Tadbirkorlarni “Made in Uzbekistan” brendi ostida birlashtirayotgan tashkilot

    "Bugungi kunda hech mubolag'asiz, 7,5 milliard aholisi bo'lgan yirik jahon bozoriga kirib boryapmiz."

    Dengiz va okean yo'llari hali ochilmagan qadim davrlarda antik Rimdan to Yaponiyaning eski poytaxti Nara shahrigacha cho'zilgan muhtasham Buyuk Ipak yo'li Sharq va G'arbni bir-biriga bog'lab, savdo aloqalariga keng yo'l ochdi. Azim daraxtning shodasi kabi shoxlanib, har tarafga yoyilib ketgan bu ulkan yo'lning bir qismi Toshkent, Samarqand, Xorazm, Farg'ona orqali o'tib, G'arb tomonga eltuvchi ko'prik vazifasini o'tadi.

    Bugun ham O'zbekiston ana shu Buyuk ipak yo'lining markazida, jahon bozorining 20 foizini tashkil qilayotgan Xitoydan atigi 140 kilometr uzoqlikda joylashgani yurtimizga chet ellik investorlarning qiziqishini oshirib, mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal sur'atlarda rivojlanishiga zamin yaratmoqda.

    Xorij davlatlari bilan savdo aloqalari iqtisodiyot rivojida hamisha muhim o'rin tutadi. Bu an'ana eng qadimgi davrlardayoq kishilarning o'zaro tovar ayirboshlashi tarzida namoyon bo'lgan. Shu jihatdan, so'nggi yillarda mamlakatimizda jahon bozoriga chiqish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan chuqur sa'y-harakatlar olib borilmoqda. Bunda ayniqsa, tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash birlamchi vazifaga aylanib, ularni tizimli bajarish uchun bir qator davlat va nodavlat tashkilotlari faoliyati yo'lga qo'yilyapti. Joriy yil 10-fevralda Adliya vazirligi tomonidan ro'yxatdan o'tkazilib, yangi tashkil etilgan O'zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi ham o'z oldiga mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, chet davlatlardagi yirik korporatsiya va savdo tarmoqlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish kabi ustuvor vazifalarni qo'ygan.

    Tajribaga asoslangan tashabbus

    Bundan 1,5 yil oldin O'zbekistonda ilk bor Eksportchilar uyushmasi nodavlat tashkiloti ish boshlagan edi. Tuzilma qisqa vaqtda tadbirkorlar bilan ishlash, ularning muammolarini hal etish, kichik va o'rta biznes sohasiga endi qadam qo'ygan insonlarni qo'llab-quvvatlash, ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqishga ko'maklashishda yaxshigina tajriba orttirdi. Dunyoning 20 ta davlatida o'zining savdo vakolatxonalari, Amerika, Turkiya, Afg'onistonda savdo uylarini ochishga muvaffaq bo'ldi. Uyushma tajribasi asosida tuzilgan O'zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi o'zida 12 ta ana shunday mahalliy ilg'or assotsiatsiya va milliy markazlarni qonuniy birlashtirib, mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy kuchi bo'lgan tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan umumiy maqsad yo'lida harakatlana boshladi.

    Aslida, bunday tajriba dunyo amaliyotida keng ommalashgan. Ya'ni, bir qancha yirik tashkilotlarni birlashtiruvchi korporatsiya tashkil etib, ularning umumiy manfaatlarini himoya qilish yangilik emas. Masalan, Germaniyaning Sanoat federal Ittifoqi o'zida 100 mingdan ortiq kichik va o'rta biznes vakillarini birlashtirsa, Yaponiyaning “Keydanren” tuzilmasi 1329 ta yapon kompaniyalari, 109 ta sanoat uyushmalari, 47 ta iqtisodiy tashkilotlarni tarkibiga qamrab oladi. Bunda biznes sohasi vakillarining muammolari, taklif va tashabbuslari davlat idoralari yordamida hal qilinadi.

    O'zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasining oldiga qo'ygan asosiy vazifalardan biri xuddi Yaponiya va boshqa davlatlardagi kabi fuqarolik jamiyati, davlat hamda biznes sektorni birlashtirgan holda, ularning o'rtasida yakdil muloqot platformasini yaratish, bunda ishonchli vositachiga aylanish, har uchala tarmoqning umumiy mamlakat manfaatlari yo'lida harakatlanishini ta'minlashdan iborat. SHuningdek, tashkilot davlatimiz iqtisodiyotidagi o'zgarishlar, qonunchilik va davlat dasturlarida nodavlat biznes sektori vakillarining ishtirokini ta`minlash, ularning mahalliy va xalqaro huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar faoliyatidagi masalalarini yuqori davlat tashkilotlariga etkazishda ko'maklashadi. Shu maqsadda Assambleya qisqa davr ichida vazirliklar, turli davlat tashkilotlari bilan aloqalarni yo'lga qo'yib, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni echishda ular bilan hamkorlik qilmoqda. Tadbirkorlikka oid qonun, qarorlarni ishlab chiqishda ishbilarmon doira vakillarining bevosita ishtirokini ta'minlayapti. Zero, yuqoridagi uch tizim birlashsa, iqtisodiyot sohasi kuchli “drayver”ga aylanadi.

    Birlashgan o'zar...

    Iqtisodiyot haqida gap ketganida, ko'pchilikning hayoliga birdaniga “hisob-kitoblar” keladi. To'g'ri, iqtisodni hisob-kitobsiz tasavvur qilish qiyin. Ammo uning tag-zamirida boshqa asosiy maqsad — jamiyatning har bir a'zosi uchun yaxshi turmush sharoitini yaratish yotadi. Shu asosida iqtisodiyot rivojini ta'minlash, ishlab chiqarishni rivojlantirish, odamlarni ish bilan ta'minlash singari ikkilamchi maqsadlar kelib chiqadi. Ular jarayonda ayirboshlash, taqsimot, iste'mol sohasidagi ijtimoiy munosabatlar tarzida faollashadi.

    Bugun O'zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning asosida ham, avvalo, tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratish, erkin bozor iqtisodiyotini yo'lga qo'yish, sohada sog'lom raqobat muhitini shakllantirish yotibdi. Ana shu maqsadda ishbilarmonlarga keng imkoniyat, imtiyozlar berilyapti. Monopoliyaga qarshi qat'iy kurashish natijasida sohaga endi kirib kelayotgan tadbirkorlarda o'ziga ishonch, dadillik ortganiga guvoh bo'lyapmiz. Faoliyatini tadbirkorlarning a'zolik badallari hisobiga rivojlantirayotgan Iqtisodiyot Assambleyasi ham ishbilarmonlarning talabidan kelib chiqqan holda ish olib bormoqda.

    — Biz eng boshidan oldimizga avvalo, tadbirkorlarning ishonchini oqlash, qolaversa, ularning faoliyatini yanada kengaytirishga hissa qo'shishni maqsad qilib ish boshlaganmiz, — dedi Assambleya raisi Muxtor Umarov. — Bugungi kunda yurtimizda tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlaydigan ko'plab uyushma, tashkilotlar bor. Ana shularni birlashtirib, birgalikda, yakdil harakat qilishni ko'zlaganmiz. Pandemiya sharoitida globalizatsiya jarayonlari jadallashayotgan bir paytda biz tadbirkorlar yanada jipslashib harakat qilishimiz kerak. Hamon esimizda, 4-5 yil oldin mamlakatimizga xorijdan biror narsa olib kirish uchun 116 foizlik bojlar bo'lgan. Bu esa manaman, degan tadbirkorlarga ham og'irlik qilardi. Quvonch bilan aytishimiz mumkinki, hozir bunday boj to'lovlari yo'q. Yurtimizda so'nggi yillarda yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida O'zbekiston uchun yangi bozorlar ochila boshladi. Bugungi kunda hech mubolag'asiz, 7,5 milliard aholisi bo'lgan yirik jahon bozoriga kirib boryapmiz. Bu tadbirkorlik subyektlari uchun katta imkoniyat. Biroq bu bozorda o'rin egallash oson emas. Unda faqat kuchlilar, aqllilargina harakatlana oladi.

    Yana bir jihati, biz uzoq yillar davomida yopiq iqtisodiyot amaliyotida harakatlandik. Yuqori bojlar, soliq stavkalari tufayli faqat ichki bozorni rivojlantirish yo'lidan bordik. Natijada iqtisodiyot ulushida monopoliyaga aylangan ma'lum guruh tadbirkorlari ulushi ortdi. Biroq endi vaziyat mutlaqo o'zgardi. Jahon bozoriga ochiq holda integratsiyalashishimiz, ular bilan raqobatlashishimiz uchun sharoit yaratildi. Bu borada davlat rahbarining qat'iy siyosati tufayli bugun bozor barcha uchun birdek ochiq maydonga aylandi. Ayrim guruh tashkilotlargagina beriladigan alohida imtiyozlar qolmadi. endi bozorda sog'lom raqobat bor. Unda faqat kuchli, o'z ustida ishlaydigan tadbirkorlargina qoladi.

    Yangi bozorlarni zabt etayotgan o'zbek mahsulotlari

    Jahon bozoriga chiqish oson ish emas. Axir, holva degan bilan, og'iz chuchimaydi. Biroq yurtimizda oxirgi yillarda dunyo standartlariga mos sifatli mahsulotlar ishlab chiqarib, xorij davlatlariga etkazish borasida yaxshigina tajriba hosil bo'ldi. Buning hisobiga eksport hajmi ham oshib bormoqda. Garchi 2020 yilda pandemiya sabab eksport hajmi 13 foizga pasaygan bo'lsada, jahon banki statistikasiga ko'ra, joriy yilda O'zbekistonda eksport salohiyati 5 foizdan 7 foizgacha o'sishi kutilmoqda. Shu jihatdan, Prezidentimiz tomonidan eksport hajmini 20 foizga oshirish bo'yicha aniq topshiriqlar berilgan.

    O'zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi bu borada rejalar tuzib, shu asosida harakatlarni faollashtirgan. Bu borada ayniqsa, biznes koridorlari, xorij davlatlarida savdo uylarini tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ular orqali tadbirkorlar o'z mahsulotlarini hamkor davlatlar shourumlarida qo'yib boradi. O'sha erning o'zida hamkorlik shartnomalari imzolanib, biznes kelishuvlar amalga oshiriladi.

    — Eksport hajmini oshirish uchun biz savdo uylarini ochish, savdo koridorlarini shakllantirishimiz muhim, — dedi Muxtor Umarov. — Bilamizki, O'zbekiston geografik joylashuvi jihatidan O'rta Osiyoning markazidagi davlatlardan biri. Demak, bizda boshqa mamlakatlar uchun “Xab” vazifasini bajarish imkoniyati katta. Shu bois, savdo uylarini ochish bo'yicha ko'plab davlatlardan takliflar tushyapti. Xususan, Germaniyaning “Luno Group” kompaniyasi bilan imzolangan memorandum asosida Gamburg portida O'zbekiston mahsulotlari uchun hamda yurtimizda ular uchun savdo biznes uylarini ochishga kelishyapmiz. Ikkinchi koridor Rossiya Federatsiyasida bo'ladi. Uchinchi yo'nalish esa Turkiya davlatiga yo'naltiriladi. Hozirda turkiyalik hamkorlar bilan Istanbul shahrida O'zbekiston biznes uyini ochish bo'yicha kelishuvlar olib boryapmiz. Bu shahar bizga nafaqat Turkiya, balki Afrika bozorlariga ham yo'l ochadi. Ushbu davlatlarga katta oqimda yuklar harakatlanishi natijasida logistika xarajatlarini bir necha foizga pasaytirishga erishamiz. Bu borada hozirda biroz oqsayotgan nuqtamiz — raqamli iqtisodiyotni yo'lga qo'yishni ham maqsad qilganmiz.

    Ana shunday tashkilotlarning sa'y-harakati bilan yaqin va uzoq xorij davlatlarida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan quruq mevalar, qishloq xo'jaligi, tekstil, sanoat mahsulotlariga talab ortib bormoqda. Hatto, Amerika bozorida O'zbekistonning qurt mahsulotlari ham anchayin ommalashib ulgurdi. Tadbirkorlarimiz okean orti davlati xalqlariga avval tanish bo'lmagan bu mahsulot tezda ularning ta'biga o'tirganini mamnuniyat bilan ta'kidlamoqda. 1992-yildan buyon ichki bozorda o'z o'rnini egallab kelayotgan “Ermak” brendi ostidagi qurt mahsulotlari ham Amerika savdo do'konlarida ancha xaridorgir.

    — AQSHda osiyoliklar ko'p bo'lgani bois, ushbu davlatga 4-5 yildan buyon katta miqdorda qurt mahsulotlarini eksport qilyapmiz, — dedi “Vali Sarkor” MCHJ ish yurituvchisi Zafarjon Solixov. — Hamkorlarimiz har 2-3 oyda 1,5 tonna atrofida qurt va pista mahsulotlarini xarid qiladi. Mahsulotlarimiz qadoqlangan holda eksport qilingani bois ham talab yuqori. Bundan tashqari, mahsulotlar tabiiy xomashyodan tayyorlanib, ortiqcha qo'shimchalar bilan boytilmaydi. Shu jihatlari bilan jahon bozorida o'z xaridorlarini topmoqda.

    Korxonada tayyorlanadigan mahsulot xomashyosining asosiy qismi yurtimizdan olinadi. Sut Buxoro, Jizzax, Samarqand viloyatlaridan keltirilsa, pista Toshkent viloyati tumanlarida terib olinadi. Korxonada bir kunda 40-50 tonna sut qayta ishlanib, undan 2 tonnaga yaqin qurt olinadi. Sifat va narx asosiy ustunliklaridan bo'lgan korxonada 300 ga yaqin kishi ish bilan ta'minlangan.

    O'zbekistondan Xitoy bozorigacha...

    Jahon bozoriga chiqish tajribasiga ega ana shunday yirik korxonalar yurtimizda oz emas. Ammo ishni endi boshlagan kichik va o'rta biznes vakillariga bu borada yordam kerak bo'ladi. O'zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi ana shu vazifalarni o'z zimmasiga olgani holda, tadbirkorlarga xalqaro shartnomalar tuzish, ular uchun xorijda savdo muhitini yaratish, faoliyatlarini to'g'ri yo'naltirishda amaliy va nazariy ko'mak beradi. eng muhimi, tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilib, ularning savdo huquqi, shartnomalar tuzish shartlari, moliyaviy munosabatlarga kirishishda huquqiy saviyasini oshirishga yordamlashadi.

    Shuningdek, Assambleya o'z dasturiga ko'ra, xorijiy iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xalqaro ko'rgazma va biznes forumlar tashkil etish bo'yicha ham faoliyat olib boradi. Milliy brendlar yaratish, marketing, menejment va biznes doira vakillari uchun kasb bayramlarini tashkillashtirish ustida ishlaydi. Ayni paytda Assambleya qoshida xalqaro arbitraj sudi, mediamarkaz, tadbirkorlikka tayyorlash va malaka oshirish bo'yicha biznes akademiya, xorijiy bozorlarga chiqishga mo'ljallangan elektron platforma hamda IT bo'limlari ishbilarmon doira vakillariga xizmat ko'rsatmoqda. Xorij davlatlariga tashkil etilayotgan safarlar orqali esa tadbirkorlarga jahon tajribasini o'rgatish, yurtimizga chet ellik investorlarni jalb qilish ko'zda tutilgan.

    — Tashkilotimizda huquq, xalqaro savdo va menejment bo'yicha xorijlik maslahatchilar ish olib boryapti. Ular bilan avvalo, birinchi galdagi rejalarni aniqlashtirib oldik, — dedi Muxtor Umarov. — Tahlillarga ko'ra, jahonda ko'pgina tashkilotlar Xitoy bozoriga 1,5-2 oyda kirib boradi. Bordi-yu, ular ishlab chiqarishni O'zbekistonda amalga oshirsa, katta bozorga atigi 3 kunda kirib borishi mumkin. Mana shu jozibadorlikni amaliyotda sinab ko'rdik. Turk kompaniyalaridan biri bizda qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo'lga qo'ydi. Ochilganiga 3 oy bo'lmasdan, o'z mahsulotlarini juda katta hajmda Xitoy bozoriga eksport qilishni boshladi. Mebel ishlab chiqaruvchi yana bir xorij kompaniyasi ham yurtimizda o'z filialini ochdi. Gap shundaki, nafaqat Xitoy bozori, balki Sobiq Ittifoq davlatlariga kirmoqchi bo'lgan tadbirkorlar uchun O'zbekiston qulay mamlakat hisoblanadi. Bu biz uchun ham yaxshi imkoniyat bo'lib, yurtimiz iqtisodiyoti va eksportini jadal rivojlantirib, yangi ish o'rinlari yaratishga yo'l ochadi.

    Aslida, ikkita insonning boshini birlashtirishning o'zi qiyin masala. Yangi tuzilgan Iqtisodiyot Assambleyasi esa yirik tashkilot va uyushmalarni “Made in Uzbekistan” brendi ostida birlashtirib, yurtimiz mahsulotlarini jahon bozorida ommalashtirish, tadbirkorlarning faoliyatini rivojlantirish, yangi ish o'rinlari yaratishga hissa qo'shish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish yo'lida ildam odimlamoqda.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri