Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Xalq ta'limi vazirligi va Rossiya ta'lim akademiyasining Ta'limni rivojlantirish strategiyasi instituti bilan hamkorlikda Jahon bankining READ dasturi doirasida “Ta'lim sifatini milliy va hududiy baholashning asosiy xususiyatlari. Rossiya tajribasi” mavzusida onlayn vebinar o'tkazildi.
Ta'lim sohasi tubdan yangilanayotgan O'zbekistonda ta'lim sifatini baholash bo'yicha xalqaro tadqiqotlarda, PISA, PIRLS, TIMSS va TALIS dasturlarida ishtirok etib, xalqaro reytinglarda yuqori o'ringa ega davlatlar tajribasini o'rganish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Rossiya Federasiyasida ham o'ziga xos tajriba shakllangan.
Vebinar Rossiya tajribasi misolida milliy baholash tizimini yaratish hamda mamlakat va hudud miqyosida ta'lim sifatini baholash tizimining ilmiy-metodik asoslari bo'yicha mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida tashkil etildi. Unda ta'lim sifatini baholashga doir xalqaro tajribani o'rganish, hududiy monitoring tadqiqotlari o'tkazish va uning natijalaridan ta'lim sifatini oshirishda foydalanish yuzasidan fikr-mulohazalar tinglandi.
— Ta'lim inspeksiyasi 2018 yildan buyon READ loyihasi doirasida rossiyalik mutaxassislar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda, — dedi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkenboev. — Ushbu hamkorlik doirasida Rossiyadagi Ta'limni rivojlantirish strategiyasi instituti bilan imzolangan shartnomaga asosan, xalq ta'limi tizimi vakillari ishtirokida seminar va treninglar tashkil etilyapti. Bugungi vebinardan ko'zlangan asosiy maqsad milliy baholash tizimini yaratishda Rossiya tajribasini o'rganish, milliy va hududiy miqyosda ta'lim sifatini baholashning o'ziga xos xususiyatlari, ta'lim muassasalarida erishilgan natijalarni mustaqil baholash vositalari bo'yicha keng ma'lumotga ega bo'lishdan iborat.
Vebinarda ta'kidlanganidek, 2019 yil davomida Jahon bankining READ dasturi doirasida Moskva, Toshkent va Samarqand shaharlarida seminarlar tashkil etilib, unda 2 800 dan ortiq tinglovchi ishtirok etgan, 20 nafar ma'muriy boshqaruv xodimi, 260 nafar fan o'qituvchisi malaka oshirgan. Joriy yilning 24-25 avgust kunlari rossiyalik mutaxassislar ishtirokida “Xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish — inson kapitalini rivojlantirish omili” mavzuida onlayn vebinar tashkil etilgan. Shu kunlarda bo'lib o'tayotgan vebinar ana shunday tadbirlarning mantiqiy davomi bo'lib, ishtirokchilarga yanada ko'proq ma'lumot berishga qaratilgan.
O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi fan va ta'lim masalalari bo'yicha hukumatlararo komissiyasi bayonnomasida Rossiya Maorif vazirligi, Fan va ta'lim sohasini nazorat qilish federal xizmati hamda O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o'rtasida o'zaro aloqalarni rivojlantirish belgilangan.
Jahon bankining Moskvadagi vakolatxonasi ta'lim yo'nalishi bo'yicha katta mutaxassisi, pedagogika fanlari nomzodi Tigran Shmis Jahon bankining READ dasturi ko'magida ta'lim sifatini baholash sohasida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, Rossiyaning ta'lim sifatini baholash bo'yicha etakchi tashkilotlari bilan hamkorlikda monitoring tadqiqotlari o'tkazish, o'quvchilarning amaliy ko'nikmalarini baholashga yo'naltirilgan sinov instrumentlarining milliy bazasini ishlab chiqish bo'yicha hamkorlik qilish xususida to'xtaldi.
Bugungi kunda Rossiyada ta'lim sifatini baholashning yagona tizimi shakllantirildi. Ushbu tizim mamlakatda ta'lim sifati to'g'risida to'liq tasavvurga ega bo'lish, maktablar faoliyatiga turli omillarning ta'sirini tahlil qilish va hisobga olish imkonini beradi. Buning vositasida maktablar o'zini o'zi baholaydi, mavjud muammolarni aniqlaydi, ota-onalar farzandlari bilimi to'g'risida kerakli ma'lumotlarga ega bo'ladi.
Vebinarda ikki tomondan ta'lim sifatini baholash sohasida faoliyat yuritayotgan mingga yaqin rahbar va mutaxassis, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalari, umumta'lim maktablari rahbarlari hamda o'qituvchilar ishtirok etdi.