Shu jihatlar eʼtiborga olinib, soʻnggi toʻrt yilda mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish boʻyicha muhim qadamlar qoʻyildi. Mazkur sohada yillar davomida yigʻilib qolgan muammoli masalalarni hal qilish borasida 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Oliy sudda maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, hududlarda maʼmuriy sudlar tashkil etildi. Bundan koʻzlangan maqsad — davlat organlari va mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi konstitutsiyaviy huquqni taʼminlash.
Oʻtgan qisqa davrda maʼmuriy sudlar hayotiy zarurat sifatida faoliyat koʻrsatishga haqli ekanini isbotladi. Birgina 2019-2020-yillar davomida maʼmuriy sudlar tomonidan 29,6 mingdan ziyod ish koʻrilib, ulardan qariyb 20,2 mingtasi yoki har uchtadan ikkitasi qanoatlantirilgan.
Jumladan, hokimlarning 2,6 mingga yaqin qarori noqonuniy deb topilib, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan. Yuqorida qayd etilganlardan koʻrinadiki, jamiyatimizda qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini taʼminlashda maʼmuriy sudlar muhim oʻrin tutmoqda.
Joriy yilda Prezidentimiz tomonidan sudlar faoliyatini raqamlashtirish, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligiga, sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash, sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Qonunchiligimizda eskidan qolgan “ishni qoʻshimcha tergov”ga qaytarish instituti tugatildi.
Jinoyat ishini qoʻshimcha tergovga qaytarish instituti butkul bekor qilinib, sud tomonidan ish boʻyicha barcha holatlar va dalillarga xolisona baho berilishiga zamin yaratildi. Natijada oqlov hukmlari koʻpaydi. Xususan, oʻtgan toʻrt yilda 2 ming 750 dan ortiq oqlov hukmi chiqarilgan.
2020-yilning oʻzida 763 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, 1 ming 610 nafar fuqaroga asossiz qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarildi va oʻzgartirildi.
Jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi islohotlar natijasida bu yil sudlangan shaxslarning 74 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlandi.
Jazo muddatini oʻtayotgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy kirgan 616 nafar fuqaro afv etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga joriy yilning 29-dekabrdagi navbatdagi Murojaatnomasida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar 2021-yilda izchil davom ettirilishi taʼkidlandi.
Bu haqda fikr yuritganda, davlatimiz rahbarining 2020-yil 24-iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratganini taʼkidlash lozim.
Joriy yilda inson huquqlari toʻla-toʻkis taʼminlanishi yoʻlida sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida beshta qonun loyihalari tayyorlandi. Ular parlamentning quyi palatasi tomonidan qabul qilinib, yaqinda Senatning oʻninchi yalpi majlisida maʼqullandi.
Hozirgi kungacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning oʻzida koʻrib chiqilar edi. Birgina 2019-yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan oʻzgartirilgan va bekor qilingan.
Davlatimiz rahbari tomonidan “bir sud — bir instansiya” tamoyilining ilgari surilishi sud qarorlarini qayta koʻrish tizimida yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarning hal qilinishida ayni muddao boʻldi. Taʼbir joiz boʻlsa, bu tamoyil ushbu tizimni tubdan koʻrib chiqishga asos soldi. Kelgusi yildan bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud tizimi yaratiladi.
Yaʼni, birinchi instansiya — tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar boʻyicha — viloyat sudlari, apellyatsiya instansiyasi — viloyat darajasidagi sudlar, kassatsiya instansiyasi — Oliy suddan iborat boʻladi.
Natijada sudlarda ishlarning yakuniy yechim topmasdan, qayta-qayta koʻrilishiga, fuqarolarning huquqlari buzilishi holatlariga, ayniqsa, ularning yillar davomida ovora va sarson boʻlib, sudma-sud yurishiga barham beriladi.
“Bir sud — bir instansiya” tamoyilining ilgari surilishi fuqarolar va tadbirkorlarning sud idoralariga nisbatan ishonchi oshishiga, sud qarorlarining barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Endilikda yangi yildan, viloyatlarda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlar asosida yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilmoqda. Bu oʻrinda viloyat darajasidagi 3 ta sud bitta sud sifatida birlashtirilishi xususida gap bormoqda.
Ushbu yangilik albatta, aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan, odil sudlovga xos boʻlmagan ishlarni nazorat tartibida koʻrish amaliyoti bekor qilinadi.
Kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bunda ishni toʻxtatish yoki tugatishga asos yetarli boʻlsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, oʻzining yakuniy qarorini qabul qiladi.
Yana bir muhim yangilik — investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Endi yirik investorlar, oʻz xohishiga koʻra, nizoni hal qilish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.
Sud tizimida raqamlashtirish yana-da kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, onlayn tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda.Shuningdek, fuqarolar oʻz arizalarining koʻrib chiqilishi jarayonini masofadan turib, kuzatib borishi mumkin boʻladi.
Sohadagi barcha islohotlarning asosiy maqsadi — jamiyatda adolat, qonun, odil sudlovni taʼminlash, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdir. Bugungi kunda bu borada sudyalar va sud xodimlari oldiga katta va oʻta masʼuliyatli vazifalar qoʻyilgan.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Oʻzbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari boʻlishi lozim.
Robaxon MAHMUDOVA,
Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari