Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 1 Avgust 2022 5483

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 14 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi PQ–127-son qaroriga muvofiq, shuningdek, taekvondo (WT)ni olimpiya sport turi sifatida ommalashtirish, yoshlar orasidan sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida:

    1. Quyidagilar 2022-2024 yillarda taekvondo (WT) sport turini (keyingi o‘rinlarda – taekvondo) rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

    taekvondoni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, iqtidorli sportchilarni, shu jumladan, sportchi-ayollarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;

    maktabgacha yoshdagi bolalarda taekvondoning “Pumse” (poomsae) yo‘nalishiga qiziqish uyg‘otish orqali nafas olish, xotira va konsentratsiyani yaxshilash, vestibulyar apparatni chiniqtirish kabi sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish, shuningdek, istiqbolda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda “Kids taekvondo” loyihasini ishga tushirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

    ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ko‘p bolali oilalar farzandlarining taekvondo bilan shug‘ullanishi uchun hududlarda “Taekvondo (WT) hamma uchun” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;

    zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida taekvondo bo‘yicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalarini tashkil etish, ularga maktab joylashgan hududdagi sport maktabi va boshqa muassasadan trener-o‘qituvchilarni jalb etish, shuningdek, o‘rta maxsus, professional hamda oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi va talabalari uchun taekvondo bo‘yicha fakultativ mashg‘ulotlarni joriy etish, taekvondo klublarini tuzish;

    taekvondo bo‘yicha xalqaro talablarga muvofiq zamonaviy sport majmualarini qurish, mavjud sport majmualarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan ta’minlash;

    hududiy terma jamoalarning asosiy tayyorgarlik markazlari sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yengil konstruksiya asosida quriladigan markazlar tashkil etish;

    taekvondoni o‘qitishning zamonaviy metodikalariga asoslangan ilmiy-uslubiy va o‘quv adabiyotlar bilan ta’minlash hamda tibbiy xizmatni rivojlantirish;

    mahalliy korxonalar tomonidan xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda taekvondo bo‘yicha xalqaro standartlarga mos zamonaviy inventarlar va jihozlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

    ommaviy axborot vositalarida sog‘lom turmush tarzining eng muhim tarkibiy qismi sifatida taekvondoni targ‘ib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajadagi axborot texnologiyalari va multimedia mahsulotlaridan foydalanilishini ta’minlash.

    2. Taekvondo (WT) sport turini 2022-2024 yillarda kengroq rivojlantirish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Quyidagilar dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

    sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan mablag‘lar;

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjeti mablag‘lari;

    sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, jamg‘armalar, klublar, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablag‘lari;

    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

    qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    3. Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasining 2023 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda:

    respublikaning barcha hududlarida 4 sentyabr – Butunjahon taekvondo куniгa bag‘ishlangan taekvondo festivali;

    taekvondo va parataekvondo bo‘yicha “G2” darajasidagi nufuzli “Uzbekistan Open” xalqaro turniri;

    taekvondo bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari, shuningdek, o‘rta-maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quvchi va talabalari o‘rtasida “Vazir kubogi” musobaqalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

    Sportni rivojlantirish vazirligi (Sh.Maxmudov) O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (O.Qosimov), O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi (M.Tashxodjayev), O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi (Sh.Tashmatov), Xalq ta’limi vazirligi (V.Rajapov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshqulov) bilan birgalikda:

    uch oy muddatda ushbu bandda ko‘rsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

    ushbu bandda ko‘rsatilgan taekvondo festivali va xalqaro turnirni 2023 yil 1 yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy
    tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritilishini ta’minlasin;

    taekvondo festivali va xalqaro turnirda mahalliy taekvondochilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan xalqaro darajadagi kuchli taekvondochilar, trenerlar va hakamlarning ishtirokini ta’minlasin;

    mazkur musobaqalarni o‘tkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

    Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Ibragimov) yuqoridagi musobaqalarni turistik marshrutlar ob’ektlari ro‘yxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb etish choralarini ko‘rsin.

    4. 2022-2024 yillarda taekvondo (WT) sport turini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    5. Sportni rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasining assotsiatsiya tizimida O‘zbekiston taekvondo akademiyasini (keyingi o‘rinlarda – Taekvondo akademiyasi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

    Belgilansinki, Taekvondo akademiyasi:

    Butunjahon “Kukkiwon” taekvondo akademiyasi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda yangi “leadership” imijini yaratish maqsadida tashkil etiladi;

    Mudofaa vazirliginiнг muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (tabiiy gaz, elektr, telekommunikatsiya, ichimlik va oqova suv tarmoqlari) mavjud ob’ektlaridan birida joylashtiriladi.

    6. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (O.Qosimov), O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi (Sh.Tashmatov):

    bir oy muddatda Butunjahon “Kukkiwon” taekvondo akademiyasining tavsiyalarini inobatga olib, Taekvondo akademiyasi joylashadigan aniq manzilni belgilasin;

    2023 yil 1 sentyabrga qadar Taekvondo akademiyasini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, qimmat bo‘lmagan, energiya tejovchi va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish ishlarini yakunlasin va foydalanishga topshirsin. Bunda, akademiyaning binosi va zarur infratuzilmasini barpo etish 2023 yildagi O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladi.

    Qurilish vazirligi (B.Zakirov) Taekvondo akademiyasini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazsin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat nazoratini o‘rnatsin.

    7. Quyidagilar Taekvondo akademiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

    taekvondo, shu jumladan, parataekvondo (WT) bo‘yicha sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish;

    taekvondo, shu jumladan, parataekvondo (WT) bo‘yicha professional, yuqori malakali sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni xalqaro talablar asosida tayyorlashga ko‘maklashish;

    taekvondo, shu jumladan, parataekvondo (WT) bo‘yicha o‘quv dasturlar va metodologiyani yangilash, yoshlarning tayyorgarlik jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

    mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar, master-klasslar, o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etish.

    8. Quyidagilar Taekvondo akademiyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

    O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi mablag‘lari;

    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

    xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

    qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    Taekvondo akademiyasi faoliyatini qo‘shimcha moliyalashtirish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari ham yo‘naltirilishi mumkin.

    Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Taekvondo akademiyasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

    9. Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov), O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi (Sh.Tashmatov) Qurolli Kuchlar tizimida taekvondoni ommalashtirish va rivojlantirish ishlarini amalga oshirsin, shu jumladan, harbiy xizmatchilar va xodimlar o‘rtasida turnirlar hamda musobaqalarni tashkil qilsin, ularni sport zaxirasi va terma jamoalar tarkibiga jalb qilsin.

    10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taekvondo bo‘yicha terma jamoalarning asosiy tayyorgarligi uchun 2023-2024 yillarda hududlarda 14 ta ixtisoslashtirilgan taekvondo markazini barpo etish va ularni zamonaviy sport inventarlari va uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.

    Belgilansinki:

    a) ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari iqtidorli yosh sportchilarni tanlab oladi hamda ularni kelgusida milliy terma jamoalarning asosiy va zaxira tarkibiga tayyorlab beradi, shuningdek, hududiy saralash musobaqalarini, klub chempionatlarini tashkil etadi va o‘tkazadi;

    b) quyidagilar ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablag‘lari;

    jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

    xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

    qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

    Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

    11. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) bilan birgalikda 2023 yil 1 yanvardan boshlab 3-ilovaga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarining jismoniy tarbiyasiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan sport turi – taekvondoga qiziqishini oshirish maqsadida taekvondo bo‘yicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalarini tashkil etsin, ularga maktab joylashgan hududdagi sport maktabi va boshqa muassasadan trener-o‘qituvchilarni jalb qilsin.

    12. 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Taekvondo va sport faoliyati” fakulteti huzurida Sportchilarni ilmiy-uslubiy va tibbiy-biologik ta’minlash muammolari laboratoriyasi tashkil qilinsin va uning faoliyati universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilsin.

    Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshqulov), Sportni rivojlantirish vazirligi (Sh.Maxmudov), O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi (O.Qosimov), O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi (Sh.Tashmatov) Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetida taekvondo bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida kasbiy ta’limni takomillashtirish, ilmiy, ilmiy-uslubiy bazani yaratish va yanada rivojlantirish choralarini ko‘rsin.

    13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:

    uch oy muddatda O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalariga tegishli shart-sharoitlarni yaratish, ularning moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish uchun ularga hududlardagi yirik tashkilotlar va homiylarni biriktirsin;

    O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalarida trener-yo‘riqchi lavozimini joriy etish orqali taekvondo yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarini bitirib, terma jamoaga jalb etilmagan yosh trener kadrlarni jalb etsin;

    taekvondoni ommalashtirish maqsadida yoshlar o‘rtasida tuman (shahar) va hudud miqyosidagi musobaqalarni muntazam ravishda tashkil qilsin;

    taekvondo bo‘yicha tashkil etiladigan mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va sport musobaqalarida hududiy sport jamoalari ishtirok etishini ta’minlasin.

    14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

    15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov, sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Sh.Sh.Maxmudov hamda O‘zbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi raisi Sh.R.Tashmatov belgilansin va ularga quyidagi vazifalar yuklansin:

    iqtidorli yoshlarni tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional taekvondochilar sifatida tayyorlash ishlarini samarali tashkil qilish va muvofiqlashtirish;

    hududlarda taekvondo infratuzilmasini barpo etish va kengaytirishga investitsiya va grant mablag‘larini jalb qilish, boshqa zarur chora-tadbirlarni ko‘rish;

    taekvondoni ta’lim muassasalari, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish orqali ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirish;

    taekvondo bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish, ushbu yo‘nalishda xalqaro va chet el tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalarini jalb qilish;

    2022-2024 yillarda taekvondoni rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga to‘laqonli erishish;

    ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini har yarim yilda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilish, zarur chora-tadbirlarni belgilash.

    16. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 29 iyul