Xususan, bugun Fargʻona davlat universitetida Oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov ishtirokida Xalqaro hamkorlik va turizm markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov markaz ish jarayoni bilan yaqindan tanishar ekan, jahonda yuqori nufuzga ega boʻlgan QS (Quacquarelli Symonds) va Buyuk Britaniyaning “Times Higher Education” xalqaro reytinglaridagi FarDU koʻrsatkichlari bilan qiziqdi.
“Yaqinda Times Higher Education - “THE” reyting agentligi eʻlon qilgan “Impact Rankings” yoʻnalishi natijalariga koʻra, 5 ta indikator boʻyicha FarDU TOP 500 universitetlar roʻyxatidan oʻrin egalladi,” – deydi universitetning Strategik rivojlanish va xalqaro reytinglar bilan ishlash boʻlimi boshligi Javohir Sultonov vazir bilan suhbat jarayonida.
Endilikda bu yangi markaz oliygoh va xalqaro maydonda yuqori nufuzga ega boʻlgan universitetlar hamkorligini taʻminlash, oliy taʻlimga eng samarali xorijiy taʻlim xizmatlarini tatbiq etish, viloyatda turizm salohiyati va jozibadorligini oshirishda amaliy va nazariy jihatdan koʻmaklashish, xalqaro akademik almashinuvlarni amalga oshirish kabi yoʻnalishlarda muhim vazifalarni bajaradi.
“Bundan tashqari, markaz huzurida FarDU Til oʻrgatish markazi va Tarjima markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu markazlarda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi taʻlim dasturlari orqali dunyoning eng rivojlangan oliy taʻlim muassasalarini bitirib qaytgan yetuk mutaxassislar ish olib bormoqda, markazimiz - oʻquv kurslari tashkil etish orqali universitet uchun xalqaro miqyosdagi kadrlarni yetishtirish, ularning xorijiy tillarni mukammal egallashiga koʻmaklashish hamda professor-oʻqituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, magistratura va bakalavriyat talabalarini milliy yoki xalqaro toifadagi til bilish darajasini aniqlovchi imtihonlarga tayyorlab borish vazifalarini amalga oshiradi,” - deydi tanishuv jarayonida rektor Bahodirjon Shermuhammadov.
Vazir jamoa bilan suhbatda ularga faoliyatni yanada kuchaytirish boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini berib borar ekan, Tarjima markazida sinxron tarjimonlar sonini oshirish zarurligi, tezkorlik bilan rivojlanib borayotgan ogʻzaki tarjima yoʻnalishida bu kadrlarning oʻrni yuqori ekanligini taʻkidladi.
Tanishuv davomida xorijiy tillarni oʻrgatish boʻyicha shakllantirilgan malakali kadrlar bilan oʻzaro samimiy muloqot olib borildi va ilgʻor, zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida oʻtkazilayotgan ingliz, rus, nemis, fransuz, koreys, xitoy, turk hamda yapon tillari darslari oʻrganildi.