Binobarin, ob-hayot taqchilligi sharoitida uni isteʼmol qilish va sarflashda tejamkor texnologiyalar qanchalik tez qoʻllanilsa, ommalashsa, shunchalik yaxshi.
Suv resurslari Markaziy Osiyo mintaqasida, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham yildan-yilga kamayib bormoqda. Demak, suvdan foydalanish madaniyatimizni oʻzgartirish, faoliyatda yangicha yondashuvlarni tatbiq etish biz uchun hayotiy zaruratga aylanmogʻi kerak. Bu boradagi ishlarni aslo kechiktirib boʻlmaydi.
Ayni paytda mamlakatimizdagi 70 foizdan ziyod ekin maydonlari eski usulda sugʻoriladi. Bunday sugʻorish tizimi davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “yerga nisbatan ham, suvga nisbatan ham vahshiylik”dir. Buni odamlar ongiga, madaniyatiga singdirish oʻta muhim.
Shu bois, Prezidentimizning saylovoldi dasturida ham ushbu masalagi alohida eʼtibor qaratilib, 2030-yilga qadar respublikamizdagi sugʻorma dehqonchilik qilinadigan barcha ekin maydonlarini toʻliq suv tejaydigan texnologiyalarga oʻtkazish, sohaga bozor mexanizmlarini keng tatbiq etish, bunday uskunalarni joriy etgan fermer va dehqonlarni ragʻbatlantirish mexanizmlarini yanada koʻpaytirish choralari koʻrilishi belgilandi.
Umuman, mamlakatimizda oldingi yillarda boshlangan va oʻz samarasini bergan tizim — suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha saʼy-harakatlar izchil davom ettirilmoqda.
Oʻzbekistonda 2019-yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmi yoʻlga qoʻyilgani, jumladan, subsidiyalar ajratilayotgani katta samara berib, klaster tashkilotlari va fermerlarni ragʻbatlantirmoqda. Misol uchun, 2019–2022-yillarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi korxonalariga jami 1 trillion 465 milliard soʻm subsidiya ajratilgan. Subsidiyalar ajratish mexanizmlari yildan yilga takomillashtirib borilayapti.
2022-yildan esa suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga subsidiya ajratish tizimi raqamlashtirildi. Bu kabi yengillik va qulayliklar mazkur yoʻnalishdagi ishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi, albatta.
Suv tejovchi texnologiyalarning afzalligi koʻp. Avvalo, bu usul davlat byudjetiga koʻp yuk boʻlib tushmaydi, asosan, suv isteʼmolchilarining oʻz mablagʻlari hisobiga barpo etiladi. U tufayli nafaqat suv, balki mineral oʻgʻitlar, yonilgʻi-moylash mahsulotlari, ishchi kuchi xarajatlari sezilarli darajada iqtisod qilinadi. Hosildorlik esa oshadi.
Mamlakatimizda hozirga qadar jami 473,5 ming gektar maydonda tomchilatib, 44,7 ming gektarda yomgʻirlatib, 18 ming gektarda diskret, 133,9 ming gektar maydonda boshqa suv tejovchi sugʻorish tizimlari joriy qilindi. 569 ming gektar ekin maydoni lazer uskunasi yordamida tekislandi. Natijada ularning qoʻrsatkichi 1,2 million gektarga yoki sugʻoriladigan umumiy maydonga nisbatan 28 foizga yetkazildi. Shu tariqa mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligi yil sayin ortib bormoqda.
Shu oʻrinda yurtimizda, umuman, jahon qishloq xoʻjaligida eng ommalashgan tomchilatib, yomgʻirlatib hamda pulsar sugʻorish usullariga batafsilroq toʻxtalib oʻtsak maqsadga muvofiq boʻladi, nazarimizda.
Tomchilatib sugʻorish tizimi jahonning qishloq xoʻjaligi taraqqiy etgan koʻpgina mamlakatlarida keng qoʻllaniladi. U jamoatchilik va ilmiy jihatdan intensiv texnologiya, deb tan olingan. Tomchilatib sugʻorishda suv oʻsimlikning ildiz qatlamiga bir tekisda yetib boradi. Natijada dalaning ekin atrofi bir xil namlanadi. Tuproqda ortiqcha namlik yuzaga kelmaydi.
Bu sugʻorish rejimida oʻsimlikning suvga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda suv beriladi. Mineral oʻgʻitlarni ham bevosita suvga qoʻshib berish mumkin. Tuproq qotmasligi bois texnika bilan ishlov berishga zarurat tugʻilmaydi.
Mavsum davomida har gektar maydon hisobiga 50–60 litr atrofida yonilgʻi-moylash mahsulotlari tejaladi. Yil davomida beriladigan oʻgʻitlar uchun xarajatlar tomchilatib sugʻorilganda 30 foizga kamayadi, vegetatsiya davrida beriladigan oʻgʻitlar uchun xarajatlar esa 50 foizgacha kamayadi. Ekinning oʻgʻitni oʻzlashtirishi 90 foizdan oshadi.
Tuprogʻi eroziyaga moyil yengil tuproqli, yer yuzasi notekis boʻlgan adir maydonlarida ham ekinlarni tomchilatib sugʻorish tizimidan foydalanish iqtisodiy jihatdan yaxshi samara beradi.
Yomgʻirlatib sugʻorish ekinlarni sunʼiy yomgʻir hosil qilish asosida sugʻorishga moʻljallangan usul hisoblanadi. Bunda sugʻorish quvurlar va yomgʻirlatuvchi maxsus muhandislik qurilmasi yordamida amalga oshiriladi. Sunʼiy hosil qilinayotgan yomgʻirning jadalligi sugʻorilayotgan dala tuprogʻining suv shimish salohiyatidan kamroq yoki unga teng boʻlishi lozim.
Yomgʻirlatib sugʻorishning samarasi sunʼiy hosil qilinayotgan yomgʻir tomchilarining oʻlchamlariga toʻla bogʻliq. Yaʼni yomgʻir tomchilari qanchalik mayda boʻlsa, sugʻorish shunchalik sifatli boʻladi. Tuproq yaxshi namlanadi, unda koʻlmaklar va suv oqimlari yuzaga kelmaydi, tuproq qotib qolmaydi.
Bunday sugʻorish uzoq muddat (tinimsiz) olib borilganda, tuproqda koʻlmaklar hosil boʻlishi mumkin. Buning oldini olish uchun yomgʻirlatgichlarning impulsli, yaʼni aylanib suv sepadigan turini qoʻllash tavsiya qilinadi. Oʻz oʻqi atrofida aylanib suvni uzib-uzib sepadigan yomgʻirlatgichlar eng koʻp tarqalgan moslama sanaladi.
Tuprogʻi gʻovak va suv oʻtkazuvchanligi kuchli maydonlarda chuqur ildiz otib ketmaydigan (popuk ildizli) ekinlarni, ayniqsa, sabzavot va dalaga yoyib ekiladigan ekinlarni yomgʻirlatib sugʻorish yaxshi samara beradi.
Tuprogʻi eroziyaga moyil yengil tuproqli, yer yuzasi notekis boʻlgan adirliklarda ham ekinlarni yomgʻirlatib sugʻorish tizimlaridan foydalanish iqtisodiy jihatdan yaxshi samara beradi.
Tez-tez kuchli shamol boʻlib turadigan va tuprogʻining suv oʻtkazuvchanligi past boʻlgan hududlarda esa yomgʻirlatib sugʻorishni qoʻllash tavsiya qilinmaydi.
Diskret (pulsar) sugʻorish usuli respublikamiz qishloq xoʻjalik ekinlarini suv bilan taʼminlashda zamonaviy avtomatlashtirilgan, yuqori samaradorlikka ega kompleks sugʻorish tizimi sanaladi. Ushbu tizimda sugʻorish manbasidan fermer xoʻjaliklari dalasiga suv yetkazib berishda yaroqlilik muddatini oʻtab boʻlgan ichki sugʻorish tarmoqlarida yoʻqotiladigan suvni tejash hamda suv yer osti yopiq quvur tizimi orqali yetkazib berilishi hisobiga 30 foizgacha tejaladi va sugʻorish samaradorligi ortadi. Bunda dalada yer osti va ustki quvurlar, gidrant, avtomatik boshqarish tizimi, nazorat oʻlchov asboblari oʻrnatiladi. Shu bilan birga, oʻqariqlar oʻrniga foydalaniladigan egiluvchan quvurlar hisobidan suv sarfi hamda suvchilar soni qisqarishi evaziga ish haqi tejaladi.
Bundan tashqari, keyingi paytlarda sohada kuchli shishuvchan va nam saqlovchi polimer (gidrogel)lar orqali, shuningdek, ekinlarni tuproq ostidan sugʻorish amaliyoti ham qoʻllanilmoqda.
Ayni paytga kelib yurtimizda suv tejovchi uskuna va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 50 dan ortgani hamda mazkur texnologiyalarni mahalliylashtirish 80 foizga yetkazilgani bu borada ehtiyojni qondirishga erishilayotganini anglatadi. Mahalliylashtirish hisobiga mahsulot tannarxi arzonlashib, valyuta iqtisod qilinmoqda. Shu bilan birga, hozir uskunalarni qoʻshni davlatlarga eksport qilish imkoniyati ham mavjud.
Sohada kadrlarni tayyorlash va ular malakasini oshirish maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universitetida “Suv tejamkor sugʻorish texnologiyalari” magistratura va “Suv xoʻjaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” bakalavr taʼlim yoʻnalishlari tashkil etildi.
Shu bilan birga, vazirligimiz tasarrufidagi kollejlarda “Suv tejovchi sugʻorish tizimiga xizmat koʻrsatish texnigi” kasb yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Yurtimizdagi barcha qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning suvdan tejab-tergab foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida Prezidentimizning shaxsan tashabbusi bilan Suv xoʻjaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti hamda masʼul tijorat banki hamkorligida “Suvchilar maktabi” loyihasi tashkil etildi.
Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida ushbu loyiha doirasida oʻquvlar tashkil etilib, klasterlar, fermer xoʻjaliklari, qishloq va suv xoʻjaligi sohasi vakillariga suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish, qishloq xoʻjalik ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan samarali foydalanish, sohaga doir innovatsion texnologiyalar, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrgatilmoqda.
Dauranbek KDIRBAYEV,
Suv xoʻjaligi vazirligi boʻlim boshligʻi