Surxondaryolik yosh innovatorlar koʻzi ojizlar uchun “aqlli hassa” yaratdi

    Surxondaryolik aka-uka Mashxurbek va Abdumalik Qarshiyevlar hamda ularning singlisi Muharram oddiy hassani innovatsion “aqlli hassa” ga aylantiradigan noyob qurilma yaratdi.

    Bu haqda UNICEF xabar berdi.

    Bu koʻrish qobiliyati boʻyicha nogironligi boʻlgan insonlarga koʻproq mustaqil harakatlanish va jamiyat hayotida ijtimoiy faol boʻlishga yordam beradi.

    “Aqlli hassa” texnologiyasi koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan odamlarning mustaqil harakat qilish imkoniyatini oshirishga, ularning jamiyatda faol boʻlishlariga qaratilgan. U ovozli yordamchi, akselerometr va kompas hamda doimiy yangilanib turadigan funksiyalarni oʻz ichiga oladi.

    “Elektron gapiradigan aqlli hassamiz uchun turli sensorlar, xususan, toʻsiqlarni aniqlash uchun ultratovushli sensorlardan foydalandik”, - deydi Abdumalik.

    Jamoa ixtirosi foydalanuvchiga doimiy koʻmak beradi, toʻsiqlar haqida ogohlantiradi va qorongʻida oʻz yorugʻligi orqali boshqalarga foydalanuvchini koʻrsatishga yordam beradi.

    Oʻzbekistonda oʻziga xos mazkur innovatsion hassa 1-2 metr masofadagi toʻsiqlarni aniqlash uchun ultratovushli masofani aniqlash texnologiyasidan foydalanadi, bu esa foydalanuvchini tebranish va tovush orqali ogohlantiradi. GPS funksiyasi foydalanuvchining qayerda ekanligini aniqlaydi va u yoʻqolib qolgan boʻlsa, aqlli hassani kuzatish imkonini beradi. Hassa ustidagi reflektorlar yordam kerakligini yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga bildiradi.

    “Har bir inson boshqalar bilan teng munosabatga loyiqdir. Diskriminatsiyani odamlar oʻzlari yuzaga keltiradilar. Keling, jamiyatimizda hammaga nisbatan adolatli munosabatda boʻlishiga ishonch hosil qilish uchun birgalikda harakat qilaylik”, - deb taʼkidlaydi Muharram.

    Aqlli hassa koʻrish qobiliyatida muammosi boʻlgan odamlar hayotida haqiqiy oʻzgarish yaratib, ularda harakatchanlik, mustaqillik, ishonch va qadr-qimmatni oshiradi hamda ijtimoiy-iqtisodiy ishtirokni oshirishga yordam beradi.