Suzish sport turi boʻyicha “Silk Water” xalqaro turniri oʻtkaziladi

    “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-382-son, 04.11.2024) qabul qilindi.

    Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Qarorga koʻra, zarur sport infratuzilmasi mavjud boʻlgan olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida suv polosi va sinxron suzish guruhlari tashkil etiladi.

    Andijon hamda Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida suvga sakrash sport turini yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti “Suv sporti turlari nazariyasi va uslubiyoti” hamda “Eshkak eshish sport turlari nazariyasi va uslubiyoti” kafedralari tashkil etiladi.

    2025-yildan boshlab har yili quyidagi sport musobaqalari oʻtkazib boriladi:

    — sinxron suzish sport turi boʻyicha Toshkent shahrida “Suv parisi” xalqaro turniri;
    — suzish sport turi boʻyicha Samarqand viloyatida “Silk Water” xalqaro turniri;
    — respublikaning barcha hududlarida yoz mavsumida oʻtkaziladigan “World Aquatics Day” ommaviy sport festivali;
    — suv sporti turlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionatlari.

    2025-yil 1-iyunga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy investorga beriladigan suv havzalari roʻyxati shakllantiriladi.

    2026-yil 1-yanvardan boshlab oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtkaziladigan suv havzalari faoliyati mazkur qaror asosida tashkil etiladi.

    2026-yildan boshlab tajriba tariqasida Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatidagi mahallalarda 6x15 metr oʻlchamli suzish havzalari barpo etiladi.

    Qaror bilan 2025–2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida suv sporti turlari infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha manzilli dastur tasdiqlandi.

    Shuningdek, 2025–2027-yillarda milliy terma jamoalar trenerlari, shuningdek, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida suv sporti turlari boʻyicha faoliyat yuritayotgan trenerlar xorijiy davlatlarga qisqa muddatli stajirovkaga yuboriladi.