Yoʻqolib ketish xavfi yuqori kasblar roʻyxati bilan tanishar ekansiz, baʼzilarini koʻrib hayron qolasiz. Axir qanday qilib bu soha egalari ishini sunʼiy intellekt bajara olishi mumkin?
Meni hayratlantirgan bunday kasblardan biri — psixolog. Tadqiqotchilar fikricha, kelajakda psixologlar vazifasini ham sunʼiy intellekt bajarishi mumkin. Yaʼni sunʼiy intellektga umumiy holatingizni tushuntirasiz, u esa bularning barchasini chuqur tahlil qilib, sizga kerakli maslahatlar beradi. Shu oʻrinda kichik tajriba oʻtkazish fikri tugʻildi. Bir xil psixologik muammo bilan ham psixologga, ham sunʼiy intellektga murojaat qilib koʻrsak...
Ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻpchilikka tanish psixologlarni izladim. Ulardan biri bilan bogʻlanib, qabuliga yozilmoqchi ekanimni maʼlum qildim. Konsultatsiya uchun toʻlovlarni toʻlab, shundan keyin tajriba uchun oʻylab topilgan psixologik “muammo”ni yozib yubordim. “Muammo” quyidagicha edi:
“Umidsizlikka koʻp tushaman. Bu baʼzan alamzadalikka aylanadi. Qanday ish boshlamay, ana shu umidsizlik tufayli uni oxirigacha yetkaza olmayman. Holatim yaxshilanish oʻrniga tobora yomonlashib bormoqda. Mendagi bu muammodan faqat oʻzim emas, oila aʼzolarim ham aziyat chekyapti. Nima maslahat berasiz?”.
Psixologning javobi quyidagi mazmunda boʻldi:
“Qadrli mijoz!
Sizdagi bu holatni bartaraf etishning, albatta, imkoni bor. Biroq bu bir oz vaqt olishi mumkin. Eng avvalo, siz oʻzingizni tinglashni oʻrganishingiz lozim. Nima xohlaysiz, nimalarni xohlamaysiz, birinchi navbatda, shularni hisobga olish muhim.
Siz bu holatdan chiqish uchun maqsadlaringizni kichik-kichik boʻlaklarga boʻlib olishingiz lozim. Shunda ularning amalga oshishi osonlashadi. Kichkina yutuqlar esa ruhiyatingiz tiklanishiga, oʻzingizga ishonchingiz ortishiga sabab boʻladi.
Keyin oilangizni sevishni oʻrganing, ular siz uchun eng qadrli insonlar ekanini oʻzingizga qaytaqayta uqtiring. Natija, albatta, boʻladi.
Istasangiz, bu boʻyicha maxsus onlayn kursimiz ham bor. Yangi guruhga qabul davom etyapti. Qatnashish niyatida boʻlsangiz, xodimlarimiz siz bilan bogʻlanadi.
Savollaringiz boʻlsa, bemalol yozib yuborishingiz mumkin”.
Endi ayni shu “muammo”ga sunʼiy intellektning javobini oʻqiymiz:
“Siz his qilayotgan umidsizlik va alamzadalikning qanchalar ogʻir ekanini tushunib turibman. Bu histuygʻular hayotni qiyinlashtiradi, lekin siz ular bilan kurashishga, yengishga qodirsiz. Har qanday muammoga yechim topish uchun birinchi qadam uni tan olish va qabul qilishdir. Shuni unutmang.
Umidsizlik aksar hollarda insonni harakatsizlikka olib keladi va bu salbiy taʼsir koʻrsatadi. Siz boshlagan ishlaringizni tugallay olmayotganingiz sababi ham shu — ishni tugallashga intilganingizda ruhiy holatingiz, yaʼni umidsizlik sizga toʻsiq boʻlib turadi. Bu holatning bir necha sababi boʻlishi mumkin, masalan, ortiqcha qaygʻurish, ajratish kerak boʻlgan energiyani aniqlay olmaslik yoki har bir ishni boshlaganda shubha bilan qarash va boshqalar.
Shuning uchun ushbu holatni yaxshilashga yordam beradigan bir nechta asosiy qadamni koʻrib chiqishimiz kerak. Birinchidan, hadiklardan, qiyinchiliklardan qochish emas, balki ularga yuzmayuz qarash, jiddiy yondashish zarur. Oʻzingizga beeʼtibor boʻlmang, tavakkal fikrlardan qochmang. Bu vaqtda sizga atrofingizdagilar katta yordam beradi, shuning uchun oila aʼzolaringiz bilan ochiq muloqot qilishga alohida ahamiyat qarating. Ularning fikrlarini tinglab, birgalikda harakat qilish holatingizga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Ikkinchidan, har kuni nima boʻlishidan qatʼi nazar, kichikkichik qadamlar qoʻyishdan tortinmang. Shubhasiz, bu sizga boshlagan ishlaringizni tugallashga yordam beradi. Aslida, bir kunlik maqsadlarni belgilash va ularga erishish kichik qadamlar bilan qiyin ishlarni tugallash qobiliyatini shakllantiradi.
Toʻgʻri tushuning, har bir inson hayotida qiyin va murakkab davrlar boʻlishi tabiiy holat. Oʻzgarishga kech boʻlmasdan, ularni qabul qilib, hamisha oldinga qadam tashlashga eʼtibor bersangiz, oila aʼzolaringiz bilan birgalikda yanada quvonchli, tinch hayotga qayta erishasiz.
Agar bergan maslahatlarim foyda bermasa, sizga shifokor qabuliga borishni tavsiya qilaman. U bu ruhiy holatdan chiqib ketishga qoʻshimcha yordam berishi mumkin.
Yana yordam kerak boʻlsa, men hamisha tayyorman. Kuningiz yaxshi oʻtsin”.
Darvoqe, psixologning mijozlari koʻpligi bois, savollarimga 2 soatdan keyin javob qaytardi. Sunʼiy intellekt esa buning uchun 1 daqiqa sarfladi. Eslatib oʻtamiz, bu holatda biz ikkalasidan birini ustun qilib koʻrsatish fikridan yiroqmiz, xulosani oʻquvchining oʻziga qoldiramiz.
Sunʼiy intellekt bugun butun boshli tadbirkorlik rejalarini ham tuzyapti. Keling, uni bu jihatdan ham sinab koʻramiz. Eng birinchi, tajriba uchun toʻqilgan moliyaviy ahvolimizni oydinlashtiramiz. Demak:
“Biz uch kishi bozorda savdo doʻkoni ochib, tadbirkorlik sohasiga kirmoqchimiz. Asosan, oziqovqat mahsulotlari sotishni rejalashtiryapmiz. Umumiy sarmoyamiz — 90 million soʻm, yaʼni har birimizning ulushimiz 30 million soʻm. Savdo doʻkonining ijarasi — 5 million soʻm. Kommunal xarajatlar oʻrtacha 500 ming soʻm. Kundalik xarajatlar ham 5 million soʻmni tashkil etadi. Taxminimizga koʻra, bir kunda oʻrtacha 4 million soʻmlik mahsulot sotishimiz mumkin. Shundan foydamiz — 20 foiz. Endi aytchi, biz qanday qilib foydani taqsimlashimiz mumkin?”.
Sunʼiy intellektning javobini oʻqiymiz:
“Siz aytgan maʼlumotlarga asoslanib, biz foydani taqsimlashni oddiy tarzda amalga oshirib koʻrishimiz mumkin.
Kunlik foyda hisob-kitobi:
Savdo doʻkonining kunlik savdo hajmi oʻrtacha 4 million soʻm. Shundan foyda marjasi 20 foizligini hisobga olsak, sof daromad:
4000000 soʻm×0,20=800000 soʻm.
Foydani taqsimlash:
Foydani taqsimlash uchun har biringizning ulushingizni hisobga olishimiz kerak. Har biringizga 30 million soʻmdan boʻlgani uchun foyda teng ravishda taqsimlanadi. Demak, foydani 3 kishi oʻrtasida teng taqsimlasak, har biringizning foydangiz quyidagicha boʻladi:
800000 soʻm÷3=266 666,67 soʻm.
Demak, uchalangiz ham kunlik foydadan 266666,67 soʻmdan olasiz. Bu kelishuvingizga qarab oʻzgarishi mumkin, lekin aniq jadvalda shu tarzda hisoblasa boʻladi.
Xarajatlar:
Ijara xarajatlari — 5 million soʻm.
Kommunal xarajatlar — 500 ming soʻm.
Kunlik umumiy xarajatlar ham — 5 million soʻm.
Xarajatlarni hisoblash:
Ijara haqi: 5 million soʻm. Bu summani bir oy uchun hisoblaymiz, yaʼni 5 million soʻmni 30 kunga boʻlamiz:
5000000 soʻm ÷ 30=166667 soʻm (kuniga).
Kommunal xarajatlar: 500 ming soʻm (har oyda). Buni 30 kunga boʻlishimiz kerak:
500000 soʻm ÷ 30=16667 soʻm (kuniga).
Boshqa xarajatlar: 5 million soʻm. Buni ham 30 kunga boʻlamiz:
5000000 soʻm : 30=166667 soʻm (kuniga).
Shunday qilib, umumiy oylik xarajatlaringiz oʻrtacha 10 million 500 ming soʻm boʻlmoqda.
Endi oylik foyda va xarajatlarni taqqoslasak:
Oylik foyda: 24 million soʻm.
Oylik xarajatlar: 10 million 500 ming soʻm.
Sof daromad: 24000000 soʻm−10500000 soʻm=13500000 soʻm.
Umumiy foyda taqsimoti:
Umumiy oylik foyda 13 million 500 ming soʻm boʻlib, 3 odam oʻrtasida teng taqsimlanadi: 13500000 soʻm÷3=4500,000.
Shu tariqa har biringiz oy davomida 4 million 500 ming soʻmdan foyda olasiz.
Biroq bu hisob-kitoblarga toʻla ishonish toʻgʻri emas. Tashqi taʼsirlar natijasida bu koʻproq ham, kamroq ham boʻlishi mumkin.
Bunday vaziyatda eng toʻgʻri yoʻl savdoni optimizatsiya qilishdir. Bunda reklama bannerlari yasatib, koʻproq odamlarning eʼtiborini jalb qilish, mahsulotlar turini koʻpaytirish, talabgir mahsulotlarni aniqlashtirish va boshqa bir qancha yechimlar yordam berishi mumkin. Agar qoʻshimcha savollaringiz boʻlsa, men tayyorman”.
Ayni shu masala bilan soha mutaxassislariga murojaat qilganimizda esa buning uchun alohida daromad strategiyasi tuzish lozimligini maʼlum qildi. Shubhasiz, buning ham belgilangan xizmat narxi bor ekan.
Yana takrorlaymiz, biz bu kichik tajribalarimiz orqali qaysidir tomonni ustun koʻrsatish fikridan yiroqmiz. Shunchaki, bu orqali sunʼiy intellektning rivojlanib borayotgan imkoniyatlaridan bir nechtasini koʻrsatishni maqsad qilganmiz.
Sunʼiy intellektning nihoyatda tez rivojlanayotgani barchamizni sergaklikka chorlashi kerak. Nima kasb tanlayapmiz, nima ish bilan mashgʻulmiz, qilayotgan ishimizning vazifalari kelajakda sunʼiy intellekt bilan oʻzaro kesishadimi — shu jihatlarni chuqur tahlil qilishning ayni vaqti. Sababi dunyoning eng nufuzli tadqiqot markazlari sunʼiy intellektning kelajagi haqida statistikalarni allaqachon eʼlon qila boshlagan.
Masalan, Goldman Sachs hisobotiga koʻra, sunʼiy intellektning Rivojlanishi sabab yaqin kelajakda dunyo boʻyicha 300 million kishi ishsiz qolishi mumkin.
Davlatimiz tomonidan sunʼiy intellektni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Uning imkoniyatlarini oʻz vaqtida toʻgʻri baholay olganimiz quvonarli hodisa. Eng muhimi, oldimizga qoʻyilgan vazifalarni aniq, samarali bajarishimiz, kundalik hayotimizni ham shunga moslashtirib borishimiz lozim.
Jonibek ALIJONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri