Tadbirli, uddaburon, o'zi va atrofdagilarning moliyaviy sharoitini yaxshilashga hissa qo'shadigan insonlarga nisbatan “tadbirkor odam-da”, degan so'zni doim ishlatib kelamiz. Ammo keyingi yillarda tadbirkor tushunchasi nafaqat tor doiradagi, balki dunyo talablari darajasidagi, o'zbek mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqadigan, keng turdagi faoliyat bilan shug'ullanib, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim o'rin tutadigan ishbilarmonlarga nisbatan qo'llanila boshlandi. Yangi O'zbekistonda tadbirkorlik yo'nalishi tom ma'noda yangi bosqichga ko'tarildi.

Ishbilarmon kishiga emin-erkin ishlashi uchun sharoit yaratib berilsa, uning faoliyati kengayib boraveradi. So'nggi yillarda yurtimizda tadbirkorlarga ana shunday sharoit bilan birga, keng imkoniyatlar, soha rivoji uchun katta sharoitlar yaratilmoqda. Natijada “tadbirkor bo'laman”, degan insonlar soni ortib, ular orasida xotin-qizlar, yoshlar safi ham tobora kengayib borayotgani quvonarli hol. eng muhimi, bugun katta-kichik davlat tashkilotlari tadbirkorlarni eshityapti, ularning muammolariga quloq tutib, yechimini beryapti.

Bu boradagi ishlar jadal davom etmoqda. Joriy yil 6-noyabr kuni yangi saylangan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag'ishlangan Oliy Majlis palatalari qo'shma majlisidagi nutqida milliy iqtisodiyot, uning o'sish sur'atlarini zamon talablari darajasida rivojlantirishda xususiy sektorni rag'batlashtirishga alohida e'tibor qaratilishini ta'kidladi. “Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo'llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo'lgan biznes muhitini va zarur infratuzilma yaratish bo'yicha boshlagan islohotlarimizni qat'iy davom ettiramiz”, dedi davlatimiz rahbari.   

Darhaqiqat, bu borada boshlangan islohotlar qisqa vaqtda yanada faollashdi, aslo sustlashmadi. Xususan, mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi arafasida Prezidentimizning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan o'tkazgan ochiq muloqoti katta voqelik bo'ldi, desak mubolag'a emas. Mustaqil O'zbekiston tarixida ilk bor kuzatilgan ushbu hodisada 600 ga yaqin tadbirkor, viloyat va tumanlardagi studiyalarda esa jami 10 000 ga yaqin ishbilarmonlar ishtirok etdi.

Kichik va o'rta biznesning so'nggi yillardagi o'sishini tahlil qiladigan bo'lsak, bugun tadbirkorlik sub'ektlari mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning tayanch omiliga aylangani rost. Prezidentimiz bu boradagi ko'rsatkichga alohida to'xtalib, “keyingi besh yilda 1,5 million tadbirkor faoliyatini tashkil etdik. Avval 400 mingta edi. Ular 5 million xalqimizga ish beryapti”, deya ta'kidladi.

Birgina misol, 2020-yilda O'zbekiston Respublikasi yalpi ichki mahsulotining 53,9 foizi kichik tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan yaratilgani holda, mazkur sohaning ulushi qurilishda 72,4 foiz, yo'lovchi tashish sohasida 93,9 foiz, qishloq, o'rmon va baliqchilik xo'jaligi tarmog'ida 97,0 foizni tashkil etdi.

Islohotlar jarayonida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qator muhim tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, qo'shilgan qiymat solig'ining 20 foizdan 15 foizga tushirilishi natijasida tadbirkorlik sub'ektlari ixtiyorida 2 trillion so'm mablag' qoldi.

Pandemiya davrida mahalliy tadbirkorlarga qo'shimcha sharoitlar yaratilgani yana alohida e'tirofga loyiq. 2020-yil 1-apreldan 1-oktyabrgacha yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal bazaviy summasi 50 foizgacha kamaytirildi yoki 111,5 ming so'mga tushirildi. Ushbu imtiyoz mamlakatimizda faoliyat ko'rsatayotgan 239 mingta yakka tartibdagi tadbirkorga deyarli 160,0 milliard so'm mablag'ni tejash imkoniyatini berdi.

Prezidentimizning 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga ko'ra, tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo'yicha to'lovlar 2020-yilning 1-oktyabriga qadar kechiktirildi. Tijorat banklarining to'lovi kechiktirilgan kreditlari miqdori 19,6 trillion so'mni tashkil etdi. 2021-yil 1-may holatiga shakllangan tashqi savdo operatsiyalari bo'yicha muddati o'tgan debitor qarzdorlik uchun xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga jarimalar qo'llash to'xtatildi.

Kredit olish osonlashdi

Sir emas, tijorat banklarining kreditlari tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalaridan biri sanaladi. Banklarning uzoq muddatli kreditlari hisobidan tadbirkorlik subyektlarining investitsion xarajatlari moliyalashtirilsa, qisqa muddatli kreditlari tadbirkorlik sub'ektlari aylanma mablag'larini to'ldirishning muhim moliyaviy manbai bo'ladi. Biroq kredit olishdagi sarsongarchiliklar odamlarni uzoq yillar qiynab kelgani rost. So'nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan kredit ajratish tizimining soddalashtirilishi natijasida minglab insonlar o'z tadbirkorlik faoliyatiga ega bo'la boshladi.

Raqamlarga to'xtaladigan bo'lsak, 2020-yilda kichik tadbirkorlik sub'ektlari, jumladan, aholining bandligini ta'minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadlari uchun 281 mingdan ortiq loyihaga jami 48,4 trillion so'm kredit mablag'lari ajratildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2018—2020-yillar davomida jami 15,7 trillion so'mdan ko'p imtiyozli kreditlar ajratildi va bu orqali 633 mingdan ziyod oilalar tadbirkorlikni yo'lga qo'yib, daromad topishga qaratilgan faoliyat bilan shug'ullanishiga zamin yaratildi. Boshqacha qilib aytganda, respublika bo'yicha o'rta hisobda har ming xonadonning 94 tasi ushbu dasturlar doirasida o'z tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'ydi.

Hisob-kitoblarga ko'ra, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kreditlarning 2,5 trillion so'mi (41 foizi) yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, 3,6 trillion so'mi (59 foizi) o'zini-o'zi band qiluvchi jismoniy shaxslar hissasiga to'g'ri keladi. Markaziy bankning rasmiy ma'lumotiga ko'ra, 2020-yilda xorijiy kredit liniyalari mablag'lari hisobidan tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub'ektlarining qariyb 17 mingta loyihasini moliyalashtirish uchun 2,9 milliard AQSH dollari miqdorida kreditlar ajratilgan.

E'tiborlisi, tadbirkorlik subyektlarini kreditlash jarayoni davlat tomonidan moliyaviy qo'llab-quvvatlanmoqda. Xususan, 2021-yil 1-maydan boshlab, Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi tomonidan Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan kichik tadbirkorlik subyektlariga milliy valyutada beriladigan kreditlar bo'yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun beriladigan kompensatsiyani, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolingan holda taqdim etish yo'lga qo'yildi. “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro'yxatga olingan fuqarolarga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 75 foizigacha, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan ortiq bo'lmagan miqdorda tijorat banklari kreditlari bo'yicha kafillik berish, tadbirkorlik sub'ektlariga bank kreditlari bo'yicha kompensatsiya va kafilliklarni kredit shartnomalari sonidan qat'iy nazar berish joriy etildi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2020-yil 13-oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko'nikmalariga o'qitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishni moliyaviy manba bilan ta'minlash maqsadlariga 100 million AQSH dollari ekvivalentida mablag' ajratishi belgilandi.

Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik sub'ektlarini kreditlash borasida bir qator dolzarb muammolar ham yo'q emasligini ta'kidlash joiz. Banklar tomonidan ajratilgan kreditlarning o'z vaqtida qaytmayotgani mavjud muammolardan biri. Tahlillarga ko'ra, birgina aktsiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan berilgan kreditlarning umumiy hajmida muammoli kreditlarning ulushi 2021 yilning 1 iyul` holatiga ko'ra, 15 foizni tashkil etdi. Davlatimiz rahbari 2021-yil 12-may kuni o'tkazilgan yig'ilishda muammoli kreditlar masalasining jiddiyligiga to'xtalib, “Sohalar kesimida sanoatda — 3 trillion so'm, savdo va xizmat ko'rsatishda — 2,1 trillion so'm, qishloq xo'jaligida 1,8 trillion so'm, qurilishda — 978 milliard so'm, transport va kommunikatsiyada — 547 milliard so'mlik muammoli kreditlar vujudga kelgan. Agar bu pullar iqtisodga qaytsa, qancha foyda bo'lardi? Bu pullar qaytishi hozir iqtisodiyotimizga havodek zarur. Bu yil iqtisodiyotimizga misli ko'rilmagan pul sarfladik”, deya ta'kidladi.

Tadbirkorlik sub'ektlarini kreditlash borasidagi dolzarb muammolardan yana biri — bu tijorat banklari kreditlarining foiz stavkalari yuqori ekanligidir. 2020-yilda tijorat banklari tomonidan milliy valyutada berilgan kreditlarning o'rtacha yillik foiz stavkasi 22,3 foizni tashkil etdi. Bu esa, sezilarli darajada yuqori bo'lgan foiz stavkasi hisoblanadi. Masalan, 2020-yilda milliy valyutadagi kreditlarning o'rtacha yillik foiz stavkasi Rossiya Federatsiyasida 6,8 foiz, Qozog'iston Respublikasida 11,8 foizni tashkil etgan. Respublikamiz tijorat banklari tomonidan milliy valyutada berilayotgan kreditlarning foiz stavkalarini yuqori ekanligi quyidagi ikki sabab — Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasining yuqoriligi hamda tijorat banklari tomonidan jalb qilinayotgan resurslarning qimmat ekani bilan izohlanadi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan uchrashuvda ana shu masalalarga e'tibor qaratib, eng dolzarb muammolarni tizimlashtirgan holda, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo'nalish bo'yicha chora-tadbirlar dasturini e'lon qildi. Dastur banklarning kapitalini oshirish bo'yicha qo'shimcha imkoniyatlar ishga solish, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb qilishidan qat'iy nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta — so'mda  va biznes vakillari uchun  maqbul foizlarda berish tizimining yo'lga qo'yilishi, Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag'lar hisobidan, banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoting bekor qilinishi kabi muhim masalalarni qamrab oladi.

Shuningdek, uchrashuvda joriy yil 1-oktyabrdan boshlab ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o'rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o'tkazib berilishi ham ta'kidlangan.

Mazkur masalalar bugungi kunda qator huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlanib, imtiyozlar oshib borayotgani yuzlab, minglab tadbirkorlarning og'irini engil qilmoqda. Endilikda, odamlar kichik va o'rta biznesda ishni qo'rquv bilan emas, balki qat'iy ishonch va katta maqsadlar bilan boshlayapti.

Ilhom Alimardonov,

TDIU Raqamli iqtisodiyot fakulteti dekani,

iqtisodiyot fanlari foktori