byurokratik normalar kamaydi. Eng muhim yangilik, 1995-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan oʻtgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda mazkur qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston fuqarosi deb tan olinishi qayd etib qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari 2020-yilning 29-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida:
2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston hududida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan va boshqa davlat fuqaroligini qabul qilmagan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni, Oʻzbekiston Respublikasi hududida uzluksiz 15 yil davomida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatda turib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi boʻlmagan shaxsga yashash guvohnomasi yoki identifikatsiya ID-kartasi asosida yashab turgan va chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olishni taklif etdi.
Taklif etilgan oʻzgarishlar natijasida 2005-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan taxminan 20 ming nafarga yaqin fuqaroligi boʻlmagan shaxslar istak bildirgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi. Bu degani shuncha oilaga shodlik, quvonch kirib keladi, hech narsadan hadiksiramay yashash, shu yurt fuqarosi sifatida koʻplab imtiyozlardan foydalanish imkoni beriladi.
Bajarsa boʻlar ekanku...
2013–2015-yillar paxta terimi mavsumida Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xodimlari tarkibida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida vakil boʻlganman. Oʻsha paytda qoʻmitaning “Biznes-daily media” noshirlik uyida ishlardim. Biz qoʻmita tuzilmasining vakili sifatida barcha ishlarga jalb etilardik.
Qoʻmitaga paxta terimi paytida viloyatning Guliston va Sayxunobod tumanlari biriktirilardi. 10–15 kishi Sayxunobod, 10–15 kishi Guliston tumanida ikki oylab qolib ketardik. Qiladigan ishimiz aholini paxta terimiga jalb etish, ularga ish haqi va mukofotlar toʻlanishini nazorat qilish edi. Lekin puli oʻz vaqtida berilmasligi tufayli aholining koʻpchiligi oʻz xohishi bilan terimga chiqmas, ertalab koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurib, xuddi shoʻrolar davri raislari kabi baqirib odamlarni paxtaga chorlardik. Baʼzan terimchilar chiqsa, ularni paxtazorga olib boradigan transport topilmasdi. Tuman hokimiga, prokuroriga yoki ichki ishlar boʻlimi boshligʻiga qoʻngʻiroq qilib mashina topishda yordam soʻrardik. Ular koʻchada kira qilib yurgan avtobus yoki “Damas”larni majburlab bizga joʻnatardi.
Ayrim paytlarda transport yoʻqligidan ming iltimos bilan paxta terimiga jalb etilgan ayollar uylariga qaytib ketib qolardi. Baʼzan esa olti-yettitadan terimchini oʻzimizning xizmat mashinamizga mindirib dalaga olib borardik. Kechqurun uyga qaytishda ham shunday holat takrorlanardi.
Bundan tashqari, xuddi shoʻrolar daridagi kabi viloyat miqyosidagi barcha tashkilotlar yopilib, paxta terimiga jalb etilardi. Eng achinarlisi, tumanlarda ularni joylashtirishga joy boʻlmasdi. Ayrim terimchilar mahalliy aholi uylaridan biror xonani ijaraga olib pul toʻlardi. Mantiqsizlikni qarang. Paxta terishga yordamga kelgan, lekin yotishga joy yoʻq. Yotogʻiga oʻz hisobidan pul toʻlab, paxta terishga majbur. Joy yoʻq, paxta terimiga bormayman desa, yagona tirikchilik mabai – ishidan ajraladi.
Esingizda boʻlsak, shoʻrolar davrida har bir brigadaning dala shiyponi bor edi. Yordamchi terimchilar esa oʻsha shiyponga joylashtirilardi. Biz ham talabalik davrimizda shu shiyponlarda yotib yilning dekabr oyigacha paxta terganmiz. Mamlakatimiz mustaqil boʻlgach xususiylashtirish boshlandi. Nazoratning yoʻqligi, boshboldoqlik tufayli xoʻjaliklarning traktor, kombayn, seyalka, xullas barcha texnikasi qoʻshni respublikalarga arzon-garov sotib yuborildi. Dala shiyponlari esa buzib sotildi. Natijasi esa maʼlum...
Paxta siyosati poytaxtda ham oʻzining aks sadosini berardi. Oʻqituvchilar, shifokorlar, davlat tashkilotlari ishchilari hasharga “jalb etilardi”. Imkoni yoʻqlar maʼlum miqdorda pul toʻlardi. Shu bahonada byudjet tashkilotlari ishchilaridan, tadbirkorlardan milliardlab soʻm pul yigʻib olinardi. Lekin u pul qayerga sarflanganiga hozirgacha aqlim yetmaydi. Demoqchimaki, ikki-uch million tonna paxtani terib olish uchun butun mamlakat aholisi ikki-uch oy sarson boʻlardi.
Buning ustida majburiy mehnat, bolalar mehnatidan foydalanildi degan tamgʻalar bilan mamlakatimiz obroʻsi yerga urilar, paxtamizni jahon bozorida sotilishiga toʻsqinlik qilinardi. Bu shoʻrolar davridan qolgan odat men yuqorida eslagan uch yilda emas, uzoq yillar davom etdi. Hozir hisoblab koʻrsak, butun mamlakat aholisini ikki-uch oy sarson qilgan, asabiga tekkan, minglab odamlarning infark, insult kasalligiga chalinishiga sababchi boʻlgan paxtadan koʻradigan foydamiz bir-ikki millard dollar atrofida ekan. Shu paytda biror odam paxtani terishni yetishtirganlarga qoʻyib beraylik, pulni bersak odamlar oʻzi terib oladi, demaganiga hali ham hayron qolaman.
Bir yaqin tanishim Jizzax shahrida oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Ilgari oʻquv yili boshlanishi bilan paxtaga tayyorganlik koʻrishni boshlardi. Baʼzan telefon qilib, biror tadbir qilsangiz paxta mavsumidan keyinga moʻljallang, boʻlmasa biz qatnasha olmaymiz derdi. Shunday yashash, shunday oʻylash odamlar hayot tarziga aylanib qolgandi.
Keyingi uch-toʻrt yilda birdan vaziyat oʻzgardi. Avval maktab oʻquvchilari, oʻqituvchilari butunlay paxta terimidan ozod qilindi. Keyin boshqa byudjet tashkilotlar ishchilari ham paxta terimiga jalb etilmay qoʻyildi. Fermer xoʻjaliklarining koʻpi klasterlarga biriktirilib, paxtani oʻzlari terib oladigan boʻldi. Salkam oʻtgan asrning oʻrtalaridan buyon aholini qiynab kelgan muammo bir-ikki yilda hal etildi. Bugun paxta mavsumida tumanlarga borsangiz, paxta terimining vahimasi umuman yoʻq. Goʻyo paxta ekilmagan, shu bois terilmayapti. Vaholangki, hozir ham salkam uch million tonnaga yaqin paxta xirmoni uyilyapti. Lekin unga ishsiz aholi jalb etilyapti. Ish haqi, mukofotlari oʻz vaqtida berilayotgani tufayli hech qanday ortiqcha gaplarsiz terib olinyapti.
Baʼzan oʻylanib qolasan, nahotki, ikki-uch yilda hal qilish mumkin boʻlgan muammo 50-60 yillab hal qilinmay kelindi. Buning sababi nima? Xafsalasizlikmi? Oʻziboʻlarchilikmi? Yangilikka intilmaslikmi? Balki korrupsiyadir? Bolalarni, ayollarni, byudjet tashkilotlari xodimlarni paxta terimiga jalb etish orqali balki milliardlab soʻm mablagʻlar oʻzlashtirilgandir.
Dunyoda paxta yetishtiradigan mamlakatlar koʻp. Nahotki ularning tajribasini oʻrganmadik, ular paxtani qanday terib olishi bilan qiziqmadik. Mening bilishimcha, balki adashayotgandirman, Liverpul paxta bozorida bolalar mehnatidan foydalanadi deb bizning tolamizni sotishga ruxsat berishmasdi. Boshqa davlatlarga nisbatan bundan sanksiya qoʻllanilmasdi. Demak, faqat bizda ahvol shunday boʻlgan. Lekin masʼullar muammoni hal etishni oʻylashmagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev saʼi- harakati bilan asrlar davomida aholini qiynab kelgan muammo bir-ikki yilda yechim topdi. Shunday emasmi?..
***
Har qanday mamlakatning obodligi, xalqining farovonligi shu yurtda yashayotgan odamlarga, ularning yoʻlboshchilariga bogʻliq. Biz yuqorida yurtimizda uzoq yillar davomida yechimini topmay, keyingi uch-toʻrt yilda butunlay hal etilgan uchta sohadagi oʻzgarishlar haqida qisqacha toʻxtaldik. Eʼtibor bersangiz, bu uch sohadagi muammo haqida doimo gapirib kelingan, lekin real ish qilinmagan. Demoqchimizki, soʻz va ish birligi yetishmagan. Shavkat Mirziyoyev esa soʻzi va ishi bir rahbar. Shuning uchun ham mamlakatimizda juda qisqa fursatda katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Shuning uchun ham yangi Oʻzbekistonni dunyo tanimoqda, eʼtirof etmoqda.
Bekqul EGAMQULOV,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist.