Taʼlim sifatini baholashning taʼsirchan mexanizmlari joriy etiladi – Prezident farmoni loyihasi

    Ta'lim 14 Avgust 2020 2275

    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi joylashtirildi.

    Loyihada belgilanishicha, 2021-yil 1-yanvardan boshlab taʼlim sifatini nazorat qilish sohasida:

    taʼlim sifatini baholashning raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirilgan ichki va tashqi tizimlari joriy qilinadi;

    taʼlim sifatini ichki baholash taʼlim tashkilotlari tomonidan mustaqil tarzda shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosida oʻtkaziladi;

    taʼlim sifatini ichki baholash mexanizmlari taʼlim tashkilotlari tomonidan xalqaro standartlarga asoslangan holda joriy qilinadi;

    taʼlim tashkilotlari faoliyatini tekshirishning xavf-xatar tahliliga asoslangan tizimi joriy etiladi, tekshiruvlar qamrovi, davomiyligi va davriyligi taʼlim sifati yomonlashish xavf-xatari darajasiga qarab belgilanadi;

    taʼlim tashkilotlarini akkreditatsiyalashning institutsional (taʼlim tashkilotining davlat akkreditatsiyasi) va maxsus (yoʻnalish, mutaxassislik, ixtisoslik, kasb va kurs boʻyicha) shakllari joriy etiladi;

    maxsus shakldagi akkreditatsiya ehtiyojga koʻra institutsional akkreditatsiyaga qoʻshimcha ravishda Taʼlim inspeksiyasi tomonidan roʻyxati tasdiqlanadigan xalqaro tan olingan akkreditatsiya tashkilotlari yoki Taʼlim inspeksiyasi tomonidan oʻtkaziladi;

    maktabgacha va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinib, uning oʻrniga xavf-xatar tahliliga asoslangan saylanma tekshiruvlar orqali taʼlim sifatini nazorat qilish mexanizmi joriy etiladi;

    xalqaro reyting tashkilotlari standartlari hamda milliy reytingni aniqlash boʻyicha xalqaro tajriba asosida milliy reyting tizimi takomillashtiriladi, taʼlim tashkilotlarining taʼlim sohalari kesimida reytingi (subject ranking) joriy etiladi hamda ularning faoliyati natijadorligini qiyoslashda benchmarking (benchmarking) vositalaridan keng foydalaniladi;

    Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim sifatini xalqaro baholash (PIAAC, ICILS, ICCS, LANA va boshqa) dasturlarida ishtirokini kengaytirish orqali milliy baholash tizimi takomillashtiriladi;

    Inson kapitali indeksi (Human capital index) va boshqa nufuzli global reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasining mavqeini mustahkamlash yuzasidan idoralararo hamkorlik asosida chora-tadbirlar amalga oshiriladi.