Darhaqiqat, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti“ milliy tadqiqot universiteti 90-yillik taʼlim anʼanalariga ega, muhandislik, tabiiy fanlar, yer tuzish, qishloq xoʻjaligi iqtisodiyoti va marketing sohalaridagi yetakchi dasturlari bilan mashhur boʻlgan mintaqaviy tan olingan akademik va tadqiqot universiteti hisoblanadi.
Oliygoh Markaziy Osiyo va undan tashqarida suv, atrof muhit, energetika, qishloq xoʻjaligi, yer tuzish va qator muhim yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar, oliy taʼlim va ekspert maslahat xizmatlarini koʻrsatuvchi yetakchi oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi sifatida boy tarixga ega.
Universitet bitiruvchilari nafaqat mamlakatimiz boʻylab, balki Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi, Sharqiy Yevropa kabi boshqa mintaqa davlatlarida tadqiqot ishlarini amalga oshirib, turli lavozimlarda faoliyat yuritib, mamlakat va mintaqaning barqaror taraqqiyotiga katta hissa qoʻshib kelmoqda.
Bugungi kunda TIQXMMI sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, huquq va chet tillari kabi yoʻnalishlarda zamonaviy kafedralarga ega. Universitet tarkibida Buxoro, Qarshi va Olmata filiallari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari samarali faoliyat yuritmoqda.
90-yillik tarix, ilmiy salohiyat va islohotlarga mos rivojlanish TIQXMMIni milliy taraqqiyot yoʻlida muhim taʼlim maskaniga aylantirmoqda.
Tashkil etilgan anjumanlarda rivojlangan davlatlar elchilarining, nufuzli xalqaro agentliklar rahbarlarining hamda yuqori martabali hamkorlarning tabriklari davraga ayricha ruh baxsh etdi. Soʻzga chiqqanlar “TIQXMMI“ Milliy tadqiqot universitetining 90-yillik tajriba va ilmiy anʼanalarini yangi avlodga yetkazish, taʼlim va tadqiqot sohasidagi yuksak natijalarni jahon miqyosida targʻib qilish borasidagi fikrlarini eʼtirof etdilar.
Markaziy Osiyoda irrigatsiya, melioratsiya va qishloq xoʻjaligi sohalari boʻyicha ilk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida 1934-yilda tashkil etilgan ushbu dargoh, 2017–2021-yillarda Prezident qaroriga asosan Milliy tadqiqot universiteti maqomini oldi.
Konferensiyaga Belorus, Xitoy, Germaniya, Vengriya, Eron, Qozogʻiston, Malayziya, Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Tojikiston, Turkiya kabi davlatlardan mehmonlar tashrif buyurdi. Shu bilan birga, 11 ta elchixona – Germaniya, Vengriya, Xitoy, Rossiya, Avstriya, Tojikiston, Hindiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Fransiya va Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchilari va Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi direktori tashrif buyurdi.
Anjumanlar doirasida globallashuv sharoitida oliy taʼlim va ilm-fan tizimlarida yuzaga kelayotgan muammolar tahlil qilinib, ularning yechimiga yoʻnaltirilgan ilmiy yondashuvlar haqida fikrlar oʻrtaga tashlandi. Shuningdek, mintaqada oliy taʼlim va ilm-fan taraqqiyotining istiqbolli yoʻnalishlari, tajriba almashish va ularni amalga oshirish strategiyalarini muhokama qilindi. Global muhit, iqlim oʻzgarishi va ekologiya, yashil infratuzilmani rivojlantirish, yashil iqtisodiyot, melioratsiya va mexanizatsiya, sunʼiy intellekt, energiya samaradorligi, yer resurslarini boshqarish, tuproq unumdorligini oshirish, zamonaviy taʼlim texnologiyalari, ilmiy tadqiqotlar sifati kabi dolzarb masalalar borasida fikrlar almashildi.