Taʼlim sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlandi

    Shu yilning 7-avgust kuni Fargʻona politexnika institutiga Belarus Milliy texnika universiteti rektori Xaritonchik Sergey Vasilevich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

    Institutda delegatsiya vakillarini kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Ushbu marosimda Belarus Milliy texnika universiteti rektori Xaritonchik Sergey Vasilevich, BMTU xalqaro hamkorlik fakulteti dekani Shirvel Pavel Ivanovich, “Politexnika” sanatoriy-profilaktika muassasasi direktori Kusmerskaya-Myalik Nina Ivanovna, Transport universiteti Xalqaro taʼlim dasturlari fakulteti dekani Riskulov Alimjon Axmadjanovich, institut rektori Oʻktam Salomov, soha prorektorlari, fakultet dekanlari va ilmiy kengash aʼzolari ishtirok etdi.

    — Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Belarussiya oʻrtasidagi, ayniqsa oliy taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlik ancha rivojlandi, — deydi iinstitut rektori Oʻktam Salomov. — Bir necha yillardan buyon man shu universitet bilan hamkorligimiz ortidan koʻplab talabalarimiz Belarus Milliy texnika universitetida taʼlim olishni davom ettirmoqda. Qolaversa Belarus Milliy texnika universitetining talabalari ham bizga kelib amaliyot oʻtayotgani ham hamkorligimizning yanada rivojlanishiga zamin yaratmoqda.

    Tadbir davomida Belarus Milliy texnika universiteti rektori Xaritonchik Sergey Vasilevichga fan va taʼlim sohasidagi koʻp yillik oʻzaro samarali hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga, respublikamizda texnika oliy taʼlim rivojiga qoʻshayotgan ulkan hissasi eʼtirofi sifatida Fargʻona politexnika instituti “Faxriy professori” unvoni berildi.

    Shuningdek, delegatsiya vakillari institutning shakllanish va rivojlanish tarixi aks etgan muzey faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.

    Shundan soʻng, ikki oliygoh rasmiylari ishtirokida kelgusidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan muzokara boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar davomida taʼlim va ilm-fan sohasidagi istiqbolli rejalar, shuningdek hamkorlikning yangi yoʻnalishlari boʻlgan hamkorlikda oliy muhandislik maktablari va spin off korxonalarini tashkil etish masalalari keng muhokama qilindi.

    Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya vakillari institutda mavjud ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan markaz va spin off korxonalar faoliyati bilan tanishishdilar.


    Hamkorlik materiali