Sud ekspertiza faoliyati boʻyicha yangi tadqiqot turlari joriy etiladi

    Mamlakatimizda 22 Fevral 2022 2177

    X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Markazida Adliya vazirligi rahbariyati ishtirokida sud ekspertiza faoliyatini takomillashtirish boʻyicha uchrashuv oʻtkazildi.

    Unda Markaz tomonidan 2021-yil davomida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalari atroflicha muhokama etildi.

    Markazning sud ekspertlik faoliyati, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish, norma ijodkorligi va aholining huquqiy savodxonligini oshirish, ilmiy tadqiqot ishlari, kadrlar bilan ishlash, xalqaro hamkorlik, jamoatchilik bilan aloqalar, sifat menejmenti faoliyati, axborotlashtirish sohasida hamda moddiy texnik taʼminot yoʻnalishlarida olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalari haqida Markaz direktori va masʼul xodimlari tomonidan maʼlumot berildi.

    Uchrashuvda sud ekspertlarining faoliyatini kasbiy layoqatliligi, oʻtkazilgan sud ekspertizalarining sifati va boshqa mezonlarga asosan reyting tizimida baholab borish boʻyicha xorijiy tajribani oʻrganish boʻyicha tegishli ishlarni amalga oshirish taʼkidlandi.

    Shuningdek, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning malakali sud ekspertiza xulosalariga boʻlgan ehtiyojlarini, ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda sud ekspertizaning yangi, shu jumladan Sud-soliq ekspertizasi va Oziq-ovqat mahsulotlarini tovarshunoslik ekspertizasi, tadbirkorlik subyektlarining boy berilgan foydasini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va boshqa tadqiqot turlarini bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish yuzasidan rejalar belgilab olindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.