Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi har oyda real sektor va xizmatlar sohasining ishbilarmonlik muhitini oʻrganish va hududlarda biznes-faollik monitoringi natijalari boʻyicha turkum axborot-tahliliy materiallarni nashr etadi. Biznes holatining qisqa muddatli sifatli baholanishi soʻrovlar va rasmiy statistik maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
Ishbilarmonlik muhiti indikatori monitoringda ishtirok etayotgan korxonalarni kelgusi uch oy ichida koʻrsatkichlar dinamikasi boʻyicha baholash asosida aniqlangan ishlab chiqarish va talabning joriy va kutilayotgan oʻzgarishlarini aks ettiradi.
Iyun oyida jamlangan ishbilarmonlik muhiti koʻrsatkichi may oyidagi koʻrsatkichga nisbatan 3 punktni yoʻqotdi va 57 punktni tashkil etdi, bu mamlakatdagi ishbilarmonlik muhitining holatini ijobiy deb baholaydi.
Ishbilarmonlik muhiti koʻrsatkichlari dinamikasi
May oyida oʻz biznesining hozirgi holatini “yaxshi” deb qayd etgan respondentlarning ulushi 40 foiz boʻlsa, iyun oyida ularning soni sezilarli darajada – 46 foizgacha oshdi.
Shu bilan birga, biznes holatining pessimistik tabiati bir xil darajada qolmoqda. Xususan, tadbirkorlarning 12 foizi oʻz biznesining hozirgi holatini “yomon”deb baholamoqda.
May oyi bilan taqqoslaganda, oʻz xodimlari sonini koʻpaytirgan korxonalar 1 foizga koʻp boʻlgan. Bu soʻrovda ishtirok etgan respondentlarning 24 foizi tomonidan aytilgan, 45 foiz respondentlar tovarlari /xizmatlariga boʻlgan talabning oʻsishini qayd etgan.
Jamlangan koʻrsatkichning pasayishiga sanoat sektoridagi salbiy dinamika sezilarli darajada taʼsir koʻrsatdi, bu yerda pasayish 13 ballni va qurilish sohasida 9 ballni tashkil etdi.
Aksincha, qishloq xoʻjaligidagi ishbilarmonlik muhitining koʻrsatkichi 51 punktdan 55 punktgacha oʻsdi va xizmat koʻrsatish sohasi 60 punktda oʻzgarishsiz qoldi.
Biznesning hozirgi holatining jamlangan koʻrsatkichi iyun oyida 4 punktga qisqardi va 42 punktni tashkil etdi, bu qurilish va sanoat tarmoqlaridagi hozirgi holatning yomonlashgani bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi hozirgi holatni 6 punktga yaxshilanib, 47 punktga yetganini qayd etishdi.
Kelgusi 3 oy ichida biznesni rivojlantirish istiqbollari boʻyicha kutilmalarning jamlangan koʻrsatkichi biroz pasayib, 75 punktdan 74 punktgacha tushdi. Umuman olganda, biznes kutilmalarining ijobiy xarakteri ishonchli tarzda saqlanadi.
Kompaniyalar talabning yanada yaxshilanishini va xodimlar sonining koʻpayishini kutmoqdalar. Shunday qilib, kelgusi 3 oy ichida oʻz biznesining umumiy ahvoli yaxshilanishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi 75 foizni tashkil etdi, 70 foizi tovar va xizmatlarga talabning yanada oshishini kutmoqda va 68 foizi xodimlar sonini koʻpaytirishni rejalashtirmoqda.
Umuman olganda, mavjud vaziyat koʻrsatkichlari va taxminlar oʻrtasidagi bogʻliqlik iqtisodiy rivojlanishning ijobiy tendensiyasi keyingi 3 oy ichida davom etishini anglatadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan har oyda chop etiladigan Oʻzbekistonning ishbilarmonlik muhitini oʻrganish ishbilarmonlik muhitining hozirgi iqtisodiy vaziyat va Oʻzbekiston iqtisodiyotining istiqbollariga nisbatan optimizmini namoyish etadi. 2023-yildan boshlab Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhiti koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vaqti-vaqti bilan Trading Economics axborot portalida eʼlon qilinadi.
Feruzbek Davletov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutxassisi